Buxoroda IV asr oldin chizilgan devoriy rasmlar topildi
Buxoro viloyati madaniy meros boshqarmasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, shaharning tarixiy markazidagi sobiq Shahriston bozori hududida Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi Nyu-York universiteti huzuridagi qadimgi dunyoni o‘rganish instituti professori Soren Stark (New York University, Institute for the Study of the Ancient World, Sören Stark) boshchiligidagi bir guruh tadqiqotchilar tomonidan olib borilgan arxeologik tadqiqotlar yakunlandi.
Natijada arxeologlar tomonidan qazilgan ikkinchi xandaqdan (Transheya II) devoriy rasmning ma’lum bir qismlari deb taxmin etilayotgan qoldiqlar topildi.

Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, ushbu devoriy rasmlar qoldiqlari Varaxshadagi Buxorxudotlar saroyidan topilgan devoriy rasmlardan taxminan IV asr oldingi davrlar davomida ishlangan.

Arxeologlarning yangi topilmalari faqat ushbu devoriy rasmlar bilan yakunlangani yo‘q. Tadqiqotchilar noodatiy sirlangan yashil ot shaklidagi bolalar o‘yinchog‘ini ham topishgan.

Tadqiqotchilar keyingi yilda ham ushbu hududda arxeologik qazilma ishlarini olib borishni rejalashtirgan.

Zarif Komilov, O‘zA