Buxoroda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili – ombudsmanning mintaqaviy vakili tomonidan “Ombudsman soati” loyihasi o‘tkazilmoqda.
Loyihani Ombudsmanning mintaqaviy vakili Abira Xuseynova Buxoro shahridagi 29-sonli va 2-sonli umumta’lim maktablarining bitiruvchi sinf o‘quvchilari bilan o‘tkazdi.
“Ombudsman soati” “Huquqlarimni kim ta’minlaydi?” mavzusidagi interfaol mashg‘ulot shakli bilan boshlandi. Unda o‘quvchilarga inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar haqida tushunchalar berildi.
O‘quvchilar Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar to‘g‘risidagi bilimlarga ega bo‘lishi uchun O‘zbekistonda inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar tizimi tarkibiga kiruvchi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), Bolalar huquqlari bo‘yicha vakil (Bolalar ombudsmani), Prezident huzuridagi tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil (Biznes-ombudsman), Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi institutlari faoliyatining mazmun- mohiyati haqida atroflicha fikr yuritildi.
[gallery-15437]
O‘zbekiston Respublikasining inson huquqlarini himoya qiluvchi milliy institutlari orasida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi xalqaro va milliy idoralararo muvofiqlashtiruvchi rol o‘ynaydi. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi inson huquqlari sohasidagi O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlarini bajarish bo‘yicha davlat organlari va boshqa tashkilotlarning o‘zaro hamkorligini, milliy ma’ruzalar tayyorlanishini, inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirishni ta’minlovchi davlat organi hisoblanishi, Markaz har yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga inson huquqlari sohasidagi O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi holati to‘g‘risida axborot taqdim etishi to‘g‘risida ham qisqacha so‘zlab berildi.
“Ombudsman soati” mashg‘ulotida berilgan ma’lumotlarni o‘quvchilar katta qiziqish bilan tingladi. O‘zlarini qiziqtirgan savollarga to‘liq javob oldi.
Ma’lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) va O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida “Ombudsman soati” loyihasi doirasida yoshlarning inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi xabardorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar ishlab chiqilgan.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari