Vatanimiz tarixidagi 19 may sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1410 yil (bundan 615 yil oldin) – temuriylar hukmdori Shohrux Mirzo O‘tror noibi, Amir Temurning sobiq lashkarboshisi Shayx Nuriddin isyonini bostirish uchun saltanat poytaxti Hirot shahridan yo‘lga chiqdi. Mazkur voqeani tarixchi Fasih Ahmad Xavofiy quyidagicha qayd etadi: “Oliy Hazrat xoqon tabarruk muharram oyining o‘n to‘rtinchi kunida (milodiy 1410 yil 19 mayda) Samarqand tomonga ko‘rnamak Shayx Nuriddin ko‘targan qo‘zg‘olonni bostirish uchun jo‘nadi. Marv nomli joyga Samarqand zodagonlarining, ular shaharni saqlayotganlari to‘g‘risidagi bayonnomasi keldi”.
1919 yil (bundan 106 yil oldin) – Turkiston Respublikasi Adliya xalq komissarligi (vazirligi)ning yig‘ilishida sudyalar tayyorlaydigan qisqa muddatli kurslar ochish masalasi ko‘rib chiqildi. Tarixchi Dilshod Komolovning qayd etishicha, yig‘ilishda 1919 yil sentyabrdan boshlab barcha viloyat markazlarida shunday kurslar ochish, shuningdek, Adliya xalq komissarligi qoshida sudyalar tayyorlaydigan markaziy kurs tashkil etishga qaror qilindi.
1922 yil (bundan 103 yil oldin) – Anvar Posho Rossiya hukumatiga memorandum yuborib, unda 14 kun ichida Turkiston, Buxoro va Xorazm (Xiva)dan qizil armiyani olib chiqib ketishni talab qildi. Sovet hukumati bunga javob berish o‘rniga ikkita chora qo‘llaydi: Anvar Poshoni ingliz malayi va sharq xalqlarining dushmani deb targ‘ib-tashviq qilish, unga qarshi kurashda harbiy qudratni oshirish va kuchaytirish hamda barcha mahalliy va xorijiy amaldorlarning (Kommunistik partiya a’zolari, razvedkachilar va boshqalar) harbiy qudratini, maxsus bo‘linma a’zolarini safarbar etish.
1937 yil (bundan 88 yil oldin) – kinorejissyor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi Ali Hamroyev tavallud topdi. U o‘zining “Yor-yor”, birinchi o‘zbek film-operasi “Dilorom”, “Laylak keldi, yoz bo‘ldi”, “Qizil qum” kabi filmlari bilan tanilgan.
1938 yil (bundan 87 yil oldin) – fizik olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi Nazar To‘rayev tavallud topdi. U 1983–2000 yillarda Termiz universiteti rektori bo‘lgan. Nazar To‘rayev nazariy fizika masalalarini kompyuterda algoritmlab yechishni O‘zbekistonda birinchi bo‘lib amalga oshirgan. Uning rahbarligida lazer nuri bilan qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘larini nurlantirish ilmiy laboratoriyalari tashkil etilgan. U 1998 yilda “Mehnat shuxrati” ordeni bilan mukofotlangan.
1953 yil (bundan 72 yil oldin) – Sergey Yurenev boshchiligidagi olimlar Buxorodagi Masjidi Kalonda arxeologik qazishma ishlarini boshladilar. Kovlash ishlarining birinchi bosqichi 22 mayda yakunlandi. Buxoro tarixi aks etgan adabiyotlarda Masjidi Kalon qurilgan sana haqida aniq ma’lumot topolmagan Sergey Yurenev mazkur qazish ishlari orqali o‘z oldiga Masjidi Kalonning qurilgan yilini, yoshini va uning o‘rnida dastlab qanday bino bo‘lganligiga oydinlik kiritishni maqsad qilgan. Uning qayd etishicha, Masjidi Kalon o‘rnida birinchi ming yillikning birinchi yarmida Kushonlar manzilgohlari bo‘lgan. Birinchi masjid madaniy qatlamidan topilgan Kushonlar davriga oid ikkita sopol bo‘lagi buni tasdiqlaydi. Keyinchalik bu manzilgoh o‘rnida masjid qad ko‘targan.
Tadqiqotchi tarixiy ma’lumotlar va katta yoshli buxorolik aholi ma’lumotlariga asoslanib, Masjidi Kalon, Minorai Kalon bilan bir vaqtda 1127 yilda qurilgan degan xulosaga keladi. Yong‘in natijasida vayron bo‘lgan binoni birinchi masjid deb qayd qiladi. Madaniy qatlamdagi topilmalarga asoslanib yong‘in sodir bo‘lgan sanani XIII oxiri – XIV asr boshlari deb qayd qiladi. Buxoroning vayronaga aylantirilishi 1273 yil bo‘lsa, yetti yil davomida xaroba holida qolgan. Tadqiqotchining fikricha, ikkinchi masjid XIII asr oxiri, ya’ni 1280 yil yoki XIV asr boshlarida qurilgan. Sergey Yurenevning fikricha, ikkinchi masjid 100 – 150 yildan keyin buzilgan, bunga poydevorning mustahkam emasligi va cho‘kish sabab bo‘lgan. Keyinroq uning o‘rnida uchinchi masjid qurilgan.
2000 yil (bundan 25 yil oldin) – O‘zbekiston Fanlar akademiyasida Respublika Fanlar akademiyasi faoliyatini erkinlashtirish va isloh qilish masalalari yuzasidan umumiy yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
2017 yil (bundan 8 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “«Toshkent shahrida yer usti halqa metro liniyalarining qurilishi» loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2017 yil (bundan 8 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Xorazm viloyatidagi «Nurillaboy» tarixiy majmuasini rekonstruksiya va restavratsiya qilish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2020 yil (bundan 5 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda adliya organlari va muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
2021 yil (bundan 4 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi, O‘zA