Buxoro viloyatida joriy yilning 15-17 avgust kunlari mustaqilligimizning 34 yilligi munosabati bilan “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori ostida “Umummilliy birdamlik festivali” bo‘lib o‘tdi.
Festival mamlakatda millatlararo totuvlik va ijtimoiy birdamlikni mustahkamlash, yoshlarda vatanparvarlik, insonparvarlik, mehr-oqibat va fidoyilik kabi ezgu fazilatlarni yuksaltirishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, bugungi kunda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlarning negizida xalq farovonligini ta’minlash va milliy birdamlikni mustahkamlash maqsadi yotibdi.
Festival G‘ijduvon tumanidagi Abduxoliq G‘ijduvoniy ziyoratgohiga tashrif bilan boshlandi. Tibbiyot texnikumida “Maslahat oshi” loyihasi doirasida o‘tkazilgan milliy urf-odat va an’analarni asrab-avaylash, ularni zamonaviy hayot talablariga moslashtirish, isrofgarchilikning oldini olish, oilaviy marosimlar madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan ochiq muloqotlar tashkil etildi. “Barkamol avlod” bolalar maktabida o‘tkazilgan “Inson qadri” loyihasi esa yoshlarni kasbga yo‘naltirish, ularning ijtimoiy faolligini oshirish va ehtiyojmandlarga ko‘mak berish orqali jamiyatda mehr-oqibat muhitini mustahkamlashga xizmat qildi. G‘ijduvon tumanidagi 10-son musiqa va san’at maktabi hamda “Malika Sulton” zardo‘zlik markazida tashkil etilgan “Dildagi gaplar” loyihasi yoshlarning psixologik savodxonligini oshirish, o‘z ustida ishlash madaniyatini shakllantirish va hayotiy saboqlar bilan boyitishga qaratildi.
Festivalning ikkinchi kuni Buxoro shahridagi Prezident maktabida “Baxtli bolalik sharafiga”, shuningdek, Vobkent tumanida “Farovon hayotga ilk qadam” loyihalari doirasida tashkil etilgan tadbirlar bilan davom etdi. Ushbu loyihalar yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish va kelajakka ishonchini yanada oshirishga xizmat qildi. Tadbirlar Davlat madhiyasi sadosi ostida tantanavor boshlandi. Shu kuni Buxoro shahridagi Yoshlar markazida nuroniy otaxon-onaxonlar ishtirokida “Maslahat oshi” tadbiri ham o‘tkazildi. Qorako‘l tumanidagi madaniyat hamda “Malika Sulton” zardo‘zlik markazlarida o‘tkazilgan “Dildagi gaplar” loyihasi doirasida tashkil etilgan ochiq muloqot va amaliy mashg‘ulotlar ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
Festival doirasida Buxoro davlat universitetida “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun” shiori ostida targ‘ibot tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoir Bobur Bobomurod, universitet professor-o‘qituvchilari va talaba-yoshlar ishtirok etdi. U yerda mustaqillik shukronasi, tinchlik ne’mati va Yangi O‘zbekistondagi ulkan islohotlar hayotiy misollar bilan tushuntirildi. “Ko‘hna va boqiy Buxoro” majmuasida esa O‘zbekiston xalq artistlari, taniqli professorlar, shoir va yozuvchilar, aktyorlar, xushovoz xonandalar hamda yosh ijodkorlar ishtirokida gala-konsert dasturi va turli ma’naviy-madaniy, sport tadbirlari o‘tkazildi. Bu tadbirlar barcha ishtirokchilarga xush kayfiyat bag‘ishladi.
Festivalning uchinchi kuni ham mazmunli o‘tdi. Kogon tumani 1-son jazoni ijro etish muassasasida “Inson qadri” loyihasi doirasida Toshkentdan kelgan san’atkorlar, yozuvchilar va ma’rifat targ‘ibotchilari jamiyati a’zolari mahbuslarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishib, kutubxona fondiga kitoblar sovg‘a qildi. Buxoro tumanida joylashgan 28803-harbiy qismda “Shijoat” loyihasi doirasida harbiylar ishtirokida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Festivalda yurtimizning taniqli ziyolilari, jumladan, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, falsafa fanlari doktori, professor Jamila Shermuhammedova, sotsiologiya fanlari doktori, dotsent Suxrob Xidirov, O‘zbekiston xalq artistlari Odina G‘oziyeva (Narzullayeva) va Mansur Toshmatov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Alisher Ro‘zmetov, shoir Bobur Bobomurod, shoiralar va madaniyat xodimlari faol ishtirok etdi.
–Bugungi tadbir mustaqillik yillarida jamiyatimizda yuz bergan ijobiy o‘zgarishlarning yorqin ifodasi bo‘ldi, – Professor Jamila Shermuhammedova. – Festival orqali biz xalqimiz birdamligini, madaniy merosimizni va ma’naviy birlikni his qildik. Xonanda Maftuna To‘rayeva ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar barchaga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
[gallery-24831]
Umummilliy birdamlik festivali zamonaviy O‘zbekiston fuqarolarida vatanparvarlik, insoniylik, milliy g‘urur va mehr-oqibat kabi qadriyatlarni yanada mustahkamlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda. Ushbu tadbir yoshlarda milliy va ma’naviy uyg‘unlikni shakllantirish, birdamlik va hamjihatlik ruhi bilan yashashga da’vat etishda o‘ziga xos platforma vazifasini o‘tayapti.
Bu festival — nafaqat madaniy-ma’rifiy tadbirlar majmuasi, balki Yangi O‘zbekiston taraqqiyotida bir yoqadan bosh chiqarib, birgalikda harakat qilish zarurligini eslatuvchi jonli maydondir.
Dilorom G‘afforova,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi
Shofirkon tuman bo‘linmasi rahbari