Buxoroda kanallar betonlashtirilmoqda
Prezidentimiz topshirig‘iga ko‘ra, e’lon qilingan “Kanallarni betonlash bo‘yicha zarbdor yil”da Buxoro viloyatida yirik kanallar va ichki tarmoqlarni beton qoplamaga o‘tkazish ishlari boshlab yuborildi.
Viloyatda mavjud nasos stansiyalari, suv omborlari, kanal va kollektor tarmoqlarini modernizatsiya qilish orqali suvni tejash, obi hayotni yetkazish xarajatlarini qisqartirish bo‘yicha harakatlar tizimli davom ettirilmoqda. Ayni yo‘nalishda bajarilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishish maqsadida viloyat hokimi Botir Zaripov sektorlar rahbarlari, tegishli soha mutasaddilari hamrohligida Kogon tumanida bo‘ldi.

Tumanda fermer xo‘jaliklari, klaster korxonalari balansida jami 700 kilometr ichki tarmoq ariqlari mavjud. Shundan 115 kilometr ariqlar betonlashtirilgan. Tuman irrigatsiya bo‘limi tasarrufidagi tarmoqlar esa 65 kilometrni tashkil etib, 61 kilometri betonlashtirilgan. Jumladan, “B.Naqshband” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidan o‘tuvchi ariqning 6,5 kilometri to‘liq betonlashtirilgan. Qolgan hududlarda ham jarayon davom etmoqda.


Viloyat rahbari mazkur ariqning betonlashtirilgan qismini ko‘zdan kechirdi. Uning qirg‘oq qismlarida daraxt ko‘chatlarini ekish, qolgan ichki tarmoqlarni ham tozalash va betonlashtirish bo‘yicha mas’ullarga topshiriq va ko‘rsatmalar berdi. Shuningdek, qishki tadbirlarni sifatli amalga oshirib, sho‘r yuvish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha muhim vazifalar belgilandi.
Zarif Komilov,
O‘zA muxbiri.