Buxoro viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Bolalar va yoshlar o‘rtasida kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish, ularning intellektual salohiyati va ma’naviy saviyasini yuksaltirish maqsadida mamlakatimizda har yili “Yosh kitobxon” tanlovi o‘tkazilishi an’anaga aylangan.
Buxoroda bo‘lib o‘tgan “Yosh kitobxon” tanlovining viloyat bosqichida shahar va tumanlardan 1-o‘rinni egallagan jami 13 nafar ishtirokchi 2 ta shart asosida bellashdi.
Tanlovda “Badiiy asarlar bilimdoni” va “Tezkor savol-javob” shartlarida ishtirokchilarning tayyorgarliklari sinovdan o‘tkazildi. Natijalarga ko‘ra, 10-14 yosh toifadagi bahslarda Vobkent tumanidan kelgan Hanifa Ahrorova tanlovning Respublika bosqichida qatnashish uchun yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.


***
Bugungi kunda korrupsiyaga qarshi jamoatchilikning murosasiz munosabatini shakllantirish muhim vazifa hisoblanadi. Mazkur yo‘nalishda viloyat soliq boshqarmasi shaxsiy xavfsizlik bo‘limi xodimlari tomonidan viloyatning barcha shahar va tumanlaridagi aholi gavjum joylarda, savdo komplekslarida korrupsiyaga qarshi kurashishga qaratilgan targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Shunday tadbirlar Buxoro shahridagi “Karvon” buyum bozorida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’ektlari hamda Jondor tumani soliq inspeksiyasida tashkil etildi.
Tadbirkorlar bilan uchrashuvlarda soliq organlari tomonidan faoliyati davomida korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar va noqonuniy aralashuvlarga duch kelganda soliq qo‘mitasining hamda viloyat soliq boshqarmasining tegishli ishonch aloqa vositalari orqali murojaat yo‘llashlari tushuntirildi.


***
Buxoro viloyati Qorako‘l tumani Xalq qabulxonasi sektor rahbarlari bilan hududlarda 2025 yilning birinchi choragida sayyor qabullar o‘tkazish bo‘yicha reja tasdiqlab olingan.
– Rejaga asosan joriy yilning yanvar oyida 14 ta mahallalarda ommaviy sayyor qabul tashkil qilindi, – deydi tuman Xalq qabulxonasi mudiri A.Oqqiyev. – O‘tkazilgan sayyor qabullar jarayonida 60 nafar fuqarolardan kelib tushgan murojaatlarning 35 tasi joyida ijobiy yechimini topgan.
Jumladan, Xalq qabulxonasi hamda 3-sektor rahbari tomonidan Osiyo mahallasida o‘tkazilgan qabul jarayonida fuqarolar tomonidan ko‘p yillardan buyon 450 metr ichki yo‘l yozda chang qishda loy bo‘lishidan aziyat chekib kelayotganligi bo‘yicha fuqarolar nomidan Asqarjon Mustoqovning qilgan murojaatiga asosan yo‘llar shag‘allashtirib berildi.


Shuningdek, tuman hokimi bilan Polvonlar mahallasida o‘tkazilgan qabulda 1-guruh nogironligi bo‘lgan fuqaro Marhabo Oltiyevaning uy-joy qurishga mablag‘i yo‘qligi, hozirda akasining uyida vaqtinchalik istiqomat qilib kelayotganligi sababli qurish fundament qismiga shag‘al so‘rab qilgan murojaatiga asosan fuqaroga bepul shag‘al yetkazildi.
Bu kabi sayyor qabullar tumandagi boshqa mahallarda ham o‘tkazilib fuqarolarning muammolari bartaraf qilib kelinmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri