"Bunyodkor"dagi moliyaviy vaziyat og‘ir — xayriya aksiyasi e’lon qilindi
"Bunyodkor" klubi va unga tegishli stadion atrofidagi moliyaviy vaziyat jiddiy tus olgan. O‘zbekiston Professional futbol ligasi tarqatgan ma’lumotda klubning bir qator yo‘nalishlarda katta qarzdorliklari mavjudligi qayd etildi.
Xususan, "Bunyodkor" sobiq futbolchilari Rivaldo va Itsuki Urata oldidagi majburiyatlari sabab FIFA tomonidan transfer taqiqiga ega.
Bundan tashqari, klub va stadionning ishchilar, soliq hamda kommunal xizmatlar oldida ham qarzlari mavjud. 2026-yilda o‘tkazilgan konsert dasturidan keyin stadion maydonining chimi qayta tiklangan.
Biroq PFL ma’lumotiga ko‘ra, endilikda chim yotqizish ishlarini bajargan kompaniya oldida ham qarzdorlik yuzaga kelgan. Moliyaviy muammolar yangi maydon holatiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Vaziyat elektr energiyasi bilan bog‘liq qarzlar ortidan yanada murakkablashgan. Elektr ta’minoti bo‘yicha qarzdorlik qariyb 2 milliard so‘mga yetgani va 4-sentabrdan stadion elektr tarmog‘idan uzilgani ma’lum qilindi.
Ayni paytda stadion bino va inshootlarini ijaraga berish orqali daromad olishga urinmoqda. Biroq yuzaga kelgan vaziyat fonida ayrim ijarachilar ham stadionni tark etish harakatiga tushgani bildirilgan.
DOMO ilovasining xayriya bo‘limi stadionda elektr ta’minotini tiklashga ko‘maklashish maqsadida mablag‘ yig‘ishni boshlagan. Istovchilar 1 000 so‘mdan boshlab o‘z imkoniyati doirasida xayriya qilishi mumkin.
"Pul o‘tkazish uchun havolaga kiring yoki ilovani yuklab oling va "Bunyodkor" stadioni bo‘limi orqali o‘z yordamingizni yetkazing", — deyiladi O‘zbekiston Professional futbol ligasi matbuot xizmati tarqatgan bayonotda.
O‘zA