Buxoroda qimorxona aniqlandi
Jondor tumanining Xumin mahallasida yashovchi, 1980 yilda tug‘ilgan shaxs o‘z uyida qimor ishqibozlariga sharoit yaratib bergani ichki ishlar organlari tomonidan aniqlandi.
Kechqurun soat 20:30 larda fuqaro o‘z uyi mehmonxonasida bir guruh qishloqdoshlarini yig‘ib, qimorxona tashkil etish va uni o‘tkazish jinoyatini sodir etgan.
Qishloqdosh yigitlar manzilda qimor va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni qonunga xilof ravishda tashkil etib, qimor o‘ynab turganlarida tuman IIB xodimlari tomonidan ushlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirilgan.

Huquq tartibot organlari vakillari qimor va tavakkal o‘yinlarni tashkil etgan, unga sharoit yaratgan va bu o‘yinlarda ishtirok qilganlarga qonunlarimizda jazo choralari muqarrarligi haqida ogohlantirib kelishsa-da, bu ayrim yurtdoshlarimizning ko‘zini ochmayapti.

Mazkur holat yuzasidan Jondor tumani IIB tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 278-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirgi kunda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri