“Bunyodkor”da murabbiylar shtabi tarkibi o‘zgardi
Bu haqda futbol klubining rasmiy saytida xabar berildi. Xabarda yozilishicha, superliganing 6-turi doirasida “Olimpiq” klubiga yutqazgan “Bunyodkor” klub tarixidagi eng yirik hisobdagi mag‘lubiyatga uchragan. (1:5).
Mazkur muvaffaqiyatsizlikdan keyin klub rahbariyati murabbiylar shtabi oldiga “Navbahor”ga qarshi navbatdagi bahsda g‘alaba qozonish vazifasini qo‘ygan. Garchi Namanganda mag‘lubiyatga uchralgan bo‘lsa-da, mezbonlar bilan bellashuvda “qaldirg‘ochlar” mazmunli o‘yin va munosib qarshilik ko‘rsata olganlaridan kelib chiqib, murabbiylar shtabiga yana imkoniyat berilgan edi. 11 may kuni Superliganing 8-turida “Metallurg” jamoasi bilan kuch sinashgan “Bunyodkor” yana muhim ochkolarni boy berdi.
Ushbu uchrashuvdan so‘ng klub prezidenti Mehriddin Abdullayev murabbiylar shtabidagi o‘zgarishlarni amalga oshirish bo‘yicha qaror qabul qildi.
Unga ko‘ra, bosh murabbiy Shuhrat Maqsudov, murabbiy Aram Ananyan va darvozabonlar murabbiyi Abdusattor Rahimov o‘z lavozimlarini tark etishdi. Shu kunga qadar bosh murabbiy assistenti bo‘lib ishlab kelgan Viktor Karpenko bosh murabbiy vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi. Anvar G‘ofurov bosh murabbiy assistenti lavozimiga o‘tkaziladigan bo‘ldi. Ruminiyalik mutaxassis Avgustin Chirita jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha mas’ul etib belgilandi.
“Bunyodkor” futbol klubi murabbiylar shtabidagi bo‘sh o‘rinlarga nomzodlarni ko‘rib chiqish Viktor Karpenko zimmasiga yuklatildi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA