Buxoro viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
“Do‘rman” madaniyat markazi ish boshladi
Buxoro viloyati Qorako‘l tumani hokimligining madaniyat bo‘limiga qarashli “Qorako‘l” mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan “Do‘rman” madaniyat markazi mahalliy byudjet mablag‘i hisobidan qayta ta’mirlanib, foydalanishga topshirildi. Markazning ochilish marosimida tuman hokimligi, viloyat madaniyat boshqarmasi mutasaddilari, faollar, nuroniylar va yoshlar ishtirok etdi.

So‘zga chiqqanlar mamlakatimizda madaniyat sohasiga qaratilayotgan e’tibor tufayli chekka hududlarda ham zamonaviy, barcha qulayliklarga ega madaniyat ob’ektlar barpo etilib, xalqimizga xizmat qilayotganligini e’tirof etdi. Mazkur madaniyat maskani ham hudud aholisi, jumladan, yoshlar o‘rtasida madaniyat va san’atni keng targ‘ib etish, iste’dodli yigit-qizlarni tarbiyalashga xizmat qilishi ta’kidlandi.


Terimchilarga munosib rag‘bat
Joriy yil Buxoro viloyati Olot tumanida jami 7 ming 652 gektar yerda g‘o‘za parvarishlandi. Tumanda bevosita paxtachilikka ixtisoslashgan 206 ta fermer xo‘jaligi va paxta-to‘qimachilik klasteri tomonidan agrotexnik tadbirlar talab darajasida olib borildi. Hozirda hosilni nobud qilmay yig‘ib olishda fermer a’zolari, ko‘ngilli hasharchilar faollik ko‘rsatmoqda. Tuman hokimi Nargiza Ne’matova hududlardagi fermer xo‘jaligi dala maydonlarida bo‘lib, yig‘im-terim jarayonlari bilan tanishdi. Terim jarayonlarida jonbozlik ko‘rsatayotgan ilg‘or hasharchilarga oziq-ovqat mahsulotlari topshirildi.

Tuman rahbari shuningdek, “Xolbek” fermer xo‘jaligida ham bo‘lib, hasharchi terimchilar bilan samimiy suhbat qurdi. Terimchilarning “oq oltin” xirmoniga qo‘shayotgan ulushi, qo‘lga kiritayotgan paxta pullari, mehnatiga yarasha moddiy manfaatdorliklari bilan qiziqdi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.