Buxoro viloyatida 23 ming 740 nafar o‘quvchi maktabni tamomladi
FOTOREPORTAJ
Buxoro shahridagi 29-umumta’lim maktabida ham “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbiri “Yuksak ma’rifatli avlod – Uchinchi Renessans poydevori!” shiori ostida tashkil etildi.
Bayramona ruhdagi tadbirda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimiz maktablari bitiruvchilariga yo‘llagan tabrigi tantanali ravishda o‘qib eshittirildi.
Tadbir davomida bitiruvchilarga ezgu tilaklar bildirilib, ularning kelgusidagi hayot yo‘llarida ulkan muvaffaqiyatlar tilandi. Yosh avlodning bilimli, ma’naviy yetuk va vatanparvar insonlar bo‘lib voyaga yetishi Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining mustahkam poydevori bo‘lib xizmat qilishi ta’kidlandi.
Mazkur ta’lim muassasasini joriy o‘quv yilida 28 nafar bitiruvchi tamomladi. Ularning 5 nafari muddatidan avval talabalik baxtiga muyassar bo‘ldi.
[gallery-29631]
Ta’kidlash joiz, viloyatda “So‘nggi qo‘ng‘iroq” sadolari yangragan ushbu unutilmas va hayajonli kunda 549 ta umumta’lim maktabining 23 ming 740 nafar 11-sinf bitiruvchisi qadrdon maktabi, ustozlari va sinfdoshlari bilan xayrlashdi. Ularning qalbida katta orzu-maqsadlar, Vatanga sadoqat va kelajakka ishonch mujassam.
Quvonarlisi, viloyat bo‘yicha 426 nafar bitiruvchi maktabni oltin medal, 127 nafari esa kumush medal bilan yakunladi. Bu esa ta’lim tizimida olib borilayotgan islohotlar, ustozlarning fidokorona mehnati hamda yoshlarning bilim olishga bo‘lgan intilishlari samarasidir.
Tohir ISTATOV (surat), O‘zA