Buxoro aeroportida o‘quv mashqlari o‘tkazildi
“Buxoro” xalqaro aeroportida aerodrom hududida aviahalokat yuz berganda avariya-qutqaruv ishlarini tashkil etish, yo‘lovchilar hamda ekipajga yordam ko‘rsatish bo‘yicha majmuaviy mashqlar o‘tkazildi.
Tadbir aeroport kuchlari tomonidan O‘zbekiston Yagona aviatsiya qidiruv-qutqaruv xizmati (YAAQQX) tarkibiga kirgan hamkorlik qiluvchi tashkilotlar ishtirokida tashkil etildi.

“Uzbekistan Airports” ma’lumotlariga ko‘ra, rejaga muvofiq, avariya-qutqaruv xizmati xodimlariga havo kemasi bortidagi shtatdan tashqari vaziyat haqida xabar qilindi va qutqaruv operatsiyalarini samarali tashkil etish bo‘yicha vazifalar qo‘yildi. Tashvish signalidan so‘ng aeroportning o‘t o‘chirish guruhi darhol uchish-qo‘nish yo‘lagida ko‘pikli doira hosil qildi va xavfsiz qo‘nishni muvaffaqiyatli tashkil etdi. Samolyot yerga qo‘nganidan so‘ng, shartli yong‘inni o‘chirish jarayonida voqea joyiga viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasining brigadalari ham jalb etildi. Ular alangani to‘liq bartaraf qilish ishlarini amalga oshirdi. Yo‘lovchilar xavfsiz hududlarga evakuatsiya qilindi, jabrlarganlarga esa aeroport hududida tashkil etilgan ixtisoslashtirilgan tibbiyot palatkalarida birinchi tibbiy yordam ko‘rsatildi.
O‘quv-taktik tadbirlar yakunida kamchiliklar aniqlandi va ularga barham berildi, xodimlar tayyorgarligining taktik-amaliy jihatlari muhokama qilindi. Barcha mas’ul rahbarlar tajriba almashib, aeroportning avariya-qutqaruv ta’minot tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar berdi.
Roman BONDARCHUK tayyorladi, O‘zA