Buxoro viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Buxoro viloyati Shofirkon tumanida “Doimo e’zozdasiz, aziz ustozlar” deb nomlangan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda sharafli kasb egalari, soha xodimlariga yana bir bor yuksak ehtirom ko‘rsatildi, bayramona dasturxon yozildi.
Tadbirni tuman hokimi Shukurullo Hakimov tabrik so‘zi bilan ochdi. Maktabgacha ta’lim, ta’lim va sport sohasida amalga oshirilgan islohotlar va qo‘lga kiritilgan natijalar e’tirof etildi. Tadbirda sohada uzoq yillar samarali mehnat qilib, tuman Xalq ta’limi bo‘limi mudiri vazifasida faoliyat olib borgan Xayrulla Hakimovga O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining “Xalq ta’limi fidoyisi” ko‘krak nishoni topshirildi.
Shuningdek, bir guruh maktab direktorlari, pedagog va murabbiylar tuman hokimi tomonidan birma-bir e’tirof etilib, ularga qimmatbaho va esdalik sovg‘alari berildi.


Buxoro viloyati prokuraturasi tashabbusi bilan sohada uzoq yillar mehnat qilgan faxriylar Mir Kulol va Bahouddin Naqshband ziyoratgohlariga sayohatda bo‘ldi.
Faxriylar Qorovulbozor tumani prokuraturasi binosida tizimdagi yosh xodimlar bilan suhbatlashdi. Tadbirda uzoq yillar prokuratura tizimida ishlagan tajribali ustoz Nasriddin Sadirovga Bosh prokuror buyrug‘i bilan "Fidoyi murabbiy" ko‘krak nishoni topshirildi.
Ustozlar uchun bayram dasturxoni yozildi. Faxriylar yurtga tinchlik, elga omonlik tilab duo qilishdi.

Buxoro viloyati Romitan tumanida “Ustoz va murabbiylar” kuni keng nishonlandi. Unda sektor rahbarlari, ta’lim tizimida uzoq yillar davomida faol mehnat qilgan ustoz va murabbiylar, yoshlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.
Tadbirda tuman hokimi Xurshid Toxirov so‘zga chiqib, ustoz-muallimlarni kasb bayramlari bilan muborakbod etdi. Faxriy ustoz va murabbiylar, umumiy o‘rta ta’lim maktablarining ilg‘or o‘qituvchilari, maktabgacha ta’lim hamda professional ta’limda faoliyat yuritayotgan bir guruh o‘z kasbining fidoyilariga tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Tumanning 11-IDUM o‘qituvchisi Zarif Nurullayev, 6-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi Ziyoda Bozorovalar O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi a’lochisi nishoni bilan taqdirlandi.
Tuman Madaniyat bo‘limi xodimlari tomonidan ijro etilgan dilbar kuy va qo‘shiq, raqslar guldastasi ustozlarga bayram qutlovi bo‘lib yangradi.


Zarif Komilov, O‘zA