Buxorolik imom-xatiblar Termizda malaka oshirdi
Termiz shahridagi Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Buxoro viloyati imom-xatiblari uchun oʻquv-seminar tashkil etildi.
Termiz shahridagi Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Buxoro viloyati imom-xatiblari uchun oʻquv-seminar tashkil etildi.
Prezidentimiz gʻoyasi asosida barpo etilib, foydalanishga topshirilgan zamonaviy xalqaro markaz ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish barobarida mamlakatimiz islom dini xodimlarining malakasini oshirib, ularning bilimlarini boyitishga koʻmaklashmoqda.
Mazkur oʻquv-seminarda Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori oʻrinbosari J.Choʻtmatov qadim Termiz shahrining Islom dunyosida tutgan oʻrni, Imom Termiziy, Hakim Termiziy va boshqa termiziylarning boy maʼnaviy-ilmiy meroslarining kalom, tafsir, tasavvuf va hadis ilmlari rivojidagi olamshumul hissasi, termiziy va buxoriy olimlar oʻrtasida azaldan oʻrnatilgan ustoz-shogird anʼanalari haqida batafsil maʼlumot berdi. Oʻz zamonasida Muhammad Hakim Termiziy va Bahouddin Naqshband, Imom Buxoriy va Imom Termiziylar oʻrtalarida shakllangan maʼnaviy ustoz-shogirdlik munosabatlari toʻgʻrisida atroflicha fikr almashildi.
Markaziy Osiyoda hanafiy mazhabining tarqalishida Termiz va Buxoro shaharlarining oʻrni beqiyos boʻlgani qayd etilib, endilikda bu boradagi ilmiy-tarixiy manbalarni ham chuqur oʻrganishni hayotning oʻzi taqozo etayotgani xususida soʻz yuritildi.
Oʻquv mashgʻulotlar chogʻida, shuningdek, joriy oʻquv yilidan ish boshlagan Termiz shahridagi Imom Termiziy oʻrta maxsus islom taʼlim muassasasi direktori Sh.Umarov Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Imom Termiziy oʻrta maxsus islom taʼlim muassasasining tashkil etilishi, maqsad va vazifalari haqida yetarli maʼlumot berdi.
Seminar yakunida ishtirokchilar markaz xodimlari va oʻquvchilarga yaratilgan zamonaviy sharoitlar hamda markazda qisqa vaqtda tarjima qilingan qator ilmiy-ommabop nashrlar bilan yaqindan tanishdi. Xorijiy va mahalliy ilmiy markazlar bilan oʻrnatilgan hamkorlik aloqalari haqida yetarli tasavvurga ega boʻldi. Viloyatdagi muqaddas qadamjolarni ziyorat qildi.