Buxoroda chorva qishlovi: talafotning oldi olinmoqda
Buxoro viloyatida anomal sovuq, ya’ni havo haroratining pasayib ketishi oqibatida chorva mollari va parrandalar ozuqa bazasini mustahkamlash, qo‘sh-qo‘ton, qo‘yxonalar, molxona va parrandaxonalarni isitish, molboqarlar, cho‘pon, chorvadorlarni ijtimoiy-iqtisodiy himoyalashning barcha choralari ko‘rilmoqda.
– Jumladan, viloyatda 2 ta “Chorvadorlar shtabi” va tumanlarda 14 ta shtablar tashkil etildi, – deydi Buxoro viloyati “Chorvanasl” markazi direktori Nosir Rahmatov. – Shtablarga 156 nafar mutaxassis-xodimlar, 12 nafar texnik xodimlar, 11 ta maxsus Damas, 48 ta traktor va tirkamalar, 12 ta yuk mashinalari jalb qilindi. Otryadlar tomonidan, hududlarda faoliyat ko‘rsatayotgan 1048 ta chorvachilik xo‘jaliklari, shundan qoramolchilik yo‘nalishida 416 ta, (shundan 102 ta qoramolchilik-naslchilik xo‘jaliklari) qo‘y va echkichilik 207 ta (9 ta qorako‘lchilik, 1 ta naslli echkichilik), 3 ta yilqichilik 2 ta tuyachilik 98 ta, parrandachilik, 31 ta asalarichilik va 9 ta quyonchilik xo‘jaliklari birma-bir o‘rganib chiqildi. Xo‘jaliklarda malakali veterinar va chorvadorlar biriktirilib, kechayu-kunduz faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Qoramolchilik tarmog‘ida 416 ta fermer xo‘jaliklarining 148 tasiga qo‘shimcha 216 ta sug‘orish inshootlari, 51 ta toza suv sisternalari, 188 ta qishki binolar qayta sanatsiya qilindi. 4 ming 156 bosh qoramollar (2 yoshgacha bo‘lgan va erkak buzoqlar) yopiq binolarga joylashtirildi. Shuningdek, 78 ta fermer xo‘jaliklarida yem pishirish qozonlari, 48 ta isitish pechlari o‘rnatilib, buzoqxonalarda issiq somonli to‘shamalar, 459 ta eshik va derezalarda plyonkalar bilan mahkamlandi.

Jondor tumani “Moxon” hududidagi “Ibrohim Nurali Zufar” fermer xo‘jaligida 246 ta qo‘y va echkilar, 78 bosh qoramollar, Peshku tumanidagi “Peshku chorva yulduzi” MCHJdagi 112 bosh qoramollar, 316 bosh qo‘y va echkilar, Qorovulbozor tumani “Bo‘zachi” hududidagi “Zamir Amon” fermer xo‘jaliklarida parvarishlanayotgan 120 bosh qoramollar, 411 bosh mayda shoxli mollarga qo‘shimcha 13.4 tonna to‘yimli ozuqalar yetkazib berildi.

Shuningdek, 272 ming aholi xonadonlarida parvarishlanayotgan 1 million 89 ming bosh qoramollar 2 million 13 ming bosh qo‘y va echkilar, 178 ming bosh turdagi qishloq xo‘jaligi va uy hayvonlarini oziqlantirish, sug‘orish inshootlari zooveterinariya talablari asosida saqlash sharoitlarini yaxshilash maqsadida zooveterinar mutaxassislar tomonidan targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda.
Parrandachilik yo‘nalishida faoliyat ko‘rsatayotgan 92 ta (shundan 18 ta sanoat usulidagi parranda fabrikalari) parrandachilik xo‘jaliklarida 3 million 122 ming bosh parranda parvarish qilinmoqda.

Xo‘jaliklardagi 216 ta parrandaxonalar, 45 ta jo‘jaxonalarga 612 ta isitish pechlari (issiq havoni purkovchi moslamalar), elektr-energiya ishlab chiqaruvchi moslamalar (dvijok), 235 tonna to‘la qiymatli ozuqalar zaxirasi yaratildi.
Viloyatdagi 41 ta asalarichilik xo‘jaliklarida anomal sovuqlik davrida asalari oilalarini yer ustida paseykalarda sovuq qishdan saqlab qolish uchun uyadagi bo‘sh ramkalarni olib tashlash va maxsus ko‘rpacha va yostiqchalar bilan berkitish, uya tirqishlarini qisqartirish va uyalarni o‘ralgan joyda saqlash, asalariga qo‘shimcha ozuqalarni berish bo‘yicha tavsiyalar berilmoqda.

Chorva va parandachilik xo‘jaliklarining ichki ehtiyojidan kelib chiqib, chorva ozuqalariga (dag‘al xashak, kombikorma, to‘yimli va kuchli ozuqalar) xo‘jaliklar tomonidan 90 kunlik zaxirasi ta’minlanmoqda.
Chorva qishlovi mavsumida, tadbirlar davomida qo‘shimcha 2.9 ming tonna paxta shroti, 3.1 ming tonna paxta sheluxasi, 1.2 ming tonna kombikorma, 235 tonna kepak, 211 tonna boshqa chorva ozuqalari va qo‘shimchalari jamg‘arildi.
Shuningdek 5.5 ming komplekt issiq kiyim-bosh, 3.6 tonna yoqilg‘i-moylash materiallari zaxirasi yaratildi.
Ayni paytda viloyat hududlarida chorva mollari va parrandalar o‘rtasida sababsiz chiqim, o‘lim yoki majburiy so‘yish holatlari qayd etilmagan.
Zarif Komilov,
O‘zA