Buxoroda yosh polvonlar bellashmoqda
Yurtimizda milliy sport turlarini rivojlantirish, ayniqsa, yosh avlodni sog‘lom va barkamol tarbiyalash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Shu ma’noda, kurash sportini ommalashtirish, iqtidorli yoshlarni kashf etish va ularni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan nufuzli musobaqalar muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Buxoro olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida kurash bo‘yicha U-15 yosh toifasidagi o‘smirlar (o‘g‘il-qizlar) o‘rtasida O‘zbekiston chempionatiga rasman start berildi. Mazkur musobaqa respublikamizning barcha hududlaridan kelgan iqtidorli yosh polvonlarni bir maydonga jamlab, ularning mahorat va salohiyatini namoyon etish uchun katta imkoniyat yaratmoqda.

Chempionatning tantanali ochilish marosimida viloyat hokimi, Kurash federatsiyasi viloyat bo‘limi rahbari Botir Zaripov ishtirok etib, musobaqa qatnashchilarini samimiy qutladi. Hokim mamlakatimizda milliy sport turlarini, xususan kurashni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar yuksak natijalar berayotganini ta’kidladi. Shuningdek, barcha ishtirokchilarga omad, halol kurash va munosib g‘alabalar tiladi.

Tadbir davomida kurash sportini rivojlantirishga qo‘shayotgan salmoqli hissasi uchun Botir Zaripov hamda viloyat prokurori Ulug‘bek Hamdamov Kurash federatsiyasi tomonidan tantanali ravishda taqdirlandi. Bu esa hududda sportni qo‘llab-quvvatlash va uni yanada ommalashtirishga bo‘lgan e’tiborning yana bir ifodasidir.

Musobaqa doirasida turli vazn toifalarida qizg‘in va murosasiz bellashuvlar bo‘lib o‘tmoqda. Ayniqsa, final bahslari tomoshabinlarda katta qiziqish uyg‘otib, sport bayramiga xos ruhni yaqqol namoyon etmoqda. G‘olib va sovrindorlar munosib ravishda diplom, medal hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanmoqda.

Ma’lum qilinishicha, mazkur chempionat joriy yilning 16-apreliga qadar davom etadi va u yosh sportchilar uchun katta tajriba maktabi vazifasini o‘taydi.
Bunday musobaqalar nafaqat yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etadi, balki milliy qadriyatlarimizdan biri bo‘lgan kurash sportning nufuzini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.