Bu haqida Davlat kadastrlari palatasi Buxoro viloyati boshqarmasi axborot xizmati ma’lum qildi. Buxoro viloyatida 2023 yilning 1 yanvar holati ko‘ra, 3850 ming gektar yer maydonlari UZKAD tizimiga kiritildi. Bu viloyat umumiy yer maydonlarining 95.7 foizini tashkil qiladi.
Kadastr xodimlari tomonidan ijtimoiy soha obektlarini UZKAD tizimiga kiritilishi natijasida mazkur obektlarning elektron bazasi yaratilmoqda. Endilikda Buxorodagi maktablarning kadastr ma’lumotlari ham UZKAD tizimiga kiritilmoqda.
bugungi kunda viloyatda 586 ta umumta’lim maktab hamda uning filiallari mavjud. UZKAD tizimida mazkur maktablarning joylashgan manzillari, yer maydoni, maktabdagi binolar soni, yer fondi toifasi, kadastr raqami va shu kabi boshqa muhim ma’lumotlar joylashtiriladi.
– Davlat kadastrlari palatasi viloyat boshqarmasi tomonidan Buxoro viloyatidagi maktablarning mavjud kadastr ma’lumotlarini mazkur tizimga kiritish ishlari joriy yilning aprel oyidan boshlangan, – deydi Davlat kadastrlari palatasi Buxoro viloyati boshqarmasi ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘limi boshlig‘i Mirshod Shukrulloyev. – Hozirgi kunga qadar viloyatdagi 454 ta maktabning ma’lumotlari UZKAD tizimiga kiritildi.
Zarif Komilov, O‘zA