Buxoroda innovatsion g‘oyalar haftaligi
Buxoroda “Kreativ ta’lim va innovatsiya – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining asosi” shiori ostidagi “InnoWeek-2023”innovatsion g‘oyalar haftaligi boshlandi.
Haftalik doirasida respublika va mahalliy ommaviy vositalari xodimlari uchun matbuot anjumani uyushtirilib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Buxoro viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i Azamat Naimov haftalik haqida ma’lumot berdi.
Mazkur haftalikning bosh maqsadi – xorijiy va milliy ekspertlar, tahlilchilar o‘rtasida Yangi O‘zbekistondagi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar sohasidagi islohotlar, ularning mohiyati, erishilgan yutuqlar va navbatdagi dolzarb vazifalar, mamlakatda vujudga kelayotgan mutlaqo yangi innovatsion rivojlanish sohasidagi ustuvor vazifalar to‘g‘risida fikr almashishdan iborat.
Bu yilgi “Kreativ ta’lim va innovatsiyalar – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining asosi” shiori ostida tashkil qilinayotgan haftalik “Yoshlar”, “Startaplar”, “Ilm-fan va tijoratlashtirish” va “Kreativ ta’lim” yo‘nalishlarida tashkil qilinmoqda. Haftalik nafaqat Toshkent shahrida, balki respublikaning barcha hududlarida o‘tkazilayotgani bilan e’tiborlidir.
Haftalikka viloyatning 100 dan ziyod yirik korxona, hududning ilg‘or ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklari rahbarlari, oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar sohasi bo‘yicha mahalliy ekspertlar hamda Rossiya Federatsiyasi, Yaponiya, AQSH, Buyuk Britaniya kabi mamlakatlardan xorijiy ekspertlar jalb etilgan.
Bir hafta davomida Buxoro viloyatining har bir oliy ta’lim muassasasida “InnoWeek-2023” innovatsion mahsulotlar va ishlanmalar ko‘rgazmasi o‘tkazilib, “Ilm-fan va tijoratlashtirish loyihalari”, “Startap loyihalar”, “Kreativ ta’lim” va oliy ta’lim muassasalari stendlarida 50 dan ziyod innovatsion mahsulot va ilmiy ishlanma namoyish etiladi.
“Ideaton Uzbekistan-2030” tanlovi doirasida hududlarning imkoniyatlaridan kelib chiqib, mavjud muammolarining yechimiga qaratilgan g‘oyalar almashinuvi hamda loyihalar ko‘rib chiqiladi.
[gallery-14087]
Haftalik doirasida Buxoro davlat universitetida oliy ta’lim muassasasi hamda tashkilotlar tomonidan ishlab chiqarilgan ilmiy-innovatsion mahsulotlar ko‘rgazmasi tashkil qilingan.
Bundan tashqari, oliy ta’lim muassasalari tomonidan ishlab chiqilgan ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy qilish hamda ishlab chiqarishga tadbiq etish maqsadida loyiha rahbarlari tomonidan yangi loyihalar va ishlanmalar taqdimoti bo‘lib o‘tadi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat),
O‘zA muxbirlari