Ma’lumotlarga ko‘ra, 2021 yildan boshlab Buxoro cho‘l zonasida ekilgan 100 mingga yaqin saksovullar hozirda besh yarim million tonna zararli changlarni ushlab qolgan. Bu esa viloyat ekotizimiga sezilarli darajada ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Shunga asosan hozirda viloyatda qurilayotgan yangi Buxoro Xalqaro aeroporti atrofiga yana qo‘shimcha besh ming gektar hududda saksovul ekish ishlari jadal davom etmoqda.
– Viloyatda 200 ming gektar yashil o‘rmonzorlar tashkil etish bo‘yicha amaliy ishga kirishganmiz, – deydi, Buxoro Davlat O‘rmon xo‘jaligi direktori Rustam Hojiyev. – 2022-2026 yillar davomida 40 ming gektardan Yashil qoplama-himoya o‘rmonzorlari barpo etiladi. Shunga asosan, ikki yil Gazli massivida, Shofirkon tumani hududida o‘rmonzorlar barpo qilindi. Kelgusida bu o‘rmonzorlar barpo bo‘lsa, 3-4 yil chorva mollari boqilmasa qo‘m ko‘chish holatlarining oldi olinadi.
Davlatimiz rahbarining 2023 yil 23 noyabrdagi “Respublikada yashillik darajasini yanada oshirish, “Yashil makon” umummilliy loyihasini izchil amalga oshirish orqali ekologik barqarorlikni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni asosida Buxoro viloyatida ham yashil qoplama va belbog‘larni yaratish masalasi ustuvorlik kasb etmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2020 yilgacha qariyb 30 yil davomida Buxoroda ekilgan saksovulzorlar maydoni 272 ming gektarni tashkil qilgan bo‘lsa, 2022-2026 yillarda viloyat miqyosida 200 ming gektar Yashil qoplama-himoya o‘rmonzorlari barpo etiladi.
– Bahor mavsumida 9 million 712 mingdan ortiq ko‘chatlar, nihol va butalar ekish rejalashtirilgan, – deydi Buxoro viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Muzaffar Aslonov. – Viloyatning chang bo‘ronlarga qarshi Olot tumanining cho‘l hududida 2024 yilda 40 ming gektar Yashil qoplamalar barpo qilindi. Bu Yashil qoplamalar qo‘shni Turkmaniston Respublikasi hududidan kirib kelayotgan chang bo‘ronlarini oldini olishga xizmat qiladi.
Yangidan qurilayotgan Buxoro Xalqaro aeroportida ham besh ming gektar maydonda viloyat iqlimiga mos bo‘lgan saksovul ko‘chatlari va urug‘lar ekib, Yashil qoplamalar barpo qilinmoqda. Buning uchun Buxoro davlat universitet olimlari, viloyat ekologiya xodimlarini tuproq iqlim sharoitlaridan namunalar olib aynan sho‘rlik, tuproq tarkibi o‘rganilmoqda.
So‘nggi yillarda yer yuzda ko‘plab ekologik muammolar ko‘zga tashlanmoqda. Mavjud suv zaxiralari sathining kamayib borishi, cho‘llanish, iqlim o‘zgarishi kabi vaziyatlar natijasida qum ko‘chish xavfi ham sezilarli darajada oshdi. Bugun insoniyat chang bo‘ronlari bilan ham kurashishiga to‘g‘ri kelmoqda. Yangi loyiha ushbu xavfni imkon qadar kamaytiradi.
– Iqlim sharoitlariga moslashish maqsadida butun yer sharida yashil maydonlarni ko‘paytirish masalasi kun tartibiga chiqdi, – deydi O‘zbekiston Ekologik partiyasi Buxoro viloyat kengashi raisi o‘rinbosari Jahongir Sharipov. Bu borada viloyatda ulkan salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida bugun ekilgan dov-daraxtlar bo‘y cho‘zib, yurtimizda, viloyatimizda yashil maydonlarning ko‘payishiga katta hissa qo‘shmoqda. Qolaversa, cho‘l hududlaridagi salbiy ta’sirlarni kamaytirish, transchegaraviy havo ifloslanishini oldini olish maqsadida ham qo‘shni davlatlardan, qo‘shni hududlardan kirib kelishi ehtimoli bo‘lgan o‘sha issiq havo bosimlari umuman chang, bo‘ronlarning oldini olish maqsadida ham cho‘l hududlari bugungi kunda iqlimga mos bo‘lgan, sho‘rxok yerlarga chidamli bo‘lgan o‘simliklar, ayniqsa, saksovul cherkes kabi o‘simliklardan iborat yashil qoplamalar bilan o‘rab olinmoqda.
– Markaziy Osiyoda iqlimning o‘zgarishi ikki baravarga oshganligini ko‘rsatmoqda. Iqlimning o‘zgarishi cho‘llanishni avj olishiga sabab bo‘lmoqda. Oxirgi paytlarda suv tanqisligi sabab, haroratning oshishi suvga bo‘lgan talabni yanada oshirdi. Mana shu holatlarning oldini olishning eng yagona yo‘li bu ko‘kalamzorlashtirish. Saksovullar ekish bu katta o‘zining ijobiy ta’sirini beradi. Bitta saksovul yoshiga qarab 2-3 tonnadan 20 tonnagacha qumni saqlab qolishi mumkin. Agar uni qator qilib ekilsa, ularning hajmi 40 tonnagacha borishi mumkin, – deydi Buxoro davlat universiteti dotsenti Farhod Jumayev.
[gallery-22606]
Davlatimiz rahbarining topshirig‘i asosida Buxoro cho‘l hududlarida yashil belbog‘ va qoplamalar yaratish ishlariga uch yil oldin start berilgan edi. Shu davr mobaynida viloyatning Jondor tumanida 60 ming va Shofirkon tumanda 20 ming va Olot tumanida 40 ming gektar maydonda saksovul va boshqa turdagi cho‘l o‘simliklari ekildi. Global iqlim o‘zgarishi, orolbo‘yi mintaqadagi turli qum ko‘chishlar va atmosferaga chiqadigan changlar miqdorini kamaytirishga qaratilgan loyiha natijasida anchayin samaralarga erishilgani ham bor gap.
Yana bir ma’lumot, o‘rta yoshli bir tup saksovul bir tonnaga yaqin qumni o‘zida saqlab qoladi, ikki yillik saksovulzorda shamol tezligi 20 foizga, olti yillik o‘rmonda esa 80 foizga kamayadi. Shuningdek, bir gektar maydondagi saksovul chang va qumli tuzlar bilan ifloslanishni olti barobarga kamaytiradi va 835 kilogramm kislorod ishlab chiqaradi. Demak, Buxoro shahrini o‘rab oluvchi yashil belbog‘ kelgusida hududdagi ekologik barqarorlikni ta’minlashda ham muhim ahamiyatga egadir.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.