Buxoro NQIZ: ishlab chiqarish hajmi yanada ortadi
“O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan avtobenzin narxlarining shakllanishi, taqchillikka yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, shuningdek, iste’molchilar uchun qancha miqdorda benzin va dizel yoqilg‘isi ishlab chiqarilayotganiga oid savollarga javob berish, jamoatchilikka to‘g‘ri axborot yetkazish maqsadida ommaviy axborot vositalari xodimlari va blogerlar uchun press-tur tashkil qilindi.
Neft va gaz sohasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risidagi keng qamrovli ma’lumotlarni jamoatchilikka o‘z vaqtida taqdim etish, aholiga tezkor va to‘liq axborot yetkazish hamda jamiyat faoliyati ochiqligi va shaffofligini ta’minlash maqsadida ommaviy axborot vositalari xodimlari vakillari va blogerlar Buxoro neftni qayta ishlash zavodida bo‘ldi.
Respublika hukumati va "O‘zbekneftgaz" AJ rahbariyati zamonaviy ilg‘or innovatsion texnologiyalar, yuqori samarali uskunalar, yangi materiallar, shu jumladan yangi katalizatorlar, eskirgan uskunalarni almashtirish, yirik investitsiya loyihalarini jalb etish orqali neft va gaz sanoatini rivojlantirish bo‘yicha maqsadli ishlarni olib bormoqda.
Buxoro NQIZ 1993-1997 yillarda "TEKNIP" (Fransiya) kompaniyasi loyihasi asosida qurilgan. Zavod yiliga 2,5 million tonna neft va gaz kondensatini qayta ishlash quvvatiga ega. 1997 yilning 22 avgustida foydalanishga topshirilgan. Joriy yilda zavodning 25 yilligi nishonlanadi.
Zavodda yuqori oktanli benzin (AI-80, AI-91, AI-92, AI-95, AI-98), dizel yoqilg‘isi (EKO, Yevro-4, 5), aviakerosin (Djet A-1), mazut, suyultirilgan gaz, oltingugurt, pirolizli gazolin, uglevodorod eritgichi kabi neft mahsulotlari ishlab chiqariladi. Zavodda qayta ishlash quvvati 2,5 million tonna bo‘lib, shundan 70 foizi gazkondensat, 30 foizi neft xom ashyolari ulushiga to‘g‘ri keladi.
Zavodga xom ashyolarni yetkazib berish quvur va temir yo‘llari orqali loyihalashtirilgan. “O‘zbekneftgaz” AJ tasarrufidagi boshqarmalar tomonidan yangi konlar o‘zlashtirilgan. Biroq ushbu konlardan temir yo‘l va quvurlar orqali yetkazib berish imkoniyati yo‘q. Shuning uchun hozirgi kunda Gazli boshqarmasi tomonidan qazib olingan xom ashyolar zavodga avtotsesternalarda yetkazilmoqda.
– Mablag‘larni tejash maqsadida Gazli neft va gaz qazib olish boshqarmasidan Buxoro neftni qayta ishlash zavodiga 27 dona gaz kondensati tashiydigan maxsus transport o‘tkazildi, – deydi direktorning fuqarolar murojaatini ko‘rib chiqish, infrastrukturani rivojlantirish va xodimlar bo‘yicha o‘rinbosari Nurali Primov. – Ushbu transportlar ta’mir talab bo‘lishiga qaramay qo‘shimcha ta’mirlanib ish faoliyatini boshladi. 2022 yil 1 yanvardan 31 may holatida 2 ming 155 ta reys amalga oshirilgan. Natijada 44 ming 419 tonna tashilgan. O‘g‘riliklarning oldini olish maqsadida har bir transport vositasi GPS bilan jihozlangan.
Zavodda “Atmosfera bosimi ostida neft va gazkondensatni haydash” (AT) texnologik qurilmasi yillik qayta ishlash quvvati 2 ming 500 tonna, “Neftni tuzsizlantirish va suvsizlantirish” (ELOU 1, 2) texnologik qurilmasi yillik qayta ishlash quvvati 1 ming 500 tonna, “Umumiy naftani vodorod yordamida tozalash” (GOB) texnologik qurilmasi yillik qayta ishlash quvvati 771 ming tonna, “Gazoylni vodorod yordamida tozalash” (GODT) texnologik qurilmasi yillik qayta ishlash quvvati 861 ming tonna, “Katalitik riforming” (CCR) texnologik qurilmasi yillik qayta ishlash quvvati 532,8 ming tonna, “Kerosinni demerkaptanlash” texnologik qurilmasi yillik qayta ishlash quvvati 300 ming tonna texnologik qurilmalar mavjud.
Bundan tashqari, “Gazlarni amin yordamida tozalash, “Nordon suvlarni bug‘latish”, “Oltingugurt olish” “Suyultirilgan gazlarni fraksiyalarga ajratish” kabi texnologik qurilmalar bor.
Tovar neft mahsulotlarini ishlab chiqarish quvvatlari Avtobenzin 641 ming tonna (AI-80, AI-91, AI-92, AI-95, AI-98), Dizel yonilg‘isi 1026,6 ming tonna (EKO, Yevro-4, 5), Aviakerosin 300 ming tonna (Djet A-1, Uglevodorod eritgichi), Mazut 480 ming tonna (M-40, M-100) hamda boshqa turdagi neft mahsulotlari.
Zavodda turli neft mahsulotlari jumladan, yuqori oktanli benzin (AI-80, AI-91, AI-92, AI-95, AI-98), dizel yoqilg‘isi (EKO, Yevro-4, 5), aviakerosin (Djet A-1), mazut, suyultirilgan gaz, oltingugurt, pirolizli gazolin, uglevodorod eritgichi kabi neft mahsulotlarini ishlab chiqaradi.
“Buxoro NQIZ” MCHJning asosiy maqsadi O‘zbekiston Respublikasi iste’molchilarini sifatli neft mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash va eksportni o‘zlashtirishga yo‘naltirilgan.
2021 yilda “Buxoro NQIZ” MCHJga jami 1 604,1 ming tonna uglevodorod xom ashyolari yetkazib berilgan bo‘lib, reja 115,3 foizga bajarilgan. Shundan 443,6 ming tonnasi (neft 136,3 ming tonna, gazkondensat 152,3 ming tonna, gazoyl 153,9 ming tonna, birlamchi benzin 1,1 ming tonna) import qilingan bo‘lib, belgilangan reja 121,5 foizga bajarilgan. Jami 1599,4 ming tonna uglevodorod xom ashyolari qayta ishlangan bo‘lib, reja 115,1 foizga bajarilgan.
Avtobenzin 874,9 ming tonna, Dizel yonilg‘isi 391,9 ming tonna, Aviakerosin 98,6 ming tonna, Mazut yoqilg‘isi 82,7 ming tonna hamda 79,5 ming tonna boshqa turdagi neft mahsulotlari ishlab chiqarilgan.
2020 yilda Buxoro NQIZ tomonidan respublikada ilk bor Yevro-4, 5 rusumidagi dizel yonilg‘isi ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Bundan tashqari, ushbu davrda zavod tomonidan QuWatt brendi ostida sifati yaxshilangan AI-95 rusumidagi avtobenzin ishlab chiqarilishi o‘zlashtirildi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan “Honeywell UOP” (AQSH) kompaniyasining litsenzion texnologiyalariga asosan Janubiy Koreyaning “SK Engineering & Construction” kompaniyasi tomonidan “Buxoro neftni qayta ishlash zavodini modernizatsiya qilish va qayta qurish” loyihasining loyiha oldi (FEED) hujjatlari ishlab chiqildi. FEED hujjatlariga asosan loyihaning umumiy qiymati 1,2 milliard dollarni tashkil etgan. Loyihaning dastlabki qiymati 678,5 million dollar qilib belgilangan.
–Buxoro neftni qayta ishlash zavodi respublika iste’molchilarini sifatli neft mahsulotlari bilan ta’minlagan holda neft mahsulotlari narxi barqaror bo‘lishi uchun xam xizmat qiladi, – deydi direktorning moliya va iqtisodiyot bo‘yicha o‘rinbosari O‘tkir Jumayev. –2022 yilda respublika iste’molchilarini avtobenzinga bo‘lgan talabi 1,3 million tonna bo‘lib, 2022 yil davomida “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan jami 835,2 ming tonna avtobenzin ishlab chiqarilishi, iste’molchilar talabining 65 foizini ta’minlaydi. Shundan 70 foizi O‘zbekneftgaz korxonalari tomonidan yetkazib beriladigan mahalliy xom ashyodan ishlab chiqariladi. Qolgan 30 foizga yaqini chetdan sotib olinadigan import xom ashyo hisobiga to‘g‘ri keladi. Chetdan sotib olinadigan import xom ashyosidan ishlab chiqariladigan neft mahsulotlarining tannarxi xom ashyo narxi va bojxona xarajatlari bilan birga narx shakllantirib yuqori oktanli benzin mahsulotlari ishlab chiqarilib, narx shakllantirilmoqda. Zavodning benzin ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish o‘rtacha 120-125 foizni tashkil qilmoqda.
Ishtirokchilar asosiy ishlab chiqarish sexining markaziy boshqaruv pultida texnologik jarayonning boshqarilish jarayonlariga guvoh bo‘ldi. Ta’kidlash joizki, ishlab chiqarish jarayonida Buxoro neftni qayta ishlash zavodi mahsulot sifatini nazorat qilishga alohida e’tibor qaratadi. Zavodda texnologik jarayonning har bir bosqichida majburiy laboratoriya sinovlari o‘tkaziladi. Zavodning markaziy tahlilxonasiga tashrif doirasida jurnalist va blogerlar benzinning oktan sonini aniqlash qurilmasiga katta qiziqish uyg‘otdi.
Press-turning asosiy maqsadi jurnalistlarni avtomobil benzini ishlab chiqarish bilan tanishtirishga qaratildi. Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob oldi.
[gallery-7559]
Zarif Komilov,
Tohirjon Istatov (surat), O‘zA