Buxoroda yirik hisob qayd etildi
Futbol
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionati ayollar oliy ligasida 10-tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi.
Buxoro shahrida “Buxoro-Woman” jamoasiga qarshi o‘ynagan Jizzaxning “So‘g‘diyona-Woman” jamoasi raqibalariga hech qanday imkoniyat qoldirmadi. O‘yin 0:12 hisobida mehmonlarning yirik g‘alabasi bilan yakunlandi.

“So‘g‘diyona-W” klubining iqtidorli hujumchisi Diyoraxon Habibullayeva raqibalar darvozasini 8 marotaba ishg‘ol etib, joriy mavsumdagi o‘ziga tegishli bo‘lgan rekordni yangiladi. Mazkur mavsumda o‘tkazilgan 9 uchrashuvda Diyoraxon Habibullayeva raqibalari darvozasini 33 marotaba ishg‘ol etib, chempionat to‘purarlari orasida yakka peshqadam bo‘lib turibdi.
Shuningdek, ushbu bahsda mehmonlar darvozasiga kiritilgan gollarga “So‘g‘diyona-W”jamoasi legioneri Mariam Iddrisu (3 marotaba) va Dilrabo Asadova (1 marotaba) mualliflik qildi.

Ushbu turning qolgan bahslarida quyidagi natijalar qayd etildi: “Qizilqum-W” (Navoiy) – “Neftchi-W” (Farg‘ona) – 0:1, “Paxtakor-W” (Toshkent) – OKMK-W (Olmaliq) – 0:3, “Lokomotiv-W” (Toshkent) – “Bunyodkor-W” (Toshkent) – 1:0.

Bugun Qarshi shahrida “Sevinch-W” hamda Namanganning “Navbahor-W” jamoalari o‘rtasidagi bahs bilan 10-tur poyoniga yetadi.
Turnir jadvalida 9 uchrashuvdan 27 ochko jamg‘argan Qarshining “Sevinch-W” jamoasi yakka peshqadam bo‘lib turibdi. Shuncha o‘yindan 24 ochko jamg‘argan “So‘g‘diyona-W” ikkinchi pog‘onani band etgan.

A.Qayumov, O‘zA muxbiri