Bunda saboq ham, maroq ham bor
Maʼnaviyat – shunchaki soʻz emas.
Maʼnaviyat – shunchaki soʻz emas. U ruhan poklanish, qalban ulgʻayishdek ulugʻvorlikni baxsh etadi insonga. Shu orqali ajdodlarni avlodlarga, oʻtmishni bugunga, bugunni esa kelajakka bogʻlaydi. Bu yurtimizning barcha joylarida koʻtarinki ruhda oʻtkazib kelinayotgan “Maʼnaviyat festivali” da ham yorqin namoyon boʻlmoqda.
Andijon viloyatida ham mazkur festival maʼrifiy suhbatlar, maroqli uchrashuvlar, maʼnaviy saboqlar bilan qizgʻin tarzda boʻlib oʻtdi.
Andijon temir yoʻl vokzalida festival ishtirokchilari tantanali kutib olindi. Shundan soʻng festivalning oʻtkazilishiga oid matbuot anjumani oʻtkazildi. Unda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi xodimlari, hududiy boʻlim rahbarlari, targʻibotchilar hamda OAV xodimlari ishtirok etdi. Anjumanda festival doirasida oʻtkazilishi kutilayotgan loyihalar, konferensiyalar, maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar haqida maʼlumot berildi.
Festival doirasida Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati aʼzolari, ijodkor ziyolilar ishtirokida Andijon shahridagi “Bolalar shaharchasi” taʼlim muassasasi tarbiyalanuvchilari uchun maʼnaviy-maʼrifiy uchrashuv tashkil etildi.
Tadbirda maʼnaviyatning maʼno-mohiyati, milliy maʼnaviyatimizning qadimiy ildizlari, noyob va betakror namunalari, bugungi kundagi rivojlanish tamoyillari haqida soʻz yuritildi.
Jumladan, Oʻzbekiston xalq artisti Erkin Komilov, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artistlar Dono Boboxonova, Barno Qodirova hamda “Doʻstik” ordeni sohibasi Muhabbat Abdulleva bolajonlarga ilmu hunarli boʻlishning ahamiyati, kitob mutolaasi zavqi va fazilatlari haqida soʻzlab berdi.
Bir soʻz bilan aytganda, “Maʼnaviyat festivali”da saboq ham, maroq ham uygʻun boʻldi.