Buxoro – Panjob: tashrif samarali bo‘ldi
Buxoroga tashrif buyurgan Pokiston Islom Respublikasining Panjob viloyati bosh vaziri Said Mohsin Raza Naqvi boshchiligidagi delegatsiya a’zolari, investor va tadbirkorlar yirik korxonalar faoliyati bilan tanishdi. Dastlabki manzil Shofirkon tumanida 1 ming 200 o‘rinli “AZTEX” tikuvchilik fabrikasi bo‘ldi.
Zamonaviy tikuv sexlari, xom ashyo va tayyor mahsulot omborlari, ofis va qo‘shimcha binolariga ega bo‘lgan yaxlit majmua faoliyati mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

“Guliston” mahalla fuqarolar yig‘inida barpo qilingan bu inshoot – Turkiya davlati texnologiyasi asosida qurilgan 120 metrga 108 metr o‘lchamdagi katta sex zamonaviy tikuv uskuna va dastgohlari bilan jihozlandi. Loyiha umumiy qiymati 50 milliard 700 million so‘mga teng.
Ushbu korxonada 14 milliard 170 million so‘m mablag‘ evaziga Yaponiyadan 660 dona zamonaviy tikuv mashinasi keltirilgan va yana mablag‘lar zarur uskuna xarid qilishga yo‘naltirildi. Fabrikada har birida 30 ta tikuv mashinasidan iborat 22 ta guruh ishlab chiqarish tikuv yo‘nalishlari yo‘lga qo‘yilmoqda. Jarayonda 10 milliard 900 million so‘m mablag‘ ishlab chiqarish uchun zarur yarim tayyor xom ashyo – mato uchun sarflanmoqda.

Tumanda ushbu yirik ishlab chiqarish korxonasining faoliyat boshlashi hudud iqtisodiy-ijtimoiy hayotida o‘ziga xos yangilik. Sababi tumanning 1 ming 200 dan ortiq chevar xotin-qizlari mazkur korxona tufayli ishli, o‘nlab, yuzlab oilalar moddiy manfaatdor bo‘ldi.
Martabali mehmonlar ayni paytda mahsulotlarini Yevropa mamlakatlariga eksport qilayotgan korxona salohiyatiga yuqori baho berdi. Jamiyat ta’sischisi Azamat Sultonov pokistonliklar bilan o‘zaro hamkorlikda investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirishga tayyor ekanligini bildirdi.

Pokiston delegatsiyasi a’zolari Bukhara Cotton Textile korxonasi faoliyati bilan ham tanishdi.
Buxorodagi BCT Cluster paxta-to‘qimachilik klasteri mamlakatda eng birinchi tuzilganlardan. U davlat rahbarining 2017 yil 19 maydagi qaroriga asosan tashkil etilgan. Mazkur klaster paxta yetishtirishdan tortib uni chuqur qayta ishlashgacha bo‘lgan barcha texnologik jarayonlarni yaxshi o‘zlashtirgan. Xususan, Romitan tumanidagi 8 ming gektar maydonda paxta yetishtirilsa, uning tolasidan ip yigirish, kalavani bo‘yash, mato to‘qish va kiyim tikish yo‘lga qo‘yilgan. Bukhara Cotton Textile korxonasi ushbu ishlab chiqarish zanjirining oxirgi halqasi hisoblanadi. Uni tashkil etish uchun 65 million AQSH dollaridan ziyod investitsiya yo‘naltirilgan.

Yana bir muhim jihati shundaki, ushbu korxona ilgari qarovsiz bo‘lib qolgan sobiq to‘qimachilik kombinati o‘rnida paydo bo‘ldi. Bu yerda bitta eski bino kapital rekonstruksiya qilinib, 19 ta yangi bino va inshootlar barpo etildi. Germaniya, AQSH, Belgiya va Fransiyadagi texnologik liniyalar, asbob-uskuna va dastgohlar bilan jihozlandi.

Paxta xom ashyosini tayyor mahsulotga aylantirayotgan mazkur korxonada hayotga tatbiq etilayotgan yirik istiqbolli loyiha xorijlik investorlarni qiziqtirdi. Ular mahsulotlar sifati, korxonaning istiqbolda amalga oshiriladigan loyihalari, eksport geografiyasi, xom ashyo manbalari yuzasidan amaliy takliflarini bildirdi.
Shu kuni mehmonlar Buxoroning diqqatga sazovor tarixiy obidalarini ham borib ko‘rdi. Shuning bilan Pokiston delegatsiyasining Buxoro viloyatiga tashrifi o‘z yakuniga yetdi.
Zarif Komilov,
O‘zA