Bunaqasi bo‘lmagan: Tahririyat o‘z mablag‘iga bino qurdi
Salkam bir asrlik tarixga ega «Besharik tongi» gazetasi tumanning ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy taraqqiyoti solnomasi bo‘lib, bugun ham mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, yangilanish va o‘zgarishlar inson qadrini ulug‘lash, fuqarolar manfaatlariga xizmat qilayotganini targ‘ib etish va yosh avlodni ona Vatanga sadoqat, elu yurtga muhabbat ruhida tarbiyalashga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.
Bosib o‘tilgan shonli yo‘lga nazar tashlasak, tahririyat jurnalistlarining sermashaqqat, mas’uliyatli, ayni paytda ko‘ngilda faxr-iftixor tuyg‘ularini uyg‘otadigan fidoyi mehnatlarini his etamiz. Ularning tajriba va o‘gitlari yosh ijodkorlar uchun hayot maktabi bo‘lib xizmat qildi.
Beshariqliklar Oxunjon Isoqov, Sobirjon Asqarov, Eshqo‘zi Mullayev, Ilxomjon Siddiqov, Oltmish Usarov, To‘xtasin Jalolov, Qurbon Uzoqov, Qodirjon Mamatov, Adhamjon Boboyev, Gulomjon Soliyev, Ozodaxon Omonova, Abdujalil Bobojonov, Rahimjon Mirzakulov, Anvarjon Sayidaxmedov va boshqa o‘nlab yozuvchi, shoir va jurnalistlar nomi gazetani yodga soladi.
Bugungi kunda gazeta muassisi — Beshariq tumani hokimligi, shaxsan tuman hokimi Rasuljon Jo‘rayev, gazeta bosh muharriri Sobirjon Temirov va jamoaning sa’y-harakatlari tufayli 4180 nusxada chop etilmoqda.
«Besharik tongi» gazetasi ommaviyligi va davriyligi bo‘yicha viloyat shahar-tumanlari hokimliklari gazetalari orasida eng yuqori ko‘rsatkichga ega.
Vaqt o‘tishi bilan gazeta tahririyati binosi ma’nan eskirib, foydalanishga yaroqsiz holga kelib qolgan edi. Tuman hokimligining faol qo‘llab-quvvatlashi sababli gazetaning o‘z mablag‘i hisobiga tahririyat yangi binosi qurib bitkazildi.
Zamonaviy binoning loyiha-smeta qiymati 704 485 868 so‘m bo‘lib, uni «Sherxon invest qurilish one» mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari qisqa fursatda ko‘rkam va sifatli tarzda bunyod etishdi.
Yangi bino ochilishiga bag‘ishlangan tantanada viloyatdagi OAV jurnalistlari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.
So‘zga chiqqan Farg‘ona viloyat hokimligi Axborot xizmati rahbari Maxsudjon Sulaymonov, Beshariq tumani hokimining birinchi o‘rinbosari Turg‘unali Samatov, gazeta bosh muharriri Sobirjon Temirov jurnalistika rivoji uchun yaratilgan sharoitlar va Prezident qo‘llovidan ruhlanib mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni xolis yoritishda “Beshariq tongi” gazetasi ijodiy jamoasi yanada faollik ko‘rsatishini ta’kidladilar.
Muhammadjon Obidov, Muqimjon Qodirov (foto), O‘zA