Buxoro viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Mamlakatimiz mustaqilligining 34 yillik bayrami arafasida respublikamizning ko‘plab hududlarida yangi turar joylar maktablar, bog‘chalar qurilib foydalanishga topshirilmoqda. Bunday hayrli ishlar Buxoro viloyati hududlarida ham amalga oshirilmoqda.

Jumladan, bayram arafasida Kadastr agentligi Buxoro viloyati Vobkent tumani bo‘limining yangi zamonaviy binosi foydalanishga topshirildi. Ochilish tadbirida davlat kadastrlar palatasi va agentligi Buxoro viloyat boshqarmasi rahbariyati, tuman mas’ullari, jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Tadbirda so‘z olganlaristiqlol ayyomiga vobkentliklarga yuqori darajadagi kadastr xizmati ko‘rsatish uchun o‘zigaxos tuhfa bo‘lgan zamonaviy inshoot bilan barchaniqutladi.
Qurilish bunyodkorlik ishlariga 3 milliard 600 million so‘m mablag‘ sarflanib, filial yangi mebel va zamon talabiga mos texnik vositalar bilan ham jihozlandi. Foydalanishga topshirilgan ko‘rkam binoda o‘ttizga yaqin mutaxassis-xodim faoliyat yuritib, bu yerga murojaat bilan kelayotgan aholi vakillari uchun barcha shart-sharoit yaratilgan.
***
Buxoro viloyati Buxoro tumanida Investitsiya dasturi asosida davlat byudjetidan ajratilgan 5 milliard 600 million so‘m mablag‘ hisobiga “Shexoncha” mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan 17-sonli umumta’lim maktabining 620 o‘rinli binosi zamon talablariga mos holda to‘liq qayta ta’mirlandi. Bu ishlarda pudratchi sifatida “Kapital sifat qurilish servis” MCHJning mohir quruvchilari alohida jonbozlik ko‘rsatdi. Endilikda mazkur yangi zamonaviy andozadagi, har tomonlama shart-sharoit yaratilgan ta’lim muassasasida 60 nafar o‘qituvchi barkamol avlod vakillariga saboq beradi.


Maktab yangi o‘quv binosining tantanali ochilish marosimida tuman hokimi Anvarjon Ochilov boshchiligidagi mutasaddilar, tuman faollari, maktab o‘qituvchilari, mahalla nuroniylari hamda ota-onalar ishtirok etdi.

– Mamlakatimiz Prezidentining sohaga qaratayotgan e’tibori va g‘amxo‘rligi tufayli ta’lim dargohimiz o‘quv binolari qayta ta’mirlanib, foydalanishga topshirilgani mahalladoshlarimiz, ayniqsa, o‘qituvchilar va ular shogirdlarini juda xursand qildi. Yangi zamonaviy bino qurilishi bilan muassasada ta’lim-tarbiyani bugungi zamon talablari darajasiga ko‘tarish uchun barcha shart-sharoit hozirlandi. Bu esa biz muallimlar zimmasiga shunday, yangi imkoniyatlarga mos faoliyat olib borishdek mas’uliyatni yuklaydi. Maktab Yangi O‘zbekistonning taraqqiy etgan kelajagini yaratishda muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi, – deydi maktab direktori Zulfiya Shaxobova.
***
Bayram arafasida Buxoro viloyati Kogontumani “Sarayon mahalla markazi” binosifoydalanishga topshirildi. Tantanali tadbirda so‘zga chiqqanlar hudud aholisini zamonaviy qiyofadagi, ko‘rkam mahalla binosi bilan muborakbod etib, so‘nggi yillarda mamlakatimizda mahalla instituti faoliyatini yanada rivojlantirish, uni xalqchil tuzilmaga aylantirish borasida qator ishlar amalga oshirilayotganini alohida ta’kidladi.

Yangi qurilgan mahalla binosida mahalla raisi, mahalladagi hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli hamda profilaktika inspektori uchun alohida xonalar mavjud. Ularning har biri zamonaviy moddiy-texnika vositalari va mebel jihozlari bilan ta’minlangan. Xususan, mazkur ko‘rkam bino 3 qavat hamda yer to‘la qismidan iborat bo‘lib, birinchi qavat ayollar va erkaklar uchun alohida go‘zallik saloni va savdo do‘koni, ikkinchi qavatasosan o‘quv markazlariga ajratilgan bo‘lib, unda kasbga yo‘naltirish markazi va fitnes zali hamda uchinchi qavatda tikuv sexi, kiyimlarni kimyoviy tozalash xonasi va yoshlar bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish uchun IT markazi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Mazkur mahalla binosi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 18 sentyabrdagi “Islom taraqqiyot banki va OPEK xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi ishtirokida qishloq joylarni barqaror rivojlantirish loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan “Gʻijduvon Texstroy Progress Plus” MCHJ tajribali quruvchilari tomonidan jami 4 milliard 500 million so‘mga yaqin mablag‘ evaziga bunyod etildi.

Tadbirda viloyat hokimining o‘rinbosari Hafiza Artikova, tuman hokimi Otabek Qazoqov boshqa mas’ul mutasaddilar, jamoatchilik vakillari, nuroniylar hamda mahalla ahli ishtirok etdi.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri