Buxoro viloyatida 2 mingga yaqin transformator kapital va joriy ta’mirlandi
“Buxoro hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyati tomonidan ayni kunlarda kuzgi-qishki mavsumga tayyorgarlik tadbirlari tizimli ravishda amalga oshirilmoqda.
“Buxoro hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyati tomonidan ayni kunlarda kuzgi-qishki mavsumga tayyorgarlik tadbirlari tizimli ravishda amalga oshirilmoqda.Kommunal xizmatlar sifati, jumladan, elektr energiyasi ta’minotining barqarorligi turmush farovonligini belgilovchi omillardan biridir. Bu kuz-qish davrida yanada dolzarb ahamiyat kasb etadi. “Buxoro hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyati va uning quyi bo‘g‘inlarida ushbu masalaga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Birinchi Prezidentimizning 2016-yil 10-iyundagi Respublika iqtisodiyoti tarmoqlari va ijtimoiy sohalarni 2016-2017-yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga kompleks tayyorlashni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir.
– Bizning xizmatimizdan foydalanuvchilar 373 mingdan ortiq bo‘lib, ularning qariyb 356 mingi aholi, qolgani ulgurji iste’molchilardir, – deydi “Buxoro hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyati bosh direktori R.Mamatov. – Kuzgi-qishki mavsumga tayyorgarlik tadbirlari tizimli ravishda amalga oshirilmoqda. Ta’minot barqarorligiga erishishda elektr uzatish tarmoqlarida texnologik yo‘qotishlarni kamaytirish ham muhim ahamiyatga ega. Bu masala yechimi borasida texnik yangilanish va modernizatsiya tadbirlari bajarilmoqda. G‘ijduvon tumanidagi “Soktare”, “Sarmijon”, Olot tumanining “Soyin qorovul”, “Paxtakor”, Buxoro tumanidagi “Rabotiqalmoq”, “Kunjiqal’a” qishloq fuqarolar yig‘inlari hududidagi qariyb 9 kilometrli elektr uzatish simlari almashtirildi. Bu 12 mingdan ziyod xonadonning elektr energiya ta’minotini yaxshilashga xizmat qiladi.
Buxoro va Kogon shaharlaridagi 1063 ko‘p qavatli uyni energiya bilan ta’minlovchi tarmoqlarning texnik holatini tegishli darajada ta’minlash choralari ko‘rildi.
Qishloq joylarda namunali loyihalar asosida zamonaviy uylar qurish ko‘lami kengayib bormoqda. Joriy yilda viloyatda 992 ana shunday uy barpo etildi. “Buxoro hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyati ishchi-mutaxassislari tomonidan bunday uy-joylarning elektr ta’minotini amalga oshirish maqsadida umumiy uzunligi 22 kilometrdan ortiq tarmoq uzatish liniyalari tortilib, 25 transformator punkti ishga tushirildi.
Korxonaning xizmat ko‘rsatuvchi tarmoqlaridan foydalanuvchi iste’molchilar safi yildan-yilga kengaymoqda. Bu ayrim hududlarda qishda elektr energiyasiga ehtiyojni qondirish, ta’minotda yuz berishi mumkin bo‘lgan uzilishlarning oldini olishga qaratilgan qo‘shimcha choralar ko‘rishni taqozo etadi. Shundan kelib chiqib, tegishli hududlardagi transformatorlar katta quvvatlisiga almashtirildi.
Kuzgi-qishki mavsumga tayyorgarlik doirasida qariyb 2 ming transformator mukammal va joriy ta’mirlandi. 2 mingdan ortig‘i ko‘rikdan o‘tkazilib, kamchiliklar bartaraf etildi.
Belgilangan chora-tadbirlarga muvofiq, viloyatdagi 534 umumta’lim maktabi, 347 maktabgacha ta’lim muassasasi, 469 shifoxona va boshqa tibbiy muassasalarga elektr yetkazib beruvchi qurilmalarni mavsumga tayyorlash nihoyasiga yetkazilmoqda.
Elektr energiyasining barqaror ta’minotida undan samarali foydalanish ham muhim ahamiyatga ega. Bunda tejamkor lampalarning o‘rni katta. Mutaxassislarning fikricha, viloyatda aholi xonadonlarining har qaysisida 5 cho‘g‘lanma lampa svetodiod lampalarga almashtirilishi 90 megavatt elektr energiyasini iqtisod qilish imkonini beradi. Shuning uchun aholi o‘rtasida svetodiod lampalarning afzalligi keng targ‘ib qilinmoqda. Masalan, “Buxoro hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyati Buxoro tumanidagi “Rabotak” mahalla fuqarolar yig‘ini bilan hamkorlikda mazkur yo‘nalishda ish olib bordi. Korxona kam ta’minlangan oilalarga svetodiod lampalarni xarid qilishga moliyaviy ko‘maklashdi. Buning natijasida ushbu xonadonlarda elektr energiyasi sarfi 30 foizga qamaydi. Hozir aholi o‘rtasida tejamkor lampalardan foydalanuvchilar tobora ko‘payib borayotir.