Buxorodagi 100 ta masjidda Hayit namozi o‘qildi
Buxoro viloyatida ham Prezidentimizning 2021 yil 10 maydagi “Ramazon hayitini nishonlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida muborak Hayit bayrami yuksak saviyada nishonlanmoqda.
Erta tongdan viloyatdagi 100 ta jome’ masjidda Hayit namozi o‘qildi. Unda 116 ming nafardan ziyod namozxonlar qatnashdi.
Namoz amallari mavjud karantin talablari asosida tashkil etildi. Ochiq maydonda o‘qilgan namozlarda aholi uchun barcha qulay sharoitlar yaratildi. Masjidlar atrofi obodonlashtirildi.
Barcha masjidlar binolari dizenfeksiya qilindi. Namozxonlar tana harorati pirometr orqali o‘lchangan va antiseptik vositalar bilan dizenfeksiyalangan holda tibbiy niqob bilan kirishlari ta’minlandi. Masjidlarda ijtimoiy masofalanishni (1,5-2 metr) saqlash maqsadida ibodat joylariga maxsus belgilar qo‘yildi.
Hayit bayrami arafasida “Vaqf” xayriya fondi, shuningdek, tashabbuskor homiylar tomonidan 2 ming 204 nafar kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan oilalar va ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarga 354 million so‘mlik, 45 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, mehnat faxriylariga 10 million 192 ming so‘mlik yordam ko‘rsatildi. “Mehribonlik” va “Muruvvat” uylarida 43 million 312 ming so‘mlik xayriya tadbirlari amalga oshirildi.
Shuningdek, 22 ta muqaddas qadamjo hamda 400 dan ortiq qabriston obodonlashtirildi.
[gallery-2399]
Zarif Komilov,
Tohir Istatov (surat), O‘zA