Bukmekerlik faoliyatidan ogoh bo‘ling
Bukmekerlik faoliyati noqonuniy ekanligiga qaramay, onlayn-bukmekerlik bozori internet tarmoqlari orqali faol rivojlanib bormoqda. Mamlakatimizda mazkur faoliyat noqonuniy hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi xodimlari muntazam ravishda internet tarmoqlarida joylashtirilayotgan reklama ma’lumotlarining reklama to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga muvofiqligini o‘rganib bormoqda.
O‘tgan davr mobaynida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan birgalikda 10 dan ortiq noqonuniy faoliyat yurituvchi saytlarga kirish cheklandi.
O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksining 191-moddasi (Qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlar) shuningdek, Jinoyat Kodeksining 278-moddasi (Qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil etish hamda o‘tkazish)ga binoan bu turdagi faoliyat hali ham noqonuniy hisoblanadi. Shu bilan birga, «Reklama to‘g‘risida»gi Qonunning 6-moddasiga ko‘ra reklamada ishlab chiqarilishi yoki realizatsiya qilinishi qonunchilik bilan taqiqlangan mahsulot to‘g‘risidagi axborotni, jumladan, totalizator va bukmekerlik idoralari haqidagi ma’lumotlarni tarqatish taqiqlanadi.
Maftuna KARIMOVA, O‘zA