Buxoroda xalq ta’limi tizimi: kecha va bugun
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi oldidan
Bugun har bir sohada ulkan o‘zgarishlar, yangilanishlar bo‘lmoqda. Xususan, xalq ta’limi tizimida ham keyingi yillarda salmog‘i o‘n yilliklarga teng tub burilishlar amalga oshirildi.
Ayniqsa, “Yangi O‘zbekiston – maktab ostonasidan boshlanadi”, degan g‘oya asosida umummilliy ta’lim-tarbiya tizimini tubdan isloh qilishga kirishilgani, Davlatimiz rahbarining “O‘zbekistonning yangi taraqqiyot davrida ta’lim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni, “Ta’lim-tarbiya tizimini yanada takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida izchil islohotlarning amalga oshirilayotgani kecha va bugun orasidagi tafovutni yanada yorqinroq aks ettirmoqda. Buni Buxoro viloyati xalq ta’limi tizimi faoliyati misolida ham ko‘rish mumkin.
Muallim nufuzi, salohiyati yuksaldi
Avvalo to‘rt yil ilgarigi maktab muallimi bilan bugungi kun o‘qituvchisining mavqeini bir solishtirib ko‘raylik.
O‘quv yili ibtidosi muallimning yozilmagan yillik ish rejasida paxta mavsumining boshlanishini belgilab berardi. Qahraton qishga qadar davom etadigan bu mavsumni o‘qituvchi o‘z o‘quvchilari bilan birga “yollanma terimchi” sifatida dalada o‘tkazardi. Biroq shu bilan uning “yollanmaligiga” yakun yasalmasdi. Qishda bir muddat o‘z kasbi bilan shug‘ullanishga imkon berilsada, shunda ham bir dunyo qog‘ozlardan ortib, o‘quvchilari uchun vaqt ajratolmay qolardi. Bahor boshlanishi bilan yana dala yumushlariga jalb qilinardi. Bundan tashqari, obodonlashtirish, qurilish ishlarida ham “dastyorlik” o‘qituvchilarning zimmasida edi. Bu xizmatlari uchun esa arzimagan maosh to‘lanardi. Muallimning obro‘yi, sha’ni, qadri haminqadar baholangani tufayli, aksariyat o‘qituvchilar ishini tashlab boshqa sohaga o‘tib ketdi. Tizimda erkak o‘qituvchilar deyarli qolmadi. Ta’lim sifati va samaradorligi, o‘qituvchilarning sifat tarkibi ham shunga mutanosib edi.
Bu raqamlarda aks etsa
2016 yilda viloyatdagi 536 ta umumta’lim maktabida 22 ming 871 nafar pedagog kadr asosiy shtatda va 687 nafari o‘rindosh sifatida faoliyat olib borgan. Pedagoglarning 19 ming 223 (84,4%) nafari oliy, 3 ming 648 (15,6%) nafari o‘rta maxsus ma’lumotli bo‘lib, 633 (2,7%) nafari oliy, 4 ming 48 (17,6%) nafari 1-, 9 ming 47 (39,5%) nafari 2-toifali, 9 ming 143 (39,9%) nafari esa mutaxassis malaka toifalariga ega bo‘lgan. Tizimda erkak o‘qituvchilar soni atigi 5 ming 486 nafarni tashkil etgan.
So‘nggi yillardagi izchil islohotlar samarasi o‘laroq ta’lim-tarbiya eng ustuvor masalaga, o‘qituvchi esa jamiyatning nufuzli va obro‘li vakiliga aylandi. Endilikda u faqat o‘quvchining ta’lim-tarbiyasi uchun mas’ul, xizmat doirasiga kirmaydigan boshqa barcha yumushlardan ozod. Kelajagi buyuk Yangi O‘zbekistonni barpo etishda asosiy tayanch hisoblanadi. Buning uchun o‘qituvchilarga ulkan imkoniyatlar yaratildi, qator imtiyozlar berildi.
– Qayerdaki, inson sha’ni, mehnati qadr topsa, o‘sha joyda yuksalish bo‘ladi, – deydi viloyat hokimining ta’lim va tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi, xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Dilfuza Mustafayeva. – Davlatimiz rahbarining 2020 yil 6 noyabrdagi “O‘zbekistonning yangi taraqqiyot davrida ta’lim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu boradagi muhim hujjat bo‘ldi. Farmonda jamiyatda muallimlarning obro‘-e’tibori va nufuzini yanada yuksaltirish, ularning mehnatiga munosib haq to‘lash, o‘qituvchilarni ortiqcha qog‘ozbozlikdan xalos etib, o‘z ustida ko‘proq ishlashi uchun sharoit yaratish va erishgan yutuqlarini rag‘batlantirish masalalari qonuniy belgilab berildi. O‘qituvchilarning oylik ish haqlari oshirildi, natijalariga qarab ustamalar belgilandi. 2021 yil davomida shahar va tuman xalq ta’limi bo‘limlari mudirlari va metodistlari, ilg‘or maktab direktorlari va o‘qituvchilardan iborat 341 nafar buxorolik pedagogga ham O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan “Sitorai Moxi Xosa” sihatgohida dam olish uchun bepul yo‘llanmalar berildi.
[gallery-2031]
– 35 yillik faoliyatimda ilk bor sanatoriyada dam oldim, – deydi Buxoro shahridagi 13-umumta’lim maktabi direktori Ziyoda Hojiyeva. – Bunga qadar salomatligimni tiklash uchun hech vaqt topolmaganman yoki vaqt bo‘lganida imkoniyatim yetmagan. Ochig‘i, mehnatimizning bunday qadr topishi, e’zozlanishi biz, muallimlarni benihoya quvontirdi. Sihatgohda biz uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Dam olish barobarida salomatligimizni ham tiklab oldik. Bu vujudimizga tetiklik baxsh etish bilan birga, bizni yanada shijoat va g‘ayrat bilan ishlashga undamoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, muallimning mehnati, qadri yuksaldi. Shunga munosib tarzda salohiyati ham yuksalib bormoqda.
Ayni paytda viloyatdagi 536 ta umumta’lim maktabida 329 ming 787 nafar o‘quvchi tahsil oladi. O‘quv jarayonini 28 ming 575 nafar pedagog olib bormoqda. Ta’lim sifati va samaradorligi ushbu jarayonni olib boruvchi pedagogning salohiyatiga bog‘liq. Shu bois ham ta’lim muassasalarini salohiyatli pedagog kadrlar bilan ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Pedagoglarning 26 ming 145 nafari, ya’ni 91,5 foizi oliydir. O‘z o‘rnida toifa nuqtai nazaridan ham ancha o‘sish kuzatilgan. O‘qituvchilarga berilayotgan imkoniyatlar tufayli viloyat xalq ta’limi tizimida erkak o‘qituvchilarning soni 2020 yilda 2016 yilga nisbatan 1 ming 612 nafarga oshib, 7 ming 99 nafarga yetgan. Bu ko‘rsatkich umumiy o‘qituvchilar soniga nisbatan 24,8 foizni tashkil etmoqda.
Umumta’lim maktablarida ta’lim-tarbiya sifati va samaradorligini, pedagog kadrlarning kasbiy mahoratini oshirish borasida 2021 yilning birinchi choragida 2 ming 58 nafar pedagog malaka oshirish kurslariga jalb qilindi. Shuningdek, barcha fanlar yo‘nalishida 165 ta tayanch maktabida 300 ga yaqin trener-o‘qituvchi faoliyat olib bormoqda. 22 ta o‘quv-amaliy seminar o‘tkazildi. Fan metodistlari tomonidan 54 ta metodik tavsiya, 95 ta namunali dars ishlanmasi va test topshiriqlari namunasi, 400dan ortiq dars taqdimoti tayyorlanib ta’lim muassasalariga yetkazildi.
2020-2021 o‘quv yili mobaynida 48 nafar o‘qituvchining ish tajribasi viloyatda, 30 nafar o‘qituvchining ish tajribasi Respublika miqyosida ommalashtirildi. Yana 14 nafar o‘qituvchining ishi Respublika ta’lim markazining ilmiy kengashi muhokamasiga taqdim etildi.
Fan o‘qituvchilarining kasbiy mahoratini oshirish borasida rus tili fanining o‘qitilish samaradorligini oshirishda “Klass” loyihasi doirasida 7 nafar rossiyalik, ingliz tili bo‘yicha “English Speaking Nation” loyihasi asosida 2 nafar amerikalik ekspertlar bilan hamkorlikda ish olib borilmoqda.
Joriy yilning mart oyidan ingliz tili fani o‘qituvchilarining salohiyatini oshirishga yo‘naltirilgan yangi loyiha ish boshladi. Loyiha jarayonida viloyat o‘qituvchilarining til bilish darajalari o‘rganilib, natijalar asosida ular bilan til bilish ko‘nikmalarini rivojlantirish va malaka oshirish ishlari olib boriladi. Buning samarasi o‘laroq, til bilish darajasini belgilovchi sertifikatlarga ega bo‘lgan o‘qituvchilar qamrovi 11 foizdan 30 foizga oshiriladi.
Imkoniyat bor joyda iste’dodlar yuzaga chiqadi
Nihol ham unumli tuproq, parvarish bo‘lgan joyda gurkirab o‘sadi, meva tugadi. Yoshlar ham xuddi shu nihollar kabi, mehr va e’tibor, g‘amxo‘rlik bor joyda har tomonlama barkamol bo‘lib ulg‘ayadi, o‘z iste’dodi, qobiliyatini to‘la namoyon etadi. Xalq ta’limi tizimida Buxoro viloyatida ham bu borada samarali ishlar amalga oshirilib, natijalar yanada yaqqolroq ko‘zga tashlanmoqda. Ayniqsa, oxirgi 2 yilda o‘quvchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratildi.
Iqtidorli o‘quvchilarni aniqlash va ularning qiziqishlari bo‘yicha chuqur bilim olishi uchun qulay shart-sharoit yaratish maqsadida ayrim fanlar chuqurlashtirib o‘qitiladigan maktablar tarmog‘i kengaytirilmoqda.
Jumladan, 2020 yil 7 mayda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Matematika sohasidagi ta’lim sifatini oshirish va ilmiy-tadqiqotlarni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Hujjatga muvofiq, 2020-2023 yillar mobaynida har bir shahar va tumanlarda bittadan matematika fanini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktablarni tashkil etish rejalashtirilgan. Buxoro viloyatida ham 2020 yilda 4 ta hududda matematika fanini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etildi.
Shuningdek, kimyo va biologiya fanlariga ixtisoslashtirilgan 3 ta maktab – Romitan tumanidagi 11-, Qorako‘l tumanidagi 43- va Jondor tumanidagi 2-IDUMlar o‘z faoliyatini boshladi. Peshko‘ tumani hududidagi 4-umumiy o‘rta ta’lim maktabi negizida tabiiy fanlarga ixtisoslashtirilgan maktab tashkil etildi. Buxoro shahridagi 7-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi negizida informatika va axborot texnologiyalari fanini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab faoliyat boshladi.
2021-2022 o‘quv yilidan boshlab yana 6 ta matematika, 4 ta kimyo-biologiya, 5 ta informatika va axborot texnologiyalarini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Bu xatti-harakatlar zamirida kelajagimiz egalari bo‘lgan farzandlarimizni har tomonlama komil insonlar qilib tarbiyalash va mamlakatimiz taraqqiyotini yuqori cho‘qqilarga ko‘tarish maqsadi mujassam.
So‘nggi yillarda yoshlarni har tomonlama yetuk, bilimi, ma’naviy jihatdan barkamol qilib tarbiyalash, ularning iste’dodlarini qo‘llab-quvvatlash hamda rag‘batlantirish maqsadida 9-11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazib kelinayotgan fan olimpiadalarining respublika va xalqaro bosqichlarida o‘quvchilar faol ishtirok etmoqda. Xususan, 2020 yilda viloyat o‘quvchilari xalqaro musobaqalarda 4 bronza va bitta kumush medalini qo‘lga kiritdi. Joriy yilning o‘tgan davrida esa xalqaro musobaqalarda 1 ta oltin, 3 ta kumush va 4 ta bronza medallariga sazovor bo‘ldi. Shuningdek, respublika miqyosida o‘tkazilgan fan olimpiadalarida ham o‘quvchilar yuqori natijalarni qayd etdi. “Qo‘qon olimpiadasi”ning mamlakat bosqichida Qorako‘l xalqaro matematika maktabining 9-sinf o‘quvchisi Anvarjon Raxmatov g‘oliblikni qo‘lga kiritib, bosh sovrin – “Neksiya” avtomashinasi bilan taqdirlandi. Ushbu maktabning yana 2 nafar o‘quvchisi o‘z guruhlari toifasida 2- va 3-o‘rinlarni egalladi. Al-Xorazmiy nomidagi matematika olimpiadasida ham ushbu maktabning 8-sinf o‘quvchisi O‘lmas Xudoyberdiyev eng yuqori natijaga erishdi. Uch nafar o‘quvchi esa faxrli 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
– Ayni paytda oldimizda turgan muhim vazifalardan biri – mustaqil hayot ostonasiga qadam qo‘ygan bitiruvchilarning bandligini ta’minlash, ularning jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘lishiga ko‘maklashish, – deydi viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Dilfuza Mustafayeva. – 2020 yilda 25 ming 413 nafar maktab bitiruvchisidan 6 ming 669 nafari turli OTMlar talabasiga aylandi. Bu bitiruvchilarning 26 foizini tashkil etmoqda. Natijalarimiz salmog‘ini yanada yuksaltirish maqsadida OTM-MAKTAB hamkorlik loyihasi asosida bitiruvchilarning oliy o‘quv yurtlariga kirish ko‘rsatkichlari bo‘yicha past natijaga erishgan viloyatdagi 20 ta umumta’lim maktablari oliy ta’lim muassasalariga biriktirildi. Shuningdek, Buxoro davlat universiteti tomonidan 4 ta umumta’lim maktabda fanlarni chuqurlashtirib o‘qitish bo‘yicha maxsus guruhlar tashkil etildi. Maqsadimiz, o‘quv yili yakunida 30 foiz o‘quvchilarimizni oliy ta’limga kirishiga erishish.
Bu yilgi dastlabki natijalar ham bor, misol uchun Buxoro shahridan Akbarali Sodiqov bir vaqtning o‘zida AQSHning 4 ta nufuzli oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirdi.Joriy yilda viloyat maktablarining 11-sinfida 24 ming 652 nafar o‘quvchi ta’lim olmoqda. O‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, ularning 15 ming 699 nafari oliy o‘quv yurtlari, 2 ming 767 nafari texnikumlar, 1 ming 564 nafari kollejda o‘qish istagini bildirgan. Maktab ostonasidanoq, “Ustoz-shogird” an’anasiga ko‘ra, o‘z-o‘zini ish bilan ta’minlagan o‘quvchilar soni 2 ming 319 nafarni tashkil etmoqda.
Raqamli texnologiyalar bo‘yicha mutaxassislar avlodini tayyorlash va dasturlash bo‘yicha ularga kerakli bilim va ko‘nikmalarni berish maqsadiga yo‘naltirilgan “Bir million o‘zbek dasturchisi” loyihasi doirasida ham tizimda samarali ishlar olib borilmoqda. Ayni paytda Buxoro viloyatida “Bir million o‘zbek dasturchisi” loyihasi doirasida uzbekcoders.uz portalidan ro‘yxatdan o‘tganlar soni 7 ming 97 nafarni tashkil etayotir. Ularning 2 ming 170 nafari ishtirokchi sertifikatiga ega bo‘lgan. 1 ming 269 nafari bitiruvchi sertifikatini qo‘lga kiritgan. Loyiha doirasida o‘tkazilgan tanlov natijalariga ko‘ra, viloyat o‘qituvchilarining 7 nafari TOP-100 ro‘yxatidan o‘rin olgan. 8 nafar maktab o‘quvchisi loyiha sovrindorlari sifatida 3 million so‘mdan 6 million so‘mgacha pul mukofotini qo‘lga kiritgan.
Yana bir muhim masala – o‘quvchi-yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish va ularning qobiliyatlarini yuzaga chiqarish. Ayni paytda viloyat xalq ta’limi boshqarmasi tasarrufidagi umumta’lim maktablarida 19 ming 103 ta fan to‘garagi tashkil etilgan. Ularga 274 ming 278 nafar o‘quvchi jalb etilgan. Bu raqam jami o‘quvchilar sonining 83 foizini tashkil etmoqda. Shuningdek, besh tashabbus yo‘nalishida maktablarda 6 ming 708 ta to‘garak faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Bundan tashqari, o‘quvchilarning 15 ming 386 nafari “Barkamol avlod” bolalar markazlaridagi to‘garaklarga qatnashmoqda.
Maktablarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va infratuzilmasini yaxshilash masalasiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Joriy yilda viloyatda investitsiya dasturlari asosida 18 ta, mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan 6 ta maktabda qurilish-ta’mirlash ishlarini amalga oshirish belgilangan. Shuningdek, Buxoroda Prezident maktabi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi, matematika, axborot texnologiyalari, kimyo-biologiya va fizikaga ixtisoslashgan 16 ta maktab tashkil etiladi. Davlatimiz rahbarining viloyatga tashrifidan so‘ng yana 12 ta obe’ktda qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilishi rejalashtirildi.
Bularning barchasi Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan izchil islohotlarning amaldagi ifodasidir. Zero, ta’limga e’tibor bu kelajakka, taraqqiyotga e’tibordir.
Zarif Komilov,
O‘zA muxbiri