Buxoroda qardoshlikning ilm-fan maskani ochildi
Tarixni anglash — xalqlarni anglash, ma’naviy merosni asrash esa kelajakni asrash demakdir. Asrlar davomida bir-biriga yaqin taqdir, mushtarak qadriyatlar va boy madaniy an’analar asosida shakllangan O‘zbekiston va Ozarbayjon xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik bugun yangi mazmun bilan boyib bormoqda. Endi bu yaqinlik nafaqat diplomatik uchrashuvlar, madaniy tadbirlar va san’at anjumanlarida, balki ilm-fan, ta’lim va tarixiy merosni chuqur o‘rganishga qaratilgan tashabbuslarda ham o‘z ifodasini topmoqda.
Buxoro shahrida o‘tkazilayotgan “Ozarbayjon madaniyati va san’ati kunlari” doirasida Buxoro davlat universiteti Tarix fakultetida buyuk ozarbayjon mutafakkiri Yusuf Qorabog‘iy nomidagi Ozarbayjonshunoslik markazining ochilishi ana shunday ezgu maqsadlarga xizmat qiladigan muhim voqea bo‘ldi. Bu oddiy bir xonaning yoki yangi ilmiy maskanning ochilishi emas. Bu — ikki qardosh xalqning mushtarak o‘tmishiga yangicha nazar tashlash, bugungi hamkorlikni ilm bilan mustahkamlash va kelajak avlodga ma’naviy boylikni butun holicha yetkazish yo‘lidagi amaliy qadamdir.
Bugun mamlakatimizda ta’lim va ilm-fanni rivojlantirish, milliy tarixni chuqur o‘rganish, buyuk ajdodlar merosini tiklash va xalqaro ilmiy hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari bilan ilgari surilayotgan Yangi O‘zbekistonni barpo etish g‘oyasida ham inson kapitali, yoshlarning intellektual salohiyati, ma’naviy yuksalish va dunyo bilan ochiq muloqot qilish muhim o‘rin tutadi.
Ayniqsa, Markaziy Osiyo va turkiy dunyo xalqlari o‘rtasidagi tarixiy-madaniy aloqalarni mustahkamlash, umumiy ildizlarni o‘rganish hamda ta’lim va ilm-fan sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish bugungi taraqqiyotning muhim yo‘nalishlaridan biridir.
Yusuf Qorabog‘iy nomidagi Ozarbayjonshunoslik markazining tashkil etilishi ana shu maqsadlar bilan hamohangdir. Zero, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik faqat yaxshi niyatlar va samimiy munosabatlar bilangina cheklanib qolmasligi kerak. U ilmiy izlanishlar, ta’limiy dasturlar, qo‘shma loyihalar, kitoblar va yangi bilimlar orqali mustahkamlansagina barqaror mazmun kasb etadi.
Markazning Buxoro davlat universitetida ochilgani ham alohida ahamiyatga ega. Chunki Buxoro asrlar davomida ilm-ma’rifat, tafakkur va madaniyat markazi sifatida Sharq sivilizatsiyasi tarixida muhim o‘rin tutgan. Bu zaminda shakllangan ilmiy muhit, boy qo‘lyozma merosi va ma’rifiy an’analar yangi avlod tadqiqotchilari uchun ham katta imkoniyatlar yaratadi.
Endilikda ana shu tarixiy muhitda Ozarbayjon xalqining tarixi, adabiyoti, san’ati va ilmiy tafakkurini tizimli o‘rganish uchun ham yangi maydon paydo bo‘ldi.
Markazga XVI–XVII asrlarda yashab ijod qilgan buyuk mutafakkir Yusuf Qorabog‘iy nomi berilishi bejiz emas. Uning hayoti va ilmiy-falsafiy qarashlarini o‘rganish nafaqat muayyan tarixiy shaxsning merosini tadqiq etish, balki o‘sha davrdagi ilmiy muhit, falsafiy maktablar va xalqlar o‘rtasidagi ma’naviy aloqalarni chuqurroq anglash imkonini ham beradi.
Ulug‘ mutafakkirlar merosi vaqt chegaralariga sig‘maydi. Ularning asarlari, g‘oyalari va ilmiy qarashlari turli davrlarda qayta o‘qiladi, yangicha talqin etiladi va yangi avlodni fikrlashga undaydi. Shu ma’noda, Yusuf Qorabog‘iyning ilmiy-falsafiy merosini zamonaviy tadqiqotlar asosida o‘rganish tarixni shunchaki eslash emas, balki undan bugungi kun uchun zarur xulosalar chiqarish demakdir.
[gallery-31922]
Markaz faoliyatida mutafakkirning hayoti va ijodiga oid manbalarni o‘rganish, uning ilmiy qarashlarini tahlil qilish, mavjud adabiyotlarni to‘plash va yosh tadqiqotchilarni ushbu yo‘nalishga jalb etish muhim vazifalardan biri bo‘lishi mumkin.
Bu jarayonda tarix, falsafa, adabiyotshunoslik va madaniyatshunoslik sohalari o‘rtasidagi ilmiy hamkorlik alohida ahamiyat kasb etadi. Chunki buyuk allomalar merosini to‘liq anglash uchun uni faqat bitta fan doirasida emas, balki keng ilmiy nuqtai nazardan tadqiq etish zarur.
Markazning tantanali ochilish marosimida Buxoro davlat universiteti rahbariyati, Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi vakillari, Tarix fakulteti professor-o‘qituvchilari, tadqiqotchilar hamda talaba-yoshlar ishtirok etishdi.
Tadbir davomida O‘zbekiston va Ozarbayjon xalqlarini birlashtirib turgan ko‘p asrlik do‘stlik rishtalari, mushtarak tarixiy ildizlar, umumiy ma’naviy qadriyatlar va boy madaniy meros haqida so‘z yuritildi. Ikki mamlakat o‘rtasida ta’lim, ilm-fan va madaniyat sohalaridagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, ilmiy aloqalarni mustahkamlash hamda tarixiy merosni kelgusi avlodlarga yetkazish masalalariga e’tibor qaratildi.
Marosimdan so‘ng ishtirokchilar markazda yaratilgan sharoitlar, mavjud ilmiy-ma’rifiy imkoniyatlar va kelgusida amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar bilan tanishdilar.
Shu kuni universitet va Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi vakillari ishtirokida tashkil etilgan davra suhbati ham tadbirning mazmunan davomi bo‘ldi. Unda ikki xalqning tarixiy-madaniy aloqalari, turkiy xalqlarning mushtarak ilmiy va adabiy merosi, shuningdek, ta’lim va ilm-fan sohalaridagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Ayniqsa, Yusuf Qorabog‘iyning hayoti va ilmiy-falsafiy merosini har tomonlama o‘rganish, uning ijodiga oid manbalarni tadqiq etish hamda ushbu boylikni zamonaviy ilmiy yondashuvlar asosida yoshlarga yetkazish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Bu kabi muloqotlar ilmiy hamkorlikning amaliy yo‘nalishlarini belgilab olish, mutaxassislar o‘rtasida aloqalarni yo‘lga qo‘yish va yangi tadqiqotlarga zamin yaratish uchun muhimdir.
Tadbir doirasida Ozarbayjonshunoslik markaziga kitoblar taqdim etildi. Bu e’tibor ramziy ma’nosi bilan ham ahamiyatli. Chunki har qanday ilmiy markazning haqiqiy qudrati faqat uning nomi yoki tashqi ko‘rinishi bilan emas, balki unda jamlangan bilimlar, manbalar va amalga oshiriladigan tadqiqotlar bilan belgilanadi. Taqdim etilgan adabiyotlar markazning ilmiy-ma’rifiy fondini boyitish, talabalar va tadqiqotchilarning Ozarbayjon tarixi, milliy madaniyati, adabiyoti, san’ati va ma’naviy merosiga oid bilimlarini kengaytirishga xizmat qiladi..
Avvalo, markazda muntazam ilmiy seminarlar, davra suhbatlari, konferensiyalar va ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlarni tashkil etish maqsadga muvofiq. Buxoro davlat universiteti olimlari hamda Ozarbayjonning tegishli oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari o‘rtasida qo‘shma izlanishlar olib borish, ilmiy maqolalar va to‘plamlar nashr etish, talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish ham hamkorlikning amaliy natijalarini oshirishi mumkin. Shuningdek, Yusuf Qorabog‘iy merosiga oid manbalarni tizimlashtirish, elektron ma’lumotlar bazasini shakllantirish, qo‘lyozma va tarixiy asarlarni o‘rganish bo‘yicha loyihalarni ishlab chiqish markaz faoliyatini yangi bosqichga olib chiqadi.
Buxoroda bunday markazning ochilishi yana bir muhim haqiqatni namoyon etadi: xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikni asrash va mustahkamlash uchun tarixiy xotira, ilm-fan va ta’limga tayanish lozim. Chunki siyosiy va iqtisodiy hamkorlik muayyan natijalar bersa, ilmiy-ma’rifiy aloqalar xalqlar qalbida uzoq yashaydigan ishonch va hurmatni shakllantiradi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari