Buxoro viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Buxoroda 30 iyun – yoshlari kuni bayrami keng nishonlandi. Sana munosabati bilan viloyatda “Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida keng qamrovli tadbirlar tashkil etildi.
Buxoro shahridagi Ark qo‘rg‘oni yon tomonida o‘tkazilgan bayram tantanasida viloyat hokimi Botir Zaripov Prezidentimizning O‘zbekiston yoshlariga yo‘llagan bayram tabrigini o‘qib eshittirdi. Shuningdek, viloyat rahbari Buxoroda so‘nggi yillarda yoshlarga oid davlat siyosati doirasida olib borilayotgan islohotlar, o‘zgarishlar haqida gapirdi. Viloyat yoshlarining erishayotgan yutuqlarini e’tirof etdi. Yoshlarning kelgusidagi o‘qish va ishlarida zafarlar tiladi.
Shundan so‘ng, viloyat rahbari sana munosabati bilan “Ko‘kaldosh” madrasasida tashkil qilingan “Zakovat” intellektual o‘yini bo‘yicha “Hokim kubogi” bahslarini borib ko‘rdi.Zakovatda viloyatdagi oliy o‘quv yurtlaridan tashqari Navoiy viloyatidan ham jamoalar ishtirok etdi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, Buxoro davlat tibbiyot instituti “Drim-tim” jamoasi birinchi, Navoiy viloyatining “Antanta” jamoasi ikkinchi, “Insayd” jamoasi uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
G‘olib va sovrindorlar diplom va sovg‘alar bilan taqdirlandi.
***
Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov Xitoyning “China Geo Engineering Corporation” kompaniyasi bosh menejeri Vang Lu Liangni qabul qildi.

Uchrashuvda menejer Vang Lu Liang viloyatda qurilish sohasida ulkan ishlar amalga oshirilayotganidan xabardorligini hamda bu xorijiy sarmoyadorlar uchun jozibadorlik kasb etayotganini qayd etdi. Qurilish sohasiga sarmoya kiritish, jumladan, ichimlik suvi va oqova suv tizimlarini rekonstruksiya qilish, quyosh, shamol, suv elektr stansiyalari barpo etish, avtomobil va temir yo‘llar qurish bo‘yicha hamkorlikda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish rejasini ma’lum qildi.

Botir Zaripov Xitoy kompaniyasi investitsiyasi ishtirokida Buxoroda ijtimoiy soha ob’ektlari, xususan, bog‘cha, maktab va tibbiyot muassasalari, shuningdek, ko‘p qavatli uy-joylar qurish yuzasidan takliflarini bildirdi.
Vang Lu Liang ushbu taklifni ijobiy qabul qildi, ijtimoiy soha ob’ektlari va uy-joy qurilishi loyihasi bilan yaqindan tanishgach, amaliy ishlarni boshlashga tayyor ekanligini bildirdi.

***
Buxoro viloyati hokimi o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Firuza Ibragimova Buxoro Davlat pedagogika instituti talaba yoshlari bilan uchrashdi.

Dastlab oliy ta’lim dargohida yaratilgan sharoitlar, talabalar tomonidan tayyorlangan qo‘l mehnati namunalari ko‘rgazmasi bilan tanishdi. Yoshlar bilan samimiy muloqotda bugun mamlakatimizda ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, oliy ta’limda ta’lim-tarbiya ishlari, yoshlar uchun yaratilayotgan sharoit xususida so‘z bordi. Yoshlarning taklif va fikr-mulohazalari tinglandi.

Uchrashuv yakunida yurt taqdiriga daxldorlik tuyg‘usi bilan yashab, o‘zlari tanlagan yo‘nalishda ilm va kasb-hunarni puxta o‘rganayotgan, turli tanlov va musobaqalarda faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritayotgan bir guruh o‘g‘il-qizlarga tashakkurnomalar topshirildi.
Zarif Komilov,
O‘zA muxbiri