Buxoroda “Kelajak” markazlari direktorlari forumi o‘tkazildi
FOTOREPORTAJ
Buxoro viloyatida Respublika “Kelajak” markazi tashabbusi bilan “Qo‘shimcha ta’lim: Kelajak direktorlari forumi – 2026” tashkil etildi. Unda mamlakatimiz shahar va tumanlaridagi “Kelajak” markazlari direktorlari, inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish bo‘yicha bosh mutaxassislar, shuningdek, tegishli vazirlik va idoralar mas’ul xodimlari ishtirok etdi.
Forum qo‘shimcha ta’lim tizimida faoliyat yuritayotgan rahbarlarning kasbiy salohiyatini oshirish, o‘zaro tajriba almashish va sohani yanada takomillashtirishga qaratilgan muloqot maydoni bo‘ldi.
[gallery-30711]
Tadbirda maktab o‘quvchilarini maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlariga keng jalb etish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish borasida “Kelajak” markazlari tomonidan amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinib, istiqboldagi ustuvor vazifalar belgilab olindi. Shu bilan birga, mas’ul xodimlar malakasini oshirish, Buxoro viloyati “Kelajak” markazi faoliyati va ilg‘or tajribasini o‘rganish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
Forum dasturi doirasida ko‘p yillik tajribaga ega rahbarlar, yetakchi mentorlar va ekspertlar ishtirokida ma’ruzalar hamda mahorat darslari tashkil etildi. Ishtirokchilar uchun “Rahbarning tayanch kompetensiyalari”, “Markaz nizomi va normativ-huquqiy hujjatlar bilan ishlash”, “Qo‘shimcha ta’lim tizimida strategik boshqaruv va zamonaviy o‘quv dasturlarini joriy etish mexanizmlari”, “Axborot tahlili, ijro intizomi va murojaatlar bilan ishlash” mavzularida amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi.
Ma’lum qilinganidek, tuman (shahar) “Kelajak” markazlari direktorlari Respublika “Kelajak” markazi tomonidan ikki bosqichli, ikki mavsumdan iborat tanlov asosida saralab olingan. Arizalar tanlov.uzedu.uz platformasi orqali onlayn qabul qilingan. Tanlovning birinchi mavsumida har bir vakant lavozim uchun o‘rtacha 18 nafar nomzod hujjat topshirgan bo‘lsa, ikkinchi mavsumda bu ko‘rsatkich qariyb 28 nafarga yetgan.
Forum doirasida Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova ishtirokchilar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.
Tohir ISTATOV(surat),O‘zA