Buxoroda bugunga qadar 15 mingdan ortiq xonadonga “aqlli” hisoblagichlar oʻrnatildi
Buxoro viloyatida “Hududgaztaʼminot” AJ tomonidan barcha toifadagi isteʼmolchilar uchun “Aqlli” deb nomlanayotgan zamonaviy hisoblagichlarni oʻrnatish ishlari davom etmoqda.
Buxoro viloyatida “Hududgaztaʼminot” AJ tomonidan barcha toifadagi isteʼmolchilar uchun “Aqlli” deb nomlanayotgan zamonaviy hisoblagichlarni oʻrnatish ishlari davom etmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2019-yil 9-iyuldagi “Aholi va iqtisodiyotni energiya resurslari bilan barqaror taʼminlash, neft-gaz tarmogʻini moliyaviy sogʻlomlashtirish va uning boshqaruv tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq 2022-yilga qadar tabiiy gazni nazorat qilish va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimini barcha turdagi isteʼmolchilar uchun toʻliq joriy etish masalasi alohida eʼtiborga olingan.
Hisob-kitoblarga koʻra, viloyat miqyosida isteʼmolchilarga 262 ming 33 ta zamonaviy hisoblagich oʻrnatilishi rejalashtirilgan boʻlib, bugungi kunga qadar 15 mingdan ortiq xonadon “Aqlli” hisoblagichlardan foydalanishni boshlagan.
–Xonadonimizga soha xodimlari kelib, zamonaviy hisoblagichni bepul oʻrnatib berishdi, - deydi Buxoro tuman “Galaosiyo” MFYda istiqomat qiluvchi Homid Maʼrupov. – Yangi hisoblagich biz, isteʼmolchilar uchun juda qulay ekan. Ayniqsa, toʻlovni uydan chiqmagan holda turli pul toʻlash tizimi orqali amalga oshirish imkoni mavjudligi menga maʼqul boʻldi.