Rang-barangligi bilan ko‘zni quvontiruvchi bulg‘or qalampiri qon tomirlarini mustahkamlaydi, ortiqcha xolesterinni yo‘qotadi. Sabzavot – S vitaminiga serob. Mahsulot tarkibidagi V, RR va A vitaminlari immunitetni yaxshilaydi. Ular organizmdagi erkin radikallarni neytrallashtiradi. Bu esa onkologik kasalliklar profilaktikasida muhimdir.
Yurtimiz bozorlarida sariq va qizil issiqxona shirin (bulg‘or) qalampirining ulgurji narxlari keskin oshib ketishi ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘ldi. O‘rganishlar natijasida, joriy yilning 24 martidan 31 martigacha O‘zbekistonda issiqxona sariq bulg‘or qalampirining 1 kilogrammi ulgurji narxda o‘rtacha 58 ming so‘mdan 78 ming so‘mgacha sotilgani, bir hafta ichida 34 foizga oshgani aniqlangan. Poytaxtimizning «Yunusobod» va «Eski Juva» dehqon bozorlarida sotuvchilar avvalgi yillarda bulg‘or qalampirining narxi bunchalik yuqori bo‘lmaganini va bu yilgi holat yanvar oyida respublikamizda kuzatilgan keskin sovuq bilan bog‘liqligini ta’kidlagan.
Xo‘sh, bugun mamlakatimizda issiqxonalarda qancha bulg‘or qalampiri yetishtirilmoqda? Joriy yilda ushbu mahsulot bilan aholi ehtiyojini qondirish imkoniyati yetarlimi? Bulg‘or qalampirining narxi qachon barqarorlashadi?
Shu kabi savollar yuzasidan Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida xizmatlar ko‘rsatish agentligining Issiqxona xo‘jaliklarini rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Shavkat Azizov quyidagilarni ma’lum qildi.
– bugungi kunda respublikada 3 ming 188 ta issiqxona xo‘jaligi tomonidan jami 6 ming 300 gektar maydonda bulg‘or qalampiri yetishtirilmoqda, – deydi Sh.Azizov. – Joriy yilda issiqxona xo‘jaliklarida 500 gektarga yaqin yer maydonida shirin bulg‘or qalampirlari ekilgan. Ayni kunlarda bozorlardagi ushbu mahsulot narxining ko‘tarilish sabablaridan biri, yanvar oyida keskin sovuq bo‘lgani va o‘simlikning vegetatsiya davrida yetarli darajada issiqlik bilan ta’minlanmagani bo‘lib, sabzavot keskin sovuq ta’sirida stressga tushgan. Natijada yetishtirish davri 20-25 kunga kechikgan. Hozirda mamlakatimizdagi issiqxonalarda aholi ehtiyojini qondirish, ichki bozorlarni ta’minlash uchun yetarli miqdorda bulg‘or qalampirlari yetishtirilmoqda. Aprel oyining ikkinchi yarmida bulg‘or qalampirining narxi barqarorlashishi kutilmoqda.
Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, issiqxonalarda bulg‘or qalampirlarini yetishtirish 20 daraja issiqlikni talab qiladi. Agar harorat bundan pasayib ketsa, bulg‘or qalampirlari stressga tushib, uning rivojlanishi sekinlashadi. Mazkur sabzovot turi issiqlikni sevadi. Sovuq ob-havo sharoitida issiqxonada bulg‘or qalampirini yetishtish bir muncha murakkab jarayonlarni keltirib chiqaradi.
Bulg‘or qalampiri issiqxonada yetishtirilganda undan ikki marotaba hosil olish mumkin. Uning ko‘chati yanvar oyida ekilsa, avgust oyiga borib, novdasi sindiriladi va ikkinchi marotaba hosil yetishtiriladi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA