Bunday munosabatga haqli emasmiz!
Qaysiki til mavjud ekan, o‘sha tilda so‘zlashuvchi xalq ham yashaydi.
Ona tilim – oltin beshigim
Qaysiki til mavjud ekan, o‘sha tilda so‘zlashuvchi xalq ham yashaydi. Ya’ni, ona tili yoki biror millatning tili ixtiro qilinmaydi, o‘ylab topilmaydi. Balki xalq tomonidan tarixiy taraqqiyot davomida yaratiladi va rivojlantiriladi.
Biz buyuk Turon xalqimiz. Tariximiz, madaniyatimiz, qadriyatlarimiz, jumladan, ona tilimiz – o‘zbek tili ham buyuk. Lekin tilimizning boy, azaliy va abadiy ekaniga yetarli baho berolmagan sho‘ro olimlari uning tarixini yaqin o‘tmishdan izladi. O‘zbek tili bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlarda ham uning ildizi va jahon tillari orasidagi ahamiyati haqida ko‘ngildagidek natijalarga erisha olinmadi.
Biz ona tilimizga qaytdik
Istiqlol tufayli milliy ma’naviyatimiz tiklandi. Tilimiz, dinimiz qaytdi. Urf-odat va an’analarimiz yanada mustahkamlandi. Xalqimizning ongu tafakkurida evrilishlar yuz berdi. O‘zligimizni anglay boshladik. Tarixiy xotiramiz tiklandi, kelajagimizni o‘zimiz belgilaydigan, yuksak marralarni orzu qilib, unga dadil intila oladigan dunyoqarashga ega bo‘ldik. Qarang, biz birgina mustaqillik tufayli nafaqat o‘z ona zaminimizni, balki boshqa juda ko‘p ma’naviy boyliklarimizni qayta topdik. Eng asosiysi, biz ona tilimizga qaytdik.
Faqat o‘zimizga mos va xos
Yaxshi bilamiz, ma’naviyatni shakllantiradigan asosiy omillar qatorida ona tili ham bor. Zero, ezgu fazilatlar ham inson qalbiga, avvalo, ona allasi, ona tilining betakror jozibasi bilan singadi.
O‘zbek bolasiga o‘zbekcha so‘zlar bilan tarbiya berilsa, o‘zbekona qadriyatlar, fazilatlar singdirilsa, u o‘zbekcha fikr yurita boshlaydi. Bu – o‘zbekona dunyoqarash deyiladi. Masalan, nemis bolasi nemischa, italyan bola italyancha, koreys bolasi koreyscha fikr yuritadi. Ularni kamsitmagan holda aytish kerakki, o‘zbek farzandlaridagidek ma’naviyatni, axloq-odob va tarbiyani boshqa xalqlarda uchratish juda qiyin.
Nima uchun? Chunki ularda o‘zbekona fazilatlar guldastasi yo‘q. Bizda faqat o‘zbek tilida yuritiladigan va boshqa tillarda muqobili bo‘lmagan shunday tarbiyaviy tushunchalar borki, ular millatimiz ma’naviy hayotida muhim ahamiyat kasb etadi. Masalan, mehr-oqibat, mehr-shafqat va qadr-qimmat kabi so‘zlarni shunchaki qaysidir tilga tarjima qilish mumkindir, ammo ovora bo‘lmang, baribir, hech qachon o‘zbek tilidagidek ruh bermaydi.
– So‘z milliy xususiyatga ega, – deb yozadi pedagogika fanlari doktori Muhammadjon Quronov. – Eshitilgan, o‘qilgan so‘z ma’nosi tinglovchi, o‘quvchi tushunadigan tilda bo‘lsagina, u xatti-harakatga, tuyg‘ularga ta’sir qilib, milliy madaniy muhitni tushunishga, unga moslashishga xizmat qiladi. Agar so‘z va uning milliy ma’nosi, mohiyati tushunarsiz bo‘lsa, u o‘quvchiga ta’sir ko‘rsata olmaydi va tinglovchi, o‘quvchi uchun ma’nosiz tovush bo‘lib qolaveradi.
Haqiqatan ham, odam o‘zi tushunmaydigan so‘zdan ta’sirlanmaydi, o‘z xatti-harakatini o‘zgartirmaydi. O‘zbek tarbiyasi mazmunidan joy olib, o‘zaro munosabatlarda namoyon qilinishi lozim bo‘lgan insoniy fazilatlarni ifodalovchi so‘z – signallar mavjud. Masalan, bir vaqtlar “tavoze”, “ibo”, “hayo”, “vijdon”, “mehr-oqibat” va boshqa shu kabi so‘zlar faol qo‘llanilgani milliy ma’naviyatimizning yuksak cho‘qqiga ko‘tarilganidan dalolat beradi. Lekin xalqimiz tarixining keyingi asrlarida sodir bo‘lgan mustamlakachilik, milliy fazilatlarning “qoloqlik”, “madaniyatsizlik ko‘rsatkichi”, “eskilik sarqiti” deya qadrsizlanishi yuqoridagi tushunchalarni o‘zbek maktabi darsliklari matnidan siqib chiqardi. Natijada milliy fazilatlar o‘quvchilarning ikkinchi signallar sistemasiga kiritilmagani tufayli boshqa tildagi so‘zdek, tushunarsiz qolaverdi.
“Insof” deganingiz nima?”
Misol tariqasida yozuvchi Ibrohim Rahimning kuzatuvlaridan bir parcha keltirsak: “... Ko‘pgina yoshlarimiz “Insof” nimaligini bilish u yoqda tursin, bu so‘zning o‘zini ham eshitmagandek, tushunmaydi.
Eski hovlimizning ro‘parasidagi o‘rta maktabning to‘polonchi o‘quvchisi o‘zidan kichik bolani do‘pposlaganida qo‘lidan ushlab, "insofing bormi, o‘zingdan kichik bolani urasanmi?" desam, anqayib qoldi. Shundan keyin boshqa bir necha boladan ham so‘radim. "Bunaqa mavzuni o‘tganimiz yo‘q, deb javob qilishdi. Shu voqeadan keyin maktablarda Insof darsini o‘tish kerak shekilli, degan xulosaga keldim.
Insofli bo‘lish haqida na uyda, na maktabda va na atrofdagilardan ta’lim olmagan ayrim yoshlar insofsizlik qilib qo‘yganini o‘zlari anglamayapti, anglasa ham uning xunuk oqibati – gunohi to‘g‘risida mutlaqo o‘ylamayapti".
Bu holat o‘zbek yoshlarini “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”dan joy olgan, insoniy fazilatlar, an’ana va urf-odatlarni ifodalovchi 1,5 mingdan ortiq so‘zlar (masalan, “odamgarchilik”, “insof”, “vijdonlilik”, “mehribonlik” va hokazo) bilan maxsus tanishtirb borishni taqozo qiladi. Aks holda bu so‘zlarning iste’moldan chiqib ketishi, natijada insonlarda shu nom bilan ataluvchi fazilatlarning yo‘qolib borishi xavfi kuchayishi ehtimoldan xoli emas.
Fikrimizcha, bu muammo bilan faqat filolog olimlar emas, balki pedagoglar va ijtimoiy-falsafa yo‘nalishi vakillari ham jiddiy shug‘ullanishi, kerak bo‘lsa, hamkorlikda ish olib borishi ijobiy natijalarni tezlashtiradi. Negaki, yuqoridagi kabi so‘zlar ro‘yxatini uzoq davom ettirish mumkin. Ularning aksariyati milliy ma’naviyatimiz bilan bog‘liq bo‘lgan mavhum otlar – fazilatlardan iborat. Mana ular: andishali, hayoli, iboli, insofli, ma’naviy uyg‘oq, or-nomusli, el-yurt tashvishini zimmasiga olgan, yurt tinchligi, Vatan ravnaqi va xalq farovonligiga daxldor, sabot-matonatli va hokazo.
Bizning bu holga tushishimiz o‘z fe’l-atvorimizdan
Biz milliy fe’l-atvorimiz – xarakterimizni o‘zgartirishimiz, ya’ni taraqqiy ettirishimiz lozim. Prezidentimiz “Milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari” ezgu g‘oyasi asosida bizni shunga da’vat qilmoqda.
Xalqimizda shunday fazilatlar borki, ularni yer yuzining boshqa hududidan, biror bir xalqdan topa olmaysiz. Agar o‘sha fazilatlarning barchasi har birimizda o‘z aksini topadigan bo‘lsa, dunyoda bizga yetar xalqning o‘zi bo‘lmaydi. Shunda haqiqatan ham rivojlanamiz, millatimiz yuksaladi.
Shu o‘rinda Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romaniga murojaat qilsak. Asar boshlanishida Otabek Ziyo shohichinikiga mehmonga borgani tasvirlanadi. U yerda Mirzakarim qutidor, Akram hoji, Homid, Rahmat, Hasanali, Ziyo shohichi va Otabek kichik majlis-mashvarat qiladi. Ana shu bahsga boy suhbatda Otabek Shamay safari, rusning hukumat yuritish usuli va o‘zi yashab turgan davlatning ahvoli haqida so‘zlab beradi. Shunda u rusnikidan-da qudratli davlat qurish mumkinligini aytgani va atrofidagilar sovuqqonlik bilan qarayotganini ta’kidlay turib, shunday deydi: “Darhaqiqat, mozoristonda “hayya alalfalah” xitobini kim eshitar edi”. Bunga javoban Ziyo shohichi bu gapni aytadi: “Bizning bu holga tushishimiz o‘z fe’l-xushimizdan”.
Butun asarning jamiki mazmuni ana shu so‘zlarga jamlangandek go‘yo. Bu bilan Abdulla Qodiriy xalqning befarq va loqayd bo‘lib qolgani natijasida birovlarga qaram, qul bo‘lib yashayotganini, agar shu xarakterini o‘zgartirmasa, taraqqiy etmasligini, balki bundan-da yomonroq ahvolga tushishini aytmoqchi bo‘lgan. Shu tariqa ma’rifatparvar adib o‘z xalqiga yetkazmoqchi bo‘lgan gapini aslida asar qahramonining tilidan aytgan edi.
Abdulla Qodiriy nima uchun shu asarni yaratdi? Pul topish uchunmi yoki obro‘ orttirish uchunmi? Yo‘q! Millatini, ona yurtini, jonajon xalqini adolatsiz, inson qadri bir tiyin bo‘lgan sho‘ro tuzumi zug‘umidan qutqarish uchun shunday qildi. Agar asarning ma’rifatparvar jadidlar birma-bir otilayotgan bir davrda yozilib, xalq e’tiboriga havola qilinganini e’tiborga oladigan bo‘lsak, bu misli ko‘rilmagan ma’naviy jasorat, betakror vatanparvarlik namunasi va cheksiz sadoqat belgisi edi.
Har bir yosh o‘z ona tilining rivoji, taraqqiyoti uchun ana shunday daxldorlik hissi bilan yashashi lozim emasmi?!
Millatga, xalqqa hurmatsizlik
Qaerda, qay holatda bo‘lishidan qat’iy nazar, o‘z ona tilimizga zarar bo‘ladigan xatti-harakatlardan tiyilishimiz zarur. Masalan, oramizda shundaylar ham borki, qaysi tilda so‘zlashayotganini tushuna olmay qolasiz. O‘zbekcha gapirganda boshqa tildagi so‘zlarni, boshqa tilda gapirganda o‘zbek tilidagi so‘zlarni qo‘shib gapiradi (albatta, internatsional so‘zlar bundan mustasno). Ijtimoiy tarmoqlarda esa o‘zlaricha yangi-yangi harflar o‘ylab topib, o‘zbek tilidagi so‘zlarni buzib yozishadi. Ya’ni “Chilonzor” emas, “4ilonzor” yoki “yaxshi” emas, “yaxwi”, “ishga” emas “iwga” yoki “to‘g‘ri” emas, “t6g’ri” va hokazo. Aslida bu holat tilgagina emas, o‘sha kishining o‘z shaxsiyatiga, millatga, xalqqa nisbatan hurmatsizlikdir.
O‘z ona tiliga e’tiborsiz odamni loqayd deb ataymiz. Loqaydlik esa eng og‘ir illatdir. Shuning uchun ham “Dushmanlardan qo‘rqma, nari borsa, ular seni o‘ldirishi mumkin. Do‘stlardan qo‘rqma, nari borsa, ular senga xiyonat qilishi mumkin. Befarq odamlardan qo‘rq, ular seni o‘ldirmaydi ham, sotmaydi ham, faqat ularning jim va beparvo qarab turishi tufayli yer yuzida xiyonat va qotilliklar sodir bo‘laveradi” degan so‘zlar shunchaki aytilmagan.
U bilan nafas olayapmiz
Bizningcha, eng avvalo, katta yoshlilar oilada, ta’lim muassasalarida, mahallada, mehnat jamoasida ona tilida to‘g‘ri so‘zlash va uni qadrlash borasida yoshlarga ibrat bo‘lishi zarur. Bu, ayniqsa, til va adabiyot fani o‘qituvchilaridan, ana shu o‘qituvchilarni tayyorlayotgan fakultetlardan, qolaversa, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti hamda O‘zbekiston Fanlar akademiyasining O‘zbek tili, adabiyoti va folklori institutidan beminnat faollik, yuksak daxldorlik va davomli fidoyilikni talab qiladi.
O‘zbek tili – millatimiz xazinasi. U mening, sizning, hammamizning bebaho boyligimiz, mislsiz qudratimiz. Ona tilimiz bilan onamizni tanidik, olamni angladik, odamni tushundik. Jismimiz, fikru zikrimizdagi har xislat, fazilat uning bilan qonimizga, jonimizga singdi. U bilan nafas olayapmiz, yashayapmiz, demak, u bilan tirikmiz. Shunday ekan, o‘zi ulug‘, kalomi qutlug‘ ona tilimizga bepisand munosabatda bo‘lishga, uni asramaslikka, mansabu maqomimizdan qat’iy nazar, hech birimiz haqli emasmiz.
Otabek BOZOROV,
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi
boshqarma boshlig‘i.