Turkmaniston fuqarosi 21 yoshli Jumayrat Begmuradov joriy yil 18 yanvar kuni Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filialiga qorin qismidagi og‘riq bilan murojaat qiladi.
Shifokorlar bemorda kindik atrofida va chap yonbosh sohasida og‘riq, ko‘ngil aynishi, qusish, umumiy holsizlik borligini aniqlagan.
–Bolaligida bemorda ichki a’zolarning transpozitsiyasi mavjudligi aniqlangan, oilada va ota-onaning ajdodlarida esa kuzatilmagan, – deydi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filiali Oliy toifali jarrohi Farrux Haydarov. – Ko‘krak qafasi rentgenogrammasida, dekstrokardiya ya’ni yurak ko‘krak qafasining o‘ng yarmida joylashganligi aniqlandi. Normada esa chap tomonda joylashadi. Qorin bo‘shlig‘i a’zolarining ultratovush tekshiruvida, jigar chap qovurg‘a ravog‘i ostida va taloq o‘ng qovurg‘a ravog‘i ostida joylashgan.

Ko‘krak qafasi va qorin bo‘shlig‘i a’zolarining multispiral kompyuter tomografiyasi orqali ko‘rilganda, ko‘krak va qorin bo‘shlig‘i a’zolari teskari tomonda joylashgan (yurak, aorta, oshqozon, taloq, oshqozon osti bezi tanasi va dumi o‘ngda, jigar, o‘t pufagi, oshqozon osti bezi, pastki kava vena - chap tomonda). A’zolarning shakllari, o‘lchamlari, tuzilishi o‘zgarmaganligi aniqlandi. O‘tkazilgan tekshiruvlar natijasida bemorga “O‘tkir appenditsit. Ichki a’zolarning transpozitsiyasi” tashxisi tasdiqlandi. Shoshilinch ravishda operativ davolash tavsiya etildi.
Operatsiyadan oldin bemor anesteziolog tomonidan tekshirilib kam invaziv operatsiyasi o‘tkazilgan. Qorin bo‘shlig‘i a’zolari operatsiya jarayonida ko‘rilganda appendiks (chuvalchangsimon o‘simta) chap yonbosh sohada joylashganligi aniqlanib, o‘rnatilgan intraoperatsion “O‘tkir flegmonoz appenditsit. Ichki a’zolarning transpozitsiyasi” tashhisi qo‘yilgan.
Bemorda Laparoskopik appendektomiya jarrohlik amaliyoti amalga oshirilgan. Uning davomiyligi 15 daqiqani tashkil etgan. Jarrohlik amaliyotidan 4 soat o‘tgach, bemor qoniqarli holatda faol yura boshlagan.
Ichki a’zolarning transpozitsiyasi oddiy inson anatomiyasining kam uchraydigan varianti bo‘lib, unda asosiy ichki a’zolar odatdagi normal holatidan teskari joylashgan bo‘ladi. Ichki a’zolarning transpozitsiyasining tarqalishi yer aholisining turli guruhlarida farq qilishi bilan ahamiyatli. Tibbiyot statistikasida inson ichki a’zolarining transpozitsiyasi har 10 ming aholiga 1 ta uchrashi qayd qilingan.
O‘tkir appenditsit – bu jarrohlar va boshqa tibbiyot sohasi mutaxassislari o‘z xizmat jarayonida har kuni uchratadigan eng keng tarqalgan jarrohlik kasalligi hisoblanadi.
Insonda jigar va taloqning teskari joylashish holatini birinchi marta 1600 yilda Fabritsius ma’lumot bergan. 1924 yilda Kuchenmeyster bu holatni tirik odamda birinchi bo‘lib aniqlagan. 1987 yilda Vechsemeyer birinchi bo‘lib ichki a’zolarning rentgenotranspozitsiyasini namoyish etgan.
Ichki a’zolarning bunday noodatiy anatomiyasi kasalliklarni tashhislash va davolashda qiyinchiliklarga olib kelishi tibbiyot fanida tasdiqlangan.
Zarif Komilov, O‘zA