Bunaqa libosda suratga tushishni orzu qilmagandik
Bu kiyimni qachon va qanday vaziyatda kiyish haqida talabaligimizda oʻrgatishgan.
Bu kiyimni qachon va qanday vaziyatda kiyish haqida talabaligimizda oʻrgatishgan. Keyin ayrim oʻquv mashgʻulotlari paytida, seminarlarda kiyib koʻrganmiz yoki shunga daʼvat qilishgan. Shunday vaqtlarda yarim soat-bir soatda bu kiyimda oʻtirish yoki yurishning qanchalik noqulay va qiyinligini his qilganmiz. Ammo hech qachon bir kun kelib shu kiyimlarda ishlashimizga toʻgʻri kelishini oʻylab koʻrmaganmiz, tasavvur ham qilmaganmiz.
Afsus, bugun ana shunday libosdamiz. Yurtimizda koronavirus pandemiyasi sababli karantin eʼlon qilingach, 27-martdan bizning muassasamizga ham infeksiya yuqtirgan kishilar bilan birlamchi muloqotda boʻlganlar, xorijiy davlatlardan qaytgan shaxslar, kasallikdan tuzalganlar joylashtirildi.
14 kundan shifoxonamizda “mehmon” boʻlganlar bugungacha ming nafardan oshib qoldi. Ularga oʻzimizning 30 nafarga yaqin shifokor va hamshiralarimiz, 5 nafar sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi xodimlari xizmat koʻrsatdi. Haftalab, oylab uyimizga bormasdan ishlashga majbur boʻldik.
Har 14 kunlik muddatdan keyin, karantinga olingan kishilarga javob berilganda xodimlarimizga ham uyiga borishga ruxsat bor edi. Lekin koʻpchilik karantindan keyingi vaqtni ham shu yerda oʻtkazishiga toʻgʻri keldi. Ota-ona, oila aʼzolarimizni sogʻinsakda avvalo, ularning salomatligini oʻylab shunday yoʻl tutishga majbur boʻldik. Oʻzim ham tez-tez onam bilan telefon orqali gaplashib, ularni, bolalarimni sogʻinganimni, bunday suhbatlashish baribir sogʻinchga malham boʻlolmasligini aytsam u kishi “Bolam biz sogʻ-omonmiz, bolalaring salomat, yeb-ichishida kami yoʻq, kasbing shunaqa, oʻzing va boshqalar salomatligiga javobgarsan” deb koʻngilga taskin berdilar.
Karantin muassasada ishlaganimiz uchun ish haqimizga 6 foizlik ustama berilgani, koronavirusga chalingan bemorlarga qaragan tibbiyot xodimlariga 5 milliondan 25 million soʻmgacha haq toʻlangani ham ogʻir vaziyatda bizga ancha dalda boʻldi.
Kuni kecha Prezidentimiz farmoni bilan bir guruh hamkasblarimiz davlat mukofotlari bilan taqdirlandi. Roʻyxatda Samarqanddan ham 10 nafar tibbiyot xodimi borligidan xursand boʻldik. Haqiqatan ham bugungi murakkab vaziyatda, boshqacha aytganda, koronavirusga qarshi “urush”da birinchi qatorda turgan tibbiyot xodimlarining mehnati qahramonlik, eʼtirofga munosib, deb oʻylayman.
Koʻpchilik “shifokorning vazifasi bemorlarga xizmat koʻrsatishda” deb aytishi ham mumkin. Toʻgʻri, bu bizning burchimiz. Ammo, oylab shifoxonada yashab, tunu kun xavfli kasallik bilan kurashish uchun ham kishida jasorat, odamlarga mehr boʻlishi kerak. Ana shunday zahmat chekib mehnat qilsangiz va bemor koʻz oʻngingizda sogʻayib, oilasi bagʻriga qaytayotganida “umringizdan baraka toping, qoʻlingiz dard koʻrmasin” deb chin dildan minnatdor boʻlsa, zahmatlaru charchoqlar ham sizni tark etgandek boʻladi.
Ilohim, bu “yov” tezroq chekinsin, yana avvalgidek, tinch-xotirjam yashash, ishlash barchamizga nasib qilsin.
Farhod BOTIROV,
Samarqand viloyati salomatlikni
tiklash shifoxonasi bosh shifokori