
Xabar berganimizdek, 6 iyul kuni Xitoy Xalq Respublikasi Butunxitoy Xalq vakillari kengashi doimiy qo‘mitasi raisi Chjao Letszi boshchiligidagi delegatsiyaning mamlakatimizga tashrifi boshlandi.
Yuqori martabali mehmon Samarqand xalqaro aeroportida Oliy Majlis palatalari va viloyat rahbarlari tomonidan kutib olindi.
Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov bilan uchrashuv chog‘ida davlat rahbarlarining oqilona siyosati va samimiy munosabatlari tufayli O‘zbekiston – Xitoy munosabatlari tobora rivojlanib borayotgani qayd etildi. Buning natijasida mintaqaviy hamkorlik ham mustahkamlanmoqda. Xususan, ayni paytda Samarqand viloyati Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni, Shandun, Shensi, Fujian provinsiyalari va boshqa hududlar bilan faol hamkorlik qilmoqda. Mintaqaviy biznes forumlar o‘tkazish, delegatsiyalar tashriflari an’anaviy tus oldi. Ayni paytda xitoyliklar bilan birgalikda o‘nlab yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. Viloyatning Paxtachi, Narpay, Kattaqo‘rg‘on, Payariq, Qo‘shrabot tumanlarida kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlashda Xitoy tajribasidan foydalanilmoqda.
Chjao Letszi ikki davlat va hududlar o‘rtasidagi aloqalarni yanada rivojlantirish uchun imkoniyatlar kengligini qayd etib, Butunxitoy Xalq vakillari Kengashi hamkorlik ko‘lamini kengaytirishini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Butunxitoy Xalq vakillari kengashining doimiy qo‘mitasi raisi Chjao Letszi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov va Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari S.Safoyev hamrohligida Mirzo Ulug‘bek muzey-majmuasi, Registon maydoni bilan tanishdi. Mehmonga mazkur obidalarning yaratilish tarixi, ajdodlarimizning bunyodkorlik ishlari, ilm-fan rivojiga qo‘shgan hissasi haqida batafsil ma’lumot berildi.
[gallery-18157]
Chjao Letszi Buyuk ipak yo‘li chorrahasida joylashgan Samarqandning dunyo sivilizatsiyasida tutgan o‘rniga yuksak baho berdi. Bir necha asrlik tarixiy obidalar, qadimiy an’ana va qadriyatlarni asrab-avaylash borasida ayni paytda olib borilayotgan ishlarni e’tirof etdi.
– Tarixiy obidalarda bo‘lib bu zamin qadimdan Markaziy Osiyoning ilm-fan, madaniyat va savdo-iqtisodiy markazi bo‘lganligi bejizga emasligini angladim, – dedi Butunxitoy Xalq vakillari kengashining doimiy qo‘mitasi raisi Chjao Letszi. – Xitoy-o‘zbek do‘stlik, hamkorlik aloqalari qadimdan rivojlanganligi tarixiy manbalarimizda qayd etilgan. Keyingi yillarda davlat rahbarlarimizning tashabbuslari bilan hamkorligimizda yangi davr boshlandi. Bu istiqboldagi hamkorlik aloqalarini mustkahkamlashga imkon beradi.
Xitoy parlamenti delegatsiyasining tashrifi davom etmoqda.
G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA muxbirlari