Olmaliq shahridagi OTMK stadioni ayollar o‘rtasidagi Superkubok o‘yiniga mezbonlik qildi. Unda 2020 yilgi mavsum chempionatining oltin va kumush medallari sohiblari «Bunyodkor-W» hamda «Sevinch» jamoalari o‘zaro kuch sinashishdi.
Yettinchi marotaba tashkillashtirilgan mazkur bahsda kim g‘olib bo‘lsa Superkubokning eng ko‘p qo‘lga kiritgan jamoasi sifatida nom olardi. Bungacha olti marotaba o‘tkazilgan bahslarda atigi uchta jamoa qatnashgan va har uchalasi ham ikki marotabadan sovrin sohibi bo‘lgan – «Sevinch», «Metallurg-W» va «Bunyodkor-W». E’tiborli jihati, «qaldirg‘ochlar» keyingi ikkita o‘yinda ketma-ket zafar quchib kelayotgandi. Xo‘sh, bu gal sovrinni kim qo‘lga kiritadi – «Bunyodkor-W» muvaffaqiyatli yurishini davom ettiradimi yoki o‘tgan yili barcha sovrinlardan quruq qolgan «Sevinch» asosiy raqibidan munosib «o‘ch» ola biladimi?
[gallery-2012]
O‘yindan oldin bashoratlar «Sevinch» foydasiga ishlayotgandi. Sababi, o‘tgan yili «Paxtakor» safida legioner sifatida to‘p tepgan va tajriba bobida ancha-muncha nom qozongan ozarbayjonlik Ana Alekperova bu mavsumda qarshiliklar tarkibida faoliyatini davom ettirishni maqsad qilgandi. «Bunyodkor» tarkibida esa o‘tgan yil oxiriga kelib bir qator tajribali futbolchilarning jamoani tark etgani kuzatilgandi. Maxliyo Sariqova, Zumrad Nazarova, Feruza Turdiboyevaning yo‘qligi sezilishi aniq edi, buning ustiga eng mohir o‘yinchi Lyudmila Karachik jarohati tufayli maydonga tushishi gumon qilinayotgandi. Karachik jarohati tufayli ikki kun avval yakuniga yetgan mamlakat terma jamoasi yig‘inida ham ishtirok etolmagandi.
O‘yin kutilganidek qiziqarli, murosasiz va keskin kechdi. Ana Alekperova rostdan ham tajriba bobida ancha-munchasidan ustunligini isbotladi. Nilufar Qudratova bir necha bor toshkentliklar darvozasi yaqinida xavfli vaziyatlarni sodir etdi. Bu hisobda ham o‘z aksini topdi – qarshiliklar birinchi bo‘lim oxirlarida Malika Burxonovaning goli evaziga hisobni ochishdi ham.
Garchi hisobda ortda borsada «Bunyodkor-W” jamoasi ham raqiblariga munosib qarshilik ko‘rsatishdi. Betob deb bilganimiz Lyudmila Karachikning maydonda harakat qilishi jamoadoshlari ruhiyatini ko‘targani rost. Karachikning o‘zi necha bor xavfli vaziyatlar sodir etdi, raqib jamoasi darvozasini ishg‘ol etishga urindi. Harakatlar zoye ketmadi – 56-daqiqada Lyudmila baribir o‘z so‘zini aytdi – raqib darvozasini to‘pni boshi bilan urib ishg‘ol etdi.
Uchrashuvning asosiy vaqtida darvozalarga boshqa to‘p kiritilmadi. Belgilangan qo‘shimcha yarim soatlik vaqtda ham darvozalar daxlsizligi saqlab qolindi. Navbat penaltilar seriyasiga keldi. Bunda omad «qaldirg‘ochlar»ga kulib boqdi. Toshkentliklardan Dilrabo Asadovaning zarbasi darvoza to‘siniga tegib qaytgan bo‘lsa, qarshiliklardan Nilufar Qudratovaning zarbasida aniqlik yetishmadi, Laylo Shodiyevaning zarbasini esa Olga Qahhorova mohirona qaytarishga erishdi.
Uchrashuvdan keyin o‘yinning tashkiliy masalalarida kamchilikka yo‘l qo‘ymagan O‘zPFL rahbarlari avvaliga, an’anaga ko‘ra, uchrashuvni boshqargan hakamlarga esdalik sovg‘alar taqdim etdi, so‘ng g‘olib jamoaga Superkubokni tantanali ravishda topshirdi.
13 aprel, seshanba
BUNYODKOR-W – SEVINCH - 1:1 (0:1, 1:1, 0:0) penaltilar seriyasi 4:3
Olmaliq. OKMK sport majmuasi. 120 tomoshabin
Hakamlar: Edita Mirabidova, Kristina Sereda, Aleksandra Konchikova, Roziyabonu Yusupova
Nazoratchi: Marat Ismoilov
Komissar: Nigora Abidova
Gollar: Malika Burxonova, 39 (0:1), Lyudmila Karachik, 56 (1:1)
«Bunyodkor- W»: Olga Qahhorova, Yulduz Nabiyeva, Luiza Sadirova, Dilrabo Asadova, Kamola Risqiyeva, Umida Zoirova, Saida Galimova, So‘g‘diyona Allamurodova (Dildora Nozimova, 46), Lyudmila Karachik, Gulchehra Eshmamatova ( Nozima Ergasheva, 70), Marina Kosnikova
«Sevinch»: Maftuna Jonimqulova, Laylo Shodiyeva, Maftuna Shoyimova, Ana Alekperova, Shoira Qulto‘rayeva (Shaxrizoda Zaynitdinova, 89), Shodiya Tosheva, Angelina Polyugkevich, Feruza Boboxo‘jayeva, Malika Burxonova, Nilufar Qudratova, Laylo Tilovova
Ogohlantirishlar: Lyudmila Karachik, 38, Sogdiana Allamuradova, 45+2, Kamola Riskiyeva, 87 – Laylo Shodiyeva, 78, Maftuna Shoimova, 87, Shahrizoda Zaynitdinova, 98.
O‘zbekiston Superkubogi g‘oliblari
2015 – «Sevinch»
2016 – «Metallurg-W»
2017 – «Sevinch»
2018 – «Metallurg-W»
2019 – «Bunyodkor-W»
2020 – «Bunyodkor-W»
2021 – «Bunyodkor-W».
Oybek YUNUSOV, Muhammad AMIN (surat), O‘zA