Buloqboshida qabristonlar obod bo‘lmoqda
Qabriston nafaqat insonning so‘nggi borar manzili, balki o‘zligini anglash, qalbida ajdodlarga hurmat, mehr-oqibat tuyg‘ularini shakllanishida muhim ahamiyat kasb etadigan muqaddas maskan hisoblanadi. Shu bois ham xalqimiz qadim-qadimdan qabristonni tabarruk bilib, uni obod qilishga alohida e’tibor qaratadi.
Buloqboshi tumanida dafn etish joylari, ya’ni qabriston va ziyoratgohlarni obodonlashtirish, atrof devorlarini yangilash, chiroqlar o‘rnatish, ko‘kalamzorlashtirish ishlari namunali tarzda amalga oshirilmoqda.
– Tumandagi mavjud qabristonlarni saqlash, obodonlashtirish, yanada fayzli go‘shaga aylantirish masalasiga alohida e’tibor qaratyapmiz, – deydi Buloqboshi tumani hokimi O‘tkirbek Ma’murov. – Bu orqali poklik, saranjom-sarishtalik ta’minlanmoqda, qolaversa, xalqimiz, ayniqsa, yoshlar ongida ajdodlar xotirasiga hurmat-ehtirom tuyg‘ulari mustahkamlanmoqda.
Joriy yil erta bahordan tumanning Qashqar mahallasidagi “Nayman”, “Paxtaobod”, Shirmonbuloq mahallasidagi “Shirmonbuloq”, Uchko‘cha mahallasidagi “G‘ishtxona”, “Abdurayim ota”, Buyuk Turon mahallasidagi “Bo‘taloq hoji” qabristonlarining atrof devorlari qaytadan sement g‘isht bilan o‘rash, tungi chiroqlar o‘rnatish, dafn etish jarayonida foydalaniladigan jihozlarni saqlash uchun alohida omborxonalar, qur’on tilovat qilish uchun maxsus joylar barpo etish ishlari olib borilmoqda.
Yuqoridagi kabi hayrli ishlar tuman hokimligi, homiylar mablag‘lari hisobidan, shuningdek, hashar orqali aholi tomonidan amalga oshirilmoqda.
[gallery-6665]
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat),
O‘zA