Buxoroda terim texnikasi safi kengaymoqda
Qishloq xo‘jaligida mehnat unumdorligini oshirish, fermer va dehqonlarni zamonaviy texnika bilan ta’minlash, yetishtirilgan hosilni nes-nobud qilmasdan yig‘ib-terib olish bugungi kunning eng muhim vazifalaridan biridir. Ayniqsa, mamlakatimiz iqtisodiyotida strategik ahamiyatga ega bo‘lgan paxtachilik sohasida zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish, qo‘l mehnatini kamaytirish va yuqori unumdor texnikalardan samarali foydalanishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bu borada Prezidentimiz tashabbusi bilan agrar sohada amalga oshirilayotgan islohotlar yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 13-martdagi “Agrar sektorni zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalari bilan ta’minlashning navbatdagi chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida qishloq xo‘jaligi tarmog‘ini zamonaviy, yuqori unumli texnikalar bilan ta’minlash, ishlab chiqarish jarayonlariga ilg‘or texnologiyalarni joriy etish kabi muhim vazifalar belgilab berilgan.
Mazkur qarorda Buxoro viloyati uchun ham aniq vazifalar belgilanib, 60 dona paxta terish mashinasini xarid qilish ko‘zda tutilgan edi. Bugun esa bu vazifa doirasidagi ishlar yanada kengayib, viloyatda paxta terimi mavsumini qisqa muddatlarda va sifatli o‘tkazish uchun 80 dona zamonaviy, yuqori unumdor paxta terish agregatlariga buyurtmalar olindi.
Bu oddiy raqam emas. Bu — paxta dalalarida qo‘l mehnatidan zamonaviy mexanizatsiyaga, an’anaviy terimdan yuqori texnologiyali ishlab chiqarishga o‘tishning yaqqol ifodasidir.
Buxoro viloyatida paxtachilik bilan shug‘ullanayotgan qishloq xo‘jaligi korxonalari yetishtirgan hosilni o‘z vaqtida va sifatli yig‘ib olishga jiddiy tayyorgarlik ko‘rmoqda.
“O‘zagrolizing” AJ Buxoro viloyati filiali tomonidan qishloq xo‘jaligi korxonalari bilan tuzilgan shartnomalar asosida paxta terimida foydalanish uchun dunyoda o‘zining zamonaviy texnika va texnologiyalari bilan tanilgan “JOHN DEERE”, “FM WORLD” va “SWAN” kompaniyalarining yangi paxta terish mashinalari olib kelindi.
Jumladan, 19 dona — “JOHN DEERE”, 53 dona — “FM WORLD”, - 8 dona — “SWAN” rusumli zamonaviy paxta terish mashinalari. Shunday qilib, jami 80 ta yuqori unumdor agregat yaqin kunlarda Buxoro dalalarida boshlanadigan paxta yig‘im-terimida ishga tushiriladi.
Bu texnikalarning dalaga kirib kelishi nafaqat terim sur’atini oshiradi, balki hosilni yog‘ingarchilik kunlariga qoldirib qo‘ymaslik, paxtaning sifatini saqlash va nes-nobudgarchilikning oldini olish imkonini beradi.
Ayniqsa, Buxoro iqlimi sharoitida hosilni o‘z vaqtida yig‘ib-terib olish muhim. Chunki paxtaning daladan omborgacha bo‘lgan har bir kuni uning sifati va iqtisodiy qiymatiga ta’sir qilishi mumkin. Zamonaviy texnika esa ana shu vaqtni tejaydi.

Buxoro viloyati paxtachiligida nafaqat texnika, balki zamonaviy agrotexnologiyalar ham keng joriy etilmoqda.
Viloyat paxta maydonlarida “Shinjon usuli”da chigit ekish, ilg‘or agrotexnik tadbirlarni qo‘llash, hosildor navlarni tanlash va avtomatlashtirilgan texnologiyalardan foydalanish o‘z samarasini bermoqda.
Mahalliy sharoitga moslashgan “Buxoro-8”, “Buxoro-10”, “Buxoro-102” kabi serhosil navlar bilan bir qatorda, tajriba-sinov tariqasida Xitoydan keltirilgan “Chao Zang-88”, “Zoulin-88”, “Xin Lu Zao-57” kabi navlar ham yetishtirilmoqda.
Eng muhimi, bu jarayonda mahalliy tajriba bilan xorijiy ilmiy-amaliy yondashuv uyg‘unlashmoqda. Natijada paxtachilikda gektaridan olinayotgan hosildorlikni avvalgi yillardagi 30–35 sentnerdan 50–55 sentnerga yetkazish maqsad qilingan.
Bu esa bir gektar yerning imkoniyatini ikki karraga yaqin oshirish, mavjud resurslardan yanada oqilona foydalanish va paxtachilikni yuqori daromadli tarmoqqa aylantirish uchun mustahkam zamin yaratadi.
Zamonaviy paxta terish mashinalarining eng katta afzalligi — ularning ish unumdorligida.
Jumladan, “JOHN DEERE” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan yuqori unumli paxta terish mashinalaridan so‘nggi yillarda Buxoro viloyati dalalarida ham samarali foydalanib kelinmoqda. Ushbu texnika bir kecha-kunduzda 40 gektargacha maydondagi paxtani yig‘ishtirib olish imkoniyatiga ega. Yana bir muhim jihati — terilgan paxta xom ashyosini dalaning o‘zidayoq toylab, uni transportda tashish uchun qulay holatga keltiradi.

Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, paxtani mashinada terish natijasida mehnat unumdorligi uch baravargacha oshadi, terim ishlari tannarxi 20 foizgacha kamayadi. Terim muddatining 8–10 kunga qisqarishi esa yer maydonlarini hosildan tezroq bo‘shatish va keyingi agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirish imkonini beradi. Bir kunda qariyb 20 tonna paxta terish imkoniyatiga ega bo‘lgan yuqori unumli agregatning ishi kunlik 50–60 kilogrammdan paxta teradigan 400 nafargacha ishchining mehnatiga teng keladi.
Demak, zamonaviy texnika — shunchaki temir mexanizm emas. U vaqtni tejaydi, inson mehnatini yengillashtiradi, xarajatni kamaytiradi va hosilning iqtisodiy qiymatini oshiradi.
Bugun Buxoro dalalarida kuzatilayotgan jarayonni birgina paxta terimi bilan cheklab bo‘lmaydi. Bu — agrar sohada texnologik yangilanishning muhim ko‘rinishidir.
Bir vaqtlar tong saharlab qo‘lda boshlangan va kun bo‘yi davom etgan terim ishlari endi zamonaviy agregatlar yordamida qisqa muddatlarda amalga oshirilmoqda. Ilgarigi og‘ir jismoniy mehnat o‘rnini avtomatlashtirilgan tizimlar egallamoqda. Bu esa qishloq xo‘jaligida mehnat madaniyati va ishlab chiqarish samaradorligini tubdan o‘zgartirmoqda.
Prezidentimiz tashabbusi bilan agrar sohada texnika va texnologiyalarni yangilashga qaratilayotgan e’tiborning zamirida ham ana shu maqsad — yerdan unumli foydalanish, fermer mehnatini qadrlash, hosilni nes-nobud qilmaslik va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari raqobatbardoshligini oshirish vazifasi mujassam.
Buxoroda 80 ta zamonaviy paxta terish mashinasining dalaga kirib kelishi ana shu katta maqsadlarning amaliy ifodasidir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri