Buxoroda tadbirkorga ko‘mak markazi ochildi
Buxoro viloyati davlat soliq boshqarmasi tashabbusi bilan Kogon shahridagi “Sohibkor dehqon bozori” da tadbirkorga ko‘mak markazi tashkil etildi.
Ta’kidlanishicha, ushbu markaz Kogon shahar va Kogon tumanlarida faoliyat olib borayotgan 2000 dan ziyod tadbirkorlarga ko‘maklashadi. Ilgari ushbu hududdagi tadbirkorlar birgina nazorat kassa texnikasi bilan bog‘liq texnik nosozliklarni tuzatish uchun 15 kilometr uzoqlikdagi viloyat markaziga borib kelishga majbur edi. Quvonarlisi, ushbu markaz ishga tushirilishi bilan ularning nazorat kassa mashinalariga xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq muammolari ham oson bitadigan bo‘ldi.
Davlat soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Jahongir Abdiyev buxorolik tadbirkorlar bilan uchrashuvda mazkur “Tadbirkorga ko‘mak markazi” faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Tanishuv jarayonida markazga biriktirilgan davlat soliq xizmati xodimlariga ko‘proq hududdagi tadbirkorlarning og‘irini yengil qilish, soliqqa oid muammolarini tezkorlik bilan hal etish, xususan ularga soliq hisobotlarini to‘g‘ri yuritishga hamda boshqa texnik xizmatlarni ko‘rsatishga ko‘maklashish yuzasidan o‘zining tavsiyalarini berdi.

“Tadbirkorga ko‘mak markazi” ning aynan tadbirkorlarning yonida tashkil etilgani tadbirkorlarning muammolarini tezkorlik bilan ijobiy hal etish hamda ularga soliq qonunchiligidagi o‘zgarishlarni muntazam yetkazib turishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Zarif Komilov, O‘zA