Buxoro viloyatining Romitan tumani Gazli shahrida chigirtkalar sonining keskin oshishi kuzatildi. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Zoologiya instituti olimlari bu bo‘yicha quyidagicha munosabat bildirdi:
"Ma’lumki, Buxoro viloyatining maydoni 39400 kvadrat kilometrni tashkil etib, hududning 80 foizdan ortig‘ini Qizilqum cho‘li tashkil etadi. Cho‘l hududining aksariyat qismida saksovul, yulg‘un, qandim, teresken kabi cho‘l o‘simliklari o‘sadi. Bu cho‘l o‘simliklari orasida oq saksovul o‘simligi dominantlik qiladi. Hududda saksovulzorlarning ko‘p bo‘lishi bu o‘simlik bilan oziqlanadigan boshqa organizmlarning, xususan katta saksovul bukrisi chigirtkasining ko‘payishiga sharoit yaratadi.
Katta saksovul bukrisi chigirtkasi to‘da hosil qilmaydigan chigirtkalar qatoriga kirib, u faqatgina saksovul o‘simligi barglarini iste’mol qiladi. Boshqa hech qanday o‘simlik yoki qishloq xo‘jaligi ekinlariga zarar keltirmaydi. Odatda katta saksovul bukrisi chigirtkasi rivojlanishi uchun 40-50 kun muddat talab etiladi. Agar harorat yuqori va ozuqa miqdori ko‘p bo‘lsa, bu chigirtka nisbatan tezroq rivojlanishi ham mumkin.

Ta’kidlash joizki, katta saksovul bukrisi chigirtkasini lichinkalik davrida uning maskirovka qiluvchi sarg‘ish yashil rangi saksovulzorlar orasida payqashni qiyinlashtiradi va agar mutaxassis sinchiklab qaramasa, bu chigirtka tarqalgan hududni aniqlab bo‘lmaydi.
Buxoro viloyati hududida katta saksovul bukrisi chigirtkasining tarqalish o‘choqlari asosan Qorako‘l, Jondor, Peshku, Romitan tumanlari saksovulzorlarida bo‘lib, bu hududlar Gazli shahriga olib boradigan A-380 avtomagistrali atrofida joylashgan.
Chigirtkalarning bioekologiyasidan ma’lumki, ular yorug‘lik tomon intiladi va kechqurungi yoritish chiroqlari chigirtkalarni o‘ziga jalb qiladi. Bundan tashqari, avtomagistral yo‘ldan chiqayotgan issiqlik ham chigirtkalarni o‘ziga jalb qiladi va natijada chigirtkalarning yorug‘ va issiq joylarga uchib kelishi tez-tez kuzatiladi.
Bu tur chigirtka o‘zining katta o‘lchamiga qaramasdan pestitsidlarga juda sezgir bo‘lib, kimyoviy preparatlar ta’sirida tezda nobud bo‘ladi. Hozirgi kunda Buxoro viloyatida tarqalgan katta saksovul bukrisi chigirtkasining ommaviy ko‘payishiga qarshi kurash choralari olib borilgan va chigirtkalarning tarqalishi nazorat ostiga olingan."
N.Rahmonova, O‘zA