Qadrli yurtdoshim, bilaman yer yuzining yarim aholisi, qariyb 4 milliard odam qatori bugun siz ham uyda oʻtiribsiz.

Qadrli yurtdoshim, bilaman yer yuzining yarim aholisi, qariyb 4 milliard odam qatori bugun siz ham uyda oʻtiribsiz. Koronavirusni yuqtirib olishdan Xudoning oʻzi saqlasin hammamizni. Uyda qoling!

Kompyuterda ishlang, televizor koʻring, kitob oʻqing. Eng asosiysi, imkoniyatdan foydalanib, oila aʼzolaringiz bilan miriqib suhbatlar quring.

Men sizga shukronalik haqida bir rivoyat aytib beraman. Chunki oilaviy gurunglar hamisha qiziqarli, mazmunli va foydali boʻlishi tarafdoriman.

Qadim oʻtgan zamonda, uzoq yurtlar tomonda bir podshoh boʻlgan ekan. Podshohning yakkayu yolgʻiz farzandi bor ekan. Kunlardan bir kuni shahzoda ogʻir xastalanib qolibdi. Mamlakat hakimlarining davolashga kuchi yetmapti.

Shunda podshohning amriga koʻra, munajjim yulduzlarga qarab fol ochipti. Emishki, bemor bolaga saltanatdagi eng shukronali insonning koʻylagini kiydirish kerak. Oʻshanda u bedavo darddan forigʻ boʻladi.

Podshoh munajjim boshchiligidagi choparlarni yurt boʻylab safarga yoʻllapti. Choparlar uzoq yoʻl yurib, koʻp sarson-sargardon boʻlishipti. Yurt qancha keng boʻlmasin, eng shukronali insonni topish oson emas ekan.

Balki saltanatning eng omadli amaldori eng shukronali insondir?

Choparlar navqiron vazirning huzuriga kelishipti.

- Aslida, oʻzimning shuncha bilimim, iqtidorim va imkoniyatlarim bilan allaqachon oʻng qoʻl vazir boʻlishim kerak edi. Men esa hali ham bor-yoʻgʻi bir vazirman. Shunga shukr qilaymi endi? - deb toʻngʻillapti amaldor va choparlarni ostonadan haydab yuboripti.

Mamlakatning eng boy odami eng shukronali inson boʻlsa ne ajab? Choparlar eng boy kishini yoʻqlab borishipti.

- Falon yurtdan toʻlib-toshib qaytgan qirq tuyali savdo karvonimdagi bitta tuya sahroda qolib ketgan, men esa qirq tuyaning moli uchun gʻaznaga soliq toʻladim, - diydiyo qilipti boy. - Agar oʻsha tuyani boʻrilar gʻajimaganida va soliq toʻlamaganimda, boyligim hozirgidan koʻra koʻproq boʻlardi. Shuning uchun shukr qilishim kerakmi?

Shu tariqa choparlar butun yurtni kezib, biron-bir shukronali zotni topolmay ortga qaytishipti. Togʻli soʻqmoqdan oʻtayotganlarida, chetdagi gʻor ichidan bir kishining nolasi quloqqa chalinipti:

- Ey, Xudojon, boringga shukr! Boshimga shuncha sinovlarni solganingga shukr! Sevgan bandalaring qatorida koʻrganingga ming bora shukr!

Choparlar boshligʻi boʻlmish munajjim gʻordagi kishidan tashqariga chiqib, oʻzini tanishtirishini soʻrapti.

- Ey, azizlar, qadamingizga hasanot! Yoʻqlab kelganingiz uchun shukr! Uzrim borki, men gʻordan chiqa olmayman.

Shunda choparlar gʻorga kirishipti. Ne koʻz bilan koʻrishsinki, gʻor toʻrida ikki qoʻli va ikki oyogʻi yoʻq nogiron bir odam yotgan emish. Egnida yupun va yirtiq koʻylakdan oʻzga libosi, yeyishga esa hech vaqosi yoʻq. Shunda ham tili shukronalikdan toʻxtamas ekan.

- Bizga koʻylagingizni bering, - depti unga munajjim. - Bu saltanat yumushi uchun zarur.

- Shu holimda ham saltanat ishiga yaroqli etganidan aylanay, Xudoyimga shukr! Marhamat, yechib oling, men mingdan-ming roziman.

Choparlar gʻordagi kishi bilan xayrlashib, saroyga kelishipti. Munajjim shukronali zotning koʻylagini kiydirishi bilan shahzoda sogʻayib ketgan ekan.

Ha, shukr va shukronalikda gap koʻp. Men ham xizmat vazifam yuzasidan doim el orasida yuraman. Yurtdoshlarimizning shukronalik soʻzlarini koʻp eshitaman. Nafaqat shukronalik soʻzlarini aytgan odamlarning, balki shu ezgu duolarni eshitganlarning ham ishi yurishadi, omadi chopadi, baxti butun va roʻzgʻori barakotli boʻladi.

Noshukrlarning noroziliklarini eshitganda-chi?..

Shukrki, yurtimizda bundaylar kam. Afsuski, yaqindagina shunday oz sonli noshukrlardan birining videolavhasi internetda tarqaldi. Ochigʻini aytganda, ushbu lavhani koʻrib, ancha vaqtgacha oʻzimga kela olmadim.

Aqli butun, zehni oʻtkir, tili burro yigit. Ammo, Xudo ato etgan shuncha fazilatini ezgulik oʻzaniga bura olmaganiga achinaman. Hech qursa, oʻzini va yaqinlarini boqishning ham evini qilolmaydi-da. Gapni esa, koʻrgan boʻlsangiz, ayamay sasitadi.

Roʻzgʻori ehtiyojmand oilalar roʻyxatiga kirganidan or-nomus qilmaganini qarang. Yana notanish yaxshi insonlarning xayr-ehsonini tarozida tortib koʻrdi-ya, uyatsiz.

Feʼlingdan top, degan gap bor. Uning shu koʻyga tushganiga albatta oʻzi, bedavo feʼl-atvori, gʻirromligi, noxolisligi, maydakashligi sababchi. Eng yomoni, noshukrligi tufayli uning biri ikki boʻlmaydi. “Boshingga ne balo yogʻsa, birovdanmas, oʻzingdan koʻr”, deb mashoyixlar bejiz aytmagan.

Bu akamiz oʻziga, oilasiga atalgan beminnat muruvvatni uyidagi tarozida oʻlchab, malomatlar qilmoqda. Bilmaydiki, el boshiga ish tushgan bugungi kunlarda hatto uyida tarozisi yoʻq roʻzgʻorlar vakillari ham imkon qadar xayriya ishlari bilan mashgʻul.

Bugun shunday himmatli tanishlarimdan biri bilan telefonlashib qoldim. Noshukrning vedeo-malomatidan bexabar ekan. “Telefonim ermak uchun emas, bu mening moltoparim”, dedi u.

Videoqurilma oʻrnatilmagan oddiy va arzon qoʻl telefonlari urfdan qolganiga ancha boʻlganini eslatmoqchi edim, ammo gapini boʻlmadim. Chunki kamtaru serhimmat doʻstim biznesi tobora yurishib, daromadi ortayotgani haqida shukronalik bilan soʻzlayotgan edi.

Shunday ekan, oramizda baʼzi insonlar Alloh taʼolo ato etgan neʼmatlarga shukr qilib, Uning yoʻlidan yurgan boʻlsa, yana baʼzi bir kimsalar Yaratganning bu neʼmatlarini tan olmay keladi.

Shukronalik va noshukrlik haqida muqaddas Qurʼoni Karimda ham quyidagi oyat keltirilgan “Qasamki, agar (bergan neʼmatlarimga) shukr qilsangiz, albatta, (ularni yana-da) ziyoda qilurman. Bordi-yu, noshukrchilik qilsangiz, albatta, azobim (ham) juda qattiqdir” (Ibrohim surasi 7-oyat).

Haqning soʻzi haqdir. Shunday ekan shukronali insonlarning roʻzgʻoriga doim baraka yogʻilib turadi. Noshukrlarning esa tilla baliqdan tilanib olgan togʻorasi ham teshik boʻlib chiqadi. Shuni hech kuzatganmisiz?..

Shuhrat NOMOZBOYEV,
Zomin tumani hokimi matbuot kotibi
Axborot xizmati rahbari

Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Burungi va bugungi rivoyat