Buxoroda xayriya poygasi
Buxoroda “Vukhara night race” xayriya poygasi bo‘lib o‘tdi. Xalqaro tungi yugurish musobaqasi Prezidentimizning 2020 yil 26 maydagi “Madaniyat va san’at sohasining jamiyat hayotidagi o‘rni va ta’sirini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi farmoni ijrosi doirasida madaniyat va san’at muassasalarida inklyuzivlik muammaosiga jamoatchilik e’tiborini jalb etish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, madaniy turizmni rivojlantirish, respublika aholisini, jumladan, yosh avlodni faol sportga keng jalb etish maqsadida o‘tkazildi.
Xalqaro tungi poyga Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan Sportni rivojlantirish vazirligi va Buxoro viloyati hokimligi bilan hamkorlikda tashkil etildi. O‘zbekistondagi ilk tungi poyga ko‘hna va boqiy Buxoroda quyosh botayotib boshlandi.
Tadbir doirasida 5 va 10 kilometr masofaga yugurish, 5 kilometrga “Nordic Walking” hamda bolalarning 300 va 600 metrga “Kids Run” poyga masofalari mavjud bo‘ladi. Poyga asl Buxoroning diqqatga sazovor joy va ko‘chalari bo‘ylab o‘tuvchi nurafshon yugurish yo‘lagida bo‘lib o‘tdi.

Joriy yildagi poygadan ko‘zlangan maqsad muzeylarni ko‘rish qobiliyatida nuqsoni bo‘lgan kishilar uchun moslashtirishdan iboratdir. To‘plangan mablag‘larga audiogid, bo‘rtma surat hamda zarur anjomlar xarid qilinadi. Ishtirok etish badali tanlangan masofaga qarab 100 mingdan 150 ming so‘mgacha xarid qilishadi. Poygaga ro‘yxatdan o‘tish www.bukharanightrace.uz veb sahifasida joriy yilning 12 sentyabrgacha davom etdi. Ro‘yxatdan o‘tgan har bir ishtirokchi hadya sifatida tadbir belgisi aks etgan futbolka va xaltacha, tegishli masofalar marrasida belgilangan vaqtni uddasidan chiqa olgan har bir poyga ishtirokchilari esa esdalik medali sohibi bo‘lishadi. Ixtiyorga ko‘ra medalga o‘ymakorlik ishlovi berilishi mumkin.
Tadbir doirasida mehmonlar va ishtirokchilar uchun madaniy dastur tashkil etildi. Bundan tashqari, bolalar maydonchasi, ko‘chma tamaddi maskanlari hamda esdalik uchun suratga olish joylari tadbir qatnashchilariga xizmat qildi. Musobaqa bilan bog‘liq barcha favqulodda qiziqarli lahzalar sport suratkashlari tomonidan tasvirga olindi.

Ma’lumot uchun, Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi O‘zbekistonda madaniyat, san’at, adabiyot, teatr, musiqa, me’morchilik va xoreografiya sohalarini rivojlantirishga qaratilgan loyihalar tashabbuskoridir. U xalqaro madaniy aloqalarni yo‘lga qo‘ymoqda va mamlakatning madaniy salohiyatini jahon minbarlarida targ‘ib etadi.
Jamg‘armaning uzoq muddatli dasturlari sirasiga mamlakat madaniyat o‘choqlarida jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslarga bag‘rini keng ochuvchi va qulay muhitni yaratish, muzeylarni ko‘rkam qayta ta’mirlash, saxovatpeshalikni rivojlantirish hamda muzey, teatr va boshqa madaniyat muassasalari uchun kadrlar salohiyatini shakllantirishga ko‘maklashish masalalari kiradi.
Zarif Komilov,
Tohirjon Istatov (surat), O‘zA