Vatanimiz tarixidagi 16 fevral sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1220 yil (bundan 805 yil oldin) – o‘rta asr tarixchisi Juzjoniyning qayd etishicha, mo‘g‘ullar Buxoroni egalladi (ayrim manba va adabiyotlarda Buxoroning 10 fevral sanasida egallangani qayd etilgan). Shahar hali butunlay taslim bo‘lmagan edi. Go‘rxon boshliq 400 mudofaachilar qamalga olingan Buxoro arkida 12 kun davomida mo‘g‘ullarga qarshi qahramonona kurash olib bordi. Mo‘g‘ullar arkni zabt etish uchun barcha tadbirlarni qo‘llab ko‘rdi. Lekin hammasi bekor ketdi. Qal’a ichidagi barcha chuqurlar odam va hayvon mayitlari bilan to‘lib-toshgandan, qahramonlar jonlarini fido qilganlaridan keyingina ularning qarorgohi zabt etildi.
Akademik Abdulahad Muhammadjonovning yozishicha, bu jasoratli qarshilik uchun shahar aholisidan 30 mingdan ziyodroq kishi qurbon qilindi, qolganlari esa tabaqalariga qaramay qul qilindi. Movarounnahrning qadimiy markazlaridan hisoblangan Buxoro talon-toroj etildi. Shaharning zebi-ziynatlariga sahroyilar vahshiyona tashlandilar.
Buxoro qismatiga tushgan vahshiyona shafqatsizlik va nomussizlik manzarasiga chiday olmagan qozi Badruddin, Imomzoda Ruknuddin va uning o‘g‘li g‘azablanib, o‘zlariga teng bo‘lmagan yarog‘li dushmanga hujum qilib, halokat topdilar. Shunga qaramasdan, mo‘g‘ullar qilichidan omon qolib, shaharga yashiringan sulton askarlari o‘zlarining tungi hujumlari bilan Chingizxonni bezor qildilar.
Mo‘g‘ullar xoqoni bunday tungi jangchilarni ushlab berishni shahar ahlidan talab qildi. Ammo buxoroliklar g‘olibning buyrug‘ini bajarmay, ularni asrab turdilar va tungi hujumlariga yordam berdilar. Shundan keyin Chingizxon nihoyatda g‘azablanib, shaharga o‘t qo‘yib, uni yondirib yuborishga amr qildi. Aksari sinchli imoratlardan iborat bo‘lgan Buxoro bir necha kun davomida tag-tugiga qadar yonib kulga aylandi. Faqat tosh va pishiq g‘ishtlardan qurilgan masjid va saroylargina bu kultepa ichida qora tosh kabi do‘ppayib qoladi.
1425 yil (bundan 600 yil oldin) – Movarounnahrni idora qilayotgan Mirzo Ulug‘bek Mo‘g‘ulistonga qarshi yurish boshladi. Temuriylar hukmdori, otasi Shohrux Mirzo bu yurishni to‘xtatish maqsadida ikki marta Ulug‘bek Mirzoga elchilar yubordi. Ammo Ulug‘bek elchilarga javobda yurish haqidagi farmon allaqachon ovoza bo‘lgani, agar endilikda yurish to‘xtatilsa, dushman bizni kuchsiz ekan, deb gumon qilishi mumkin ekanligini bahona qilib, yurishni davom ettirdi.
1865 yil (bundan 160 yil oldin) – Qo‘qon xonligining bosh qo‘mondoni – amiri lashkar Alimquli rus bosqiniga qarshi kurashda yordam berishni so‘rab turk sultoniga elchi yuborgani haqida Rossiyaning Turkiyadagi elchisi Peterburgga ma’lum qildi.
1908 yil (bundan 117 yil oldin) – Toshkent shahar uchinchi uchastka pristavi Abdulla Avloniydan “Shuhrat” gazetasining butunlay to‘xtatilgani to‘g‘risida tilxat oldi. Ayni paytda, muharrir pristavga gazetaning 1-sonidan 10-sonigacha tahririyatda qolgan 1803 nusxasini, “Shuhrat”ni olayotgan 252 obunachining ro‘yxatini ham topshirdi. Xuddi shu tarzda “Shuhrat” bosilgan matbaaning egasidan ham gazeta to‘xtatilganidan ogoh bo‘lganligi haqida tilxat olingan.
1963 yil (bundan 62 yil oldin) – O‘zbekistonning sharqiy qismida joylashgan Sirdaryo viloyati tashkil etildi.
1973 yil (bundan 52 yil oldin) – arxivlarning hujjatlar tarkibi va jamlanishi masalasini qayta ko‘rib chiqish maqsadida “Respublika arxiv ishi holati va uni yanada yaxshilash chora-tabirlari to‘g‘risida” qaror qabul qilindi. Tarixchi Muxayo Isakovaning ma’lumot berishicha, mazkur qarorga asosan O‘zbekiston Kino, surat va ovozli hujjatlar Markaziy davlat arxivi qayta tiklandi va Toshkent viloyati davlat arxivi asosida alohida Toshkent shahri davlat arxivi tashkil etildi. Shuningdek, mahalliy boshqaruv organlari huzurida fuqarolarning ijtimoiy-huquqiy so‘rovlarini bajarish uchun alohida idoralararo xo‘jalik hisobidagi shaxsiy tarkib hujjatlari arxivlari tuzildi.
1997 yil (bundan 28 yil oldin) – Alisher Navoiy nomli Davlat akademik Katta opera va balet teatrida “Nasriddinning qiliqlari” birinchi milliy komik balet premerasi bo‘lib o‘tdi.
1999 yil (bundan 26 yil oldin) – Toshkent shahrining bir necha joyida kuchli portlashlar yuz berdi. Natijada begunoh kishilar halok bo‘ldilar. Yuzlab odamlar turli darajadagi og‘ir tan jarohatlariga uchradi. Bir qancha ma’muriy va turar-joy binolari jiddiy zarar ko‘rdi.
2006 yil (bundan 19 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2017 yil (bundan 8 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoni va “Islom Karimov nomidagi Ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasining ilmiy-tarixiy konsepsiyasi va ekspozitsiya loyihasini tayyorlash to‘g‘risida”gi qarori imzolandi.
2019 yil (bundan 6 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Urug‘chilik to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi. Ushbu Qonunning maqsadi urug‘chilik sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2019 yil (bundan 6 yil oldin) – Butunjahon intellektual mulk tashkilotining ijrolar va fonogrammalar bo‘yicha hamda mualliflik huquqi bo‘yicha shartnomalariga O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi to‘g‘risida qonunlar qabul qilindi.
2021 yil (bundan 4 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Xalqaro tijorat arbitraji to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi. Ushbu Qonun O‘zbekiston Respublikasi va boshqa davlat (davlatlar) o‘rtasida amalda bo‘lgan kelishuvlarga rioya etgan holda xalqaro tijorat arbitrajiga nisbatan qo‘llaniladi.
2022 yil (bundan 3 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tizimida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”, “O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy musiqa akademik litseyini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorlari imzolandi.
2024 yil (bundan 1 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublikada oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni imzolandi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi, O‘zA