Buxoro viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Ombudsmanning Buxoro viloyatidagi mintaqaviy vakili Jondor tumani IIBda monitoring tashrifini o‘tkazdi. Tuman IIBga qarashli navbatchilik qismidagi ushlanganlarni saqlash xonasi ko‘zdan kechirildi.
– O‘zbekiston Respublikasi IIVning 1998 yil 10 dekabrdagi 250-sonli buyrug‘i bilan tashkil etilgan ma’muriy tartibda ushlangan shaxslarni saqlash xonalari shahar va tuman ichki ishlar organlari navbatchilik qismlarining maxsus xonalari hisoblanadi. Ular ma’muriy huquqbuzarlik sodir etganligi uchun olib kelingan shaxslarni qisqa muddatga joylashtirishga mo‘ljallangan, – deydi Ombudsmanning Buxoro viloyatidagi mintaqaviy vakili Abira Huseynova.
G‘ijduvon tumani IIBga qarashli navbatchilik qismidagi ushlanganlarni saqlash xonasining holati ham o‘rganildi. Monitoring yakunlariga ko‘ra, aniqlangan ayrim kamchiliklar bo‘yicha ta’sir choralari shaklidagi hujjatlarni kiritish ta’minlanadi.
***
Buxoro davlat universitetida xodimlarning mehnat muhofazasi bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan seminar o‘tkazildi. Unda universitetning qorovullar, elektromontyorlar, chilangarlar, elektr payvandlovchilar, bog‘bonlar, o‘quv binolari komendantlari hamda talabalar turar joylari mudirlari ishtirok etdi.

O‘quv mashg‘uloti universitet prorektori O‘.Rashidov hamda universitetning Binolarni saqlash va obodonlashtirish departamenti boshlig‘i Sh.Tursunov tomonidan tashkil etildi. Tadbir davomida 2025 yil davomida mehnat intizomini mustahkamlash borasida amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinib, mehnat muhofazasi sohasidagi amaldagi qonunchilik hujjatlari mazmun-mohiyati tushuntirildi.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasining “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonuni, Vazirlar Mahkamasining 819-sonli qarori, ish joyida yo‘riqnoma o‘tkazish tartiblari hamda ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalardan majburiy ijtimoiy sug‘urta masalalari yuzasidan mutaxassislar tomonidan ma’ruzalar qilindi.
***
So‘nggi yillarda mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish, energiya tejovchi texnologiyalarni keng tatbiq qilish borasidagi islohotlar natijasida aholi xonadonlarida quyosh panellarini o‘rnatish keng ommalashmoqda.

Jumladan, Buxoro viloyati Qorako‘l tumanining Yangi turmush mahallasida istiqomat qiluvchi Umar Boltayev o‘z xonadoniga quyosh panellarini o‘rnatib, bir vaqtning o‘zida oilasining elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qondirish barobarida, ortiqcha ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasini davlatga sotish orqali qo‘shimcha daromad manbaiga ham ega bo‘ldi.

– Xonadonimizga 50 kVt soat quvvatga ega quyosh panellarini o‘rnatdik. Bu quvvat oilamiz uchun to‘liq yetarli bo‘lish bilan birga, iste’moldan ortgan elektr energiyasini sotish imkonini bermoqda. Dastlab kredit asosida o‘rnatgan bo‘lsak-da, hozirda sotilayotgan elektr energiyasidan tushayotgan daromad kredit to‘lovlarini bemalol qoplamoqda. Shu bois, barchaga quyosh panellarini o‘rnatib, muqobil energiya manbaiga ega bo‘lishni tavsiya qilaman, – deydi Umar Boltayev.
Darhaqiqat, bunday loyihalar nafaqat aholi farovonligini oshirishga xizmat qilmoqda, balki elektr tarmoqlariga tushayotgan yuklamani kamaytirish, atrof-muhitni muhofaza qilish hamda energiya mustaqilligini ta’minlashda ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.