Buxoroda hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi
O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Buxoro viloyat hokimligi hamkorligida har yili an’anaviy tashkil etib kelinayotgan hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasiga 1500 ga yaqin korxona vakillari tashrif buyurib, ularning 350 dan ortig‘i o‘z mahsulotlari va stendlari bilan qatnashmoqda.
Respublikamizning tarmoq va hududiy sanoat korxonalari rahbarlari, tadbirkorlar va tashkilotchi mas’ullar, ommaviy axborot vositalari vakillari hozir bo‘lgan tadbirda viloyat hokimi Botir Zaripov so‘zga chiqdi.
Tahlillarga qaraganda, viloyatda ishlab chiqarish quvvatlarini oshirayotgan qator sanoat korxonalari tomonidan 2023-yilda umumiy qiymati 31,6 trillion so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilgan bo‘lib, bunda o‘tgan 2022-yilga nisbatan o‘sish sur’ati 106,1 foizni, shundan hududiy sanoatdagi mahsuldorlik hajmi 11,9 trillion so‘mni, o‘sish sur’ati esa 115,8 foizni tashkil qilgan.
Shuningdek, sanoatning yalpi hududiy mahsulot ishlab chiqarishdagi ulushi 18,3 foizga yetib, kichik biznesning sanoatdagi ulushi 30,2 foizni tashkil etmoqda.
Viloyatda ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish bo‘yicha bir qancha ishlar amalga oshirilmoqda. Chunonchi, Mahalliylashtirish dasturiga muvofiq, 2023-yilda 123 ta loyiha doirasida belgilangan rejadan ortiq, ya’ni 2,3 trillion so‘mlikka teng, 300 turdan ortiq import o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarilgan. Bu reja-dasturga nisbatan 511,8 milliard so‘mga oshiq yoki reja 128,3 foizga bajarilgan.
So‘nggi uch yil davomida mahalliylashtirish sohasida viloyatda amalga oshirilgan ishlar solishtirilganda, 2023-yilda 2020-yilga nisbatan mahalliylashtirilgan biznes loyihalari soni 3 martaga yoki 42 ta loyihaga, ishlab chiqarish xajmi 9,3 martaga hamda amalga oshirilgan eksport hajmi 77,2 martaga ortganini ko‘rish mumkin.
Viloyatda, shuningdek, joriy yilning yakuni bilan mahalliylashtirish dasturiga binoan 143 ta biznes loyihasi doirasida 3 trillion so‘mlik import o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarilib, import samaradorligi 245,1 million AQSH dollarini tashkil etishi belgilangan. Bunda 50 turdan ortiq import o‘rnini bosuvchi yangi mahsulotlar ishlab chiqarish tajribasi o‘zlashtiriladi.
2024-yil yakuni bilan viloyatda 40,9 trillion so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilishi va o‘sish sur’atining 108 foizga yetkazilishi ko‘zda tutilgan. Shundan, hududiy sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 15 trillion so‘mni tashkil etib, ish hajmi 115 foizga yetkazilishi kutilmoqda.
Yarmarkada o‘nlab ishlab chiqarish korxonasi, jumladan tarmoq hamda vazirliklardan 80 tadan ortiq, hududlardan mulk shakli turlicha bo‘lgan 250 tadan oshiq biznes subyekti, qolaversa, mahalliy 150 taga yaqin mas’uliyati cheklangan jamiyati o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etmoqda.
–2018-yilda umumiy qiymati 1 milliard so‘mlik sarmoya tikib, qurilish mollari, pardozlash mahsulotlari, lak-bo‘yoq va quruq aralashmalar ishlab chiqarish sexi va savdo do‘koni faoliyatini yo‘lga qo‘yganmiz, –deydi Shofirkon tumani Jo‘shura mahallasidagi “Asilbek Asadbek lak servis” MCHJ rahbari Abdulla Qudratov. –Bugunga kelib yiliga 100 tonnadan oshirib lak-bo‘yoq va pardozbop materiallarni, 300 tonaga yetkazib quruq aralashmalarni qadoqlab, buyurtmachilarga yetkazmoqdamiz. Ishlab chiqarish uchun zarur xomashyoni asosan poytaxt Toshkent shahridan olmoqdamiz. Jamoamiz moddiy manfaatdorligini oshirib borib, endilikda ishchi sonini 10 nafarga yetkazdik.
[gallery-16787]
Umuman, ikki kun davom etadigan navbatdagi hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasida sanoat mahsulotlari ko‘rgazmalari, elektron kooperatsiya birjasi portali faoliyati, sanoat kooperatsiyasini mustahkamlash va rivojlantirish, kichik biznes subyektlarini sanoat faoliyatiga keng jalb qilish, investitsion imkoniyatlar, yangi loyihalar, zargarlik, turizm, farmatsevtika va boshqa tarmoqlarni rivojlantirish, tadbirkorlik istiqbollariga bag‘ishlangan taqdimotlar, V2V shaklidagi uchrashuvlar o‘tkaziladi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat),
O‘zA muxbirlari