Yangi yo‘llar – yangi imkoniyatlar demak. Chunki sifatli yo‘l haydovchi va yo‘lovchilar uzog‘ini yaqin qilish, shahar havosi musaffoligini ta’minlash, ko‘chalarda tirbandlikning oldini olishga xizmat qiladi. Avtomobil va piyodalarning xavfsiz harakatlanishiga zamin yaratadi.
Yo‘l xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan OAV vakillari hamda ijtimoiy tarmoq faollarini tanishtirish maqsadida Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tomonidan Buxoro viloyatiga press-tur tashkil etildi.

Buxoro viloyati Avtomobil yo‘llari Bosh boshqarmasi tarkibida 18 ta tizim yo‘l korxonasi mavjud bo‘lib, korxonalarda jami 1 ming 896 nafar rahbar va xodim faoliyat yuritmoqda. Korxonalar tasarrufida jami 225 ta maxsus texnika bor.
Viloyatda jami 15 ming 464 km uzunlikdagi avtomobil yo‘llari bo‘lib, boshqarma tasarrufidagi yo‘llar - 4004 km, xalqaro ahamiyatdagi yo‘llar - 478 km, davlat ahamiyatidagi yo‘llar - 1120 km va mahalliy ahamiyatdagi yo‘llar - 2406 km.dan iborat. Shundan 11 ming 460 km qishloq avtomobil yo‘llari, shaharlar, shahar posyolkalari, qishloqlar va ovullar ko‘chalarini tashkil etadi.

Qayd etish lozimki, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki bilan 2026 yil 30 iyungacha amal qiladigan qarz bitimi imzolangan. Loyihani amalga oshirish muddati 2021—2025 yillar etib belgilangan. Loyiha quvvati 78 kilometrdan iborat bo‘lib, Qorovulbozor, Buxoro, Kogon tumanlari, Kogon shahri va Buxoro shahri hududlarini qamrab olgan.
Mazkur loyiha doirasida 63,36 km (81 foiz) uzunlikdagi avtomobil yo‘lining o‘ng qismi va 55,03 km (70 foiz) uzunlikdagi avtomobil yo‘lining chap qismidagi mavjud asfalt qoplamasini kesish ishlari bajarildi. 63,30 km (81 foiz) uzunlikdagi avtomobil yo‘lining o‘ng qismi va 44,04 km (56 foiz) avtomobil yo‘lining chap qismida qum-shag‘al aralashmasidan 25 sm qalinlikda yo‘l asos qatlami yotqizildi. 63,3 km (81 foiz) uzunlikdagi yo‘lning o‘ng qismi va 42,51 km (55 foiz) uzunlikdagi yo‘lning chap qismida 20 sm qalinlikdagi M-75 markali sement-beton aralashmasi (STB) bilan asosning ustki qatlami yotqizildi.

Bundan tashqari 58 km (100 foiz) uzunlikdagi yo‘lning o‘ng qismi va 26,46 km (34 foiz) chap qismida 2 tasmali 27 sm qalinlikdagi sement-beton (M-400) qoplamasi yotqizildi. 7,4 km uzunlikdagi avtomobil yo‘lining ajratuvchi tasmasiga metall to‘siq o‘rnatish ishlari bajarildi.
Respublikada xalqaro moliya institutlari ishtirokida ichki yo‘llarni yangicha yondashuv va xalqaro standartlar asosida sement-beton qoplamaga o‘tkazish bo‘yicha qurish ishlari uch bosqichda amalga oshirilmoqda.
“Sement-beton qoplamali ichki yo‘llarni qurish” loyihasining birinchi bosqichida hududlarda (Buxoro viloyatida – 53,9 km, Surxondaryo viloyatida – 52,9 km) jami 106,8 km uzunlikdagi sement-beton qoplamali yo‘llarni qurishga yo‘naltirish belgilangan. Osiyo taraqqiyot banki ishtirokidagi Buxoro viloyatida joylashgan “A380 “G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beyneu” avtomobil yo‘lining 228—315-km qismini rekonstruksiya qilish” loyihasi doirasida Buxoro viloyatida 54 km ichki yo‘llarni rekonstruksiya qilish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha pudrat shartnomasi tuzilgan.
2024 yilda Buxoroda respublika va mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan jami 220 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ evaziga 857,4 km avtomobil yo‘llari va 21 dona ko‘prik ta’mirlangan va foydalanishga topshirildi. Shundan 209,9 km asfaltlashtirilgan va 187,5 km ichki xo‘jalik avtomobil yo‘llari shag‘allashtirilgan. Bundan tashqari, viloyat hududidagi 8 ta MFYning 80 km tuproq yo‘llari hashar yo‘li bilan shag‘allashtirilgan.
Joriy yilda ham yo‘ldagi islohotlar davom ettirildi. Jumladan, Buxoro viloyati hududidagi mavjud 4004 km umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarining 800 kilometrdan ortiq qismidagi mavjud nuqsonlar bartaraf etildi va ravonligi ta’minlandi. Bundan tashqari, ichki xo‘jalik avtomobil yo‘llari “Tashabbusli byudjet” dasturi doirasida g‘olib bo‘lgan loyihalarning pudrat korxonalarini aniqlash maqsadida “Shaffof” elektron tender platformasida e’longa joylashtirilgan.
Xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan A380 “G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beyneu” avtomobil yo‘lining 150—228-km (78km) qismida Xitoy kompaniyasi tomonidan sement-beton qoplama bilan qayta qurish ishlari olib borilmoqda. Loyiha doirasida 78 km avtomobil yo‘lini yangidan qurish, 10 dona yer osti piyodalar o‘tish joyi va avtomobil yo‘lining 224 km qismida yo‘l o‘tkazgich tonnelini qurish ishlari rejalashtirilgan. Bugungi kunda qurilish ishlari olib borilmoqda.
Shuningdek, Yangi Buxoro Xalqaro aeroportiga olib boruvchi muqobil avtomobil yo‘li va boshqa 8 dona ob’ektda qurilish ishlari olib borilmoqda. Harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida 701 dona yangi yo‘l belgisi o‘rnatildi. Ikki yo‘nalishda dastlabki, yo‘naltiruvchi va masofa ko‘rsatuvchi yo‘l ko‘rsatkichlari o‘rnatildi. 4 km aholi punktlarida velosiped yo‘laklari qurildi. 5 km umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarida qarama-qarshi yo‘nalishlarni ajratib turuvchi 1-guruh to‘siqlari o‘rnatildi.
Yo‘llar sifatini yaxshilash borasidagi ishlar barcha hududlarda davom ettiriladi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA