Buxoro jamoasi Rossiya robototexnika olimpiadasida kuchli o‘nlikdan joy oldi
FOTOREPORTAJ
Joriy yilning 1–3-iyul kunlari Rossiya Federatsiyasining Orenburg shahrida robototexnika sohasidagi nufuzli xalqaro tadbirlardan biri — Rossiya robototexnika olimpiadasi (RRO–2026) bo‘lib o‘tdi. Unda Buxoro viloyati vakillaridan iborat delegatsiya yurtimiz sharafini munosib himoya qildi.
Delegatsiya tarkibidan 10 nafar maktab o‘quvchisi hamda Buxoro davlat universitetining 2 talabasi o‘rin oldi. Ular “RobotsAndMe” o‘quv markazi va Buxoro davlat universiteti nomidan jami 7 jamoa tarkibida turli yo‘nalishlarda ishtirok etdi.
Mazkur yoshlar robototexnika sohasida bir necha yildan buyon muntazam bilim olib kelayotgan, respublika va mintaqaviy bosqichlarda yuqori natijalarni qo‘lga kiritgan iqtidor egalaridir. Ular mamlakatimizda o‘tkazilgan qator nufuzli chempionat va tanlovlarda g‘olib hamda sovrindor bo‘lib, xalqaro maydonda qatnashish huquqini qo‘lga kiritgan edi.
Rossiya robototexnika olimpiadasi har yili turli mamlakatlardan yuzlab iqtidorli yoshlarni bir maydonga jamlaydigan yirik musobaqa hisoblanadi. Unda ishtirokchilar robotlarni loyihalash, dasturlash, texnik muammolarga yechim topish, muhandislik g‘oyalarini ishlab chiqish va jamoaviy ishlash ko‘nikmalari bo‘yicha bellashadi.
[gallery-30310]
Buxoro viloyati vakillari uchun mazkur olimpiada xalqaro maydondagi ilk yirik sinov bo‘ldi. Shunga qaramay, yoshlar o‘z bilimi, amaliy ko‘nikmasi va tayyorgarlik darajasi bilan munosib ishtirok etdi. Sovrinli o‘rinlar qo‘lga kiritilmagan bo‘lsa-da, Buxoro jamoalari kuchli raqobat muhitida barcha yo‘nalishlar bo‘yicha bahs olib borib, kuchli o‘nlikdan joy olishga muvaffaq bo‘ldi.
Musobaqa davomida ishtirokchilarning tirishqoqligi, intizomi, mas’uliyati va yangilikka intilishi alohida e’tirof etildi. Robotlarni yaratish va dasturlash bo‘yicha taqdim etilgan loyihalar, texnik yechimlar hamda amaliy bilimlar hakamlar hay’ati, musobaqa tashkilotchilari va xalqaro ekspertlar tomonidan munosib baholandi.
Shuningdek, olimpiada yoshlarga turli davlatlardan kelgan tengdoshlari bilan tajriba almashish, zamonaviy texnologiyalar bilan tanishish va robototexnika sohasidagi yangi tendensiyalar haqida bilimlarini boyitish imkonini berdi.
Mutaxassislar ta’kidlaganidek, bunday xalqaro musobaqalarda ishtirok etish yoshlarda texnik bilim va ko‘nikmalar bilan birga jamoada ishlash, muammolarga tezkor yechim topish, tanqidiy fikrlash va innovatsion yondashuvlarni qo‘llash kabi muhim kompetensiyalarni ham shakllantiradi.
Ma’lumot uchun, “RobotsAndMe” o‘quv markazida robototexnika, dasturlash va muhandislik yo‘nalishlarida xalqaro standartlar asosida ta’lim berish yo‘lga qo‘yilgan. Markazda yoshlarning zamonaviy texnologiyalarni chuqur o‘zlashtirishi, amaliy loyihalar ustida ishlashi va xalqaro musobaqalarga tayyorgarlik ko‘rishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilgan.
Tohir ISTATOV (surat), O‘zA